Toshkent shahrida katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilgan «Innoprom. Markaziy Osiyo» Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi so‘nggi kunlarda butun dunyo jamoatchiligining e’tiboriga tushdi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Garchi, mazkur nufuzli anjuman nomi va taklif etilgan ob’ektlar tarkibiga ko‘ra, nisbatan cheklangan geografik hududni nazarda tutgan bo‘lsa-da, amalda yer yuzining barcha mintaqalaridan yirik kompaniyalar, tadbirkorlar va ekspertlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Ma’lumotlarga qaraganda, “Innoprom” maydonida asosiy ishtirokchilar – Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mintaqasi vakillaridan tashqari Yevropa Ittifoqi, Sharqiy va Janubi-sharqiy Osiyo davlatlaridan ham, jami 5 000 dan ziyod qatnashchi, 200 ga yaqin kompaniyaning biznes mutaxassislari ro‘yxtadan o‘tgan. Shu ma’noda tadbir tafsilotlari jahon ommaviy axborot vositalarida keng yoritilayotgani tabiiy hol.
Xususan, Janubiy Koreya matbuoti ham ushbu sanoat ko‘rgazmasiga alohida e’tibor qaratdi. Mamlakatdagi yetakchi nashrlardan biri - «The Korea Post» jurnali yozishicha, anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad investitsiya, sanoat, savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sishiga qo‘shimcha turtki berish uchun mushtarak manfaatlar kesishadigan nuqtalarni kashf etish, o‘zaro manfaatli loyihalar sonini ko‘paytirish niyatida hududlar va mamlakatlar o‘rtasida muloqot o‘rnatish bilan izohlanadi.
- Xalqaro ko‘rgazma doirasida O‘zbekistondagi turli tarmoqlarning investitsiya va sanoat salohiyati taqdim etildi, sanoat ishlab chiqarishi va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning asosiy masalalarini qamrab olgan o‘quv sessiyalari, shuningdek, V2V aloqalar birjasi tashkil etildi, deb yozadi «The Korea Post». - Ayrim tadbirlar O‘zbekiston hududlari ma’muriyati va ko‘rgazmada qatnashayotgan mamlakatlar sanoat kompaniyalari o‘rtasida munosabat o‘rnatishga qaratilgan. Namoyish etilgan innovatsion sanoat ishlanmalari va yirik ishlab chiqaruvchilar mahsuloti, bir qator milliy, mintaqaviy va korporativ stendlar mavjud imkoniyatlar ko‘lamini aks ettirdi.
G‘.Xonnazarov,O‘zA