French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubiy Koreya bilan sport ta’limidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda
20:20 / 2026-02-10

Sport ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, mamlakatimizda mahoratli sportchilarni tayyorlashda xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasidan samarali foydalanish, shuningdek investitsiya mablag‘larini jalb etish bugungi kunda ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.

Mazkur maqsadlardan kelib chiqqan holda Janubiy Koreya oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va sport sohalarida hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda sarmoyalarni jalb etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Xususan, Janubiy Koreya tomonidan ajratilgan sarmoya mablag‘lari hisobidan O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida zamonaviy taekvondo majmuasini barpo etish rejalashtirilgan bo‘lib, ayni maqsadda dastlabki investitsiya mablag‘lari universitet hisobiga kelib tushgan. Ushbu majmua foydalanishga topshirilganidan so‘ng kelgusida professional va yosh sportchilar uchun yuqori saviyadagi o‘quv-mashg‘ulot bazasi bo‘lib xizmat qiladi.

Ayni kunlarda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori R.Matkarimov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreya davlatida xizmat safarida bo‘lib, mavjud hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash va ularni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qator uchrashuvlar o‘tkazmoqda.

Safar doirasida Janubiy Koreyaning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan ta’lim va sport sohalarida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan amaliy muzokaralar olib borildi.

Jumladan, Kukkiwon — Butunjahon taekvondo assotsiatsiyasi, Geongsang Milliy universiteti, shuningdek Taekvondo sport turini targ‘ib qilish markazi rahbariyati bilan universitet delegatsiyasi va yetakchi olimlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etildi.

Muloqotlar davomida O‘zbekistonda olimpiya sport turlarini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar ko‘lamini yanada kengaytirish, talabalar va sportchilar almashinuvi dasturlarini yo‘lga qo‘yish, shuningdek Kukkiwon akademiyasida o‘tkaziladigan trening va seminarlar doirasida professional hamda yosh sportchilar uchun o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish masalalari bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Muzokaralar jarayonida yangi O‘zbekiston qiyofasini yaratish borasidagi izchil islohotlarga Janubiy koreyalik olimlar tomonidan yuqori baho berildi. Hamkorlik aloqalari mamlakatlar o‘rtasida sport ta’limi va olimpiya sport turlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA