Janubiy Koreya mudofaa vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, mamlakat Qurolli kuchlari shaxsiy tarkibi so‘nggi olti yilda 20 foiz qisqarib, hozir 450 ming nafarni tashkil qilmoqda. Buning asosiy sababi tug‘ilish darajasi keskin pasayishi bilan bog‘liq: 2024 yil bu ko‘rsatkich atigi 0,75 nafar bo‘lib, dunyodagi eng past daraja hisoblanadi.
Ushbu davlatda harbiy xizmat majburiy bo‘lib qolmoqda, chunki mamlakat yadroviy qurollangan Shimoliy Koreya bilan hanuz texnik jihatdan urush holatini boshdan kechirmoqda. Tadqiqotga ko‘ra, KXDRning 1,3 millionlik armiyasiga qarshi mudofaa uchun Koreya Respublikasiga kamida 500 ming askar zarur.
Hozir harbiy bo‘linma soni 2006 yildagi 59 tadan 42 taga tushgan. Shu bilan birga Seul harbiy byudjetni oshirmoqda: 2025 yil uchun mudofaa xarajati 43 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Shimoliy Koreya yalpi ichki mahsulotidan ham ko‘p.
Mamlakatda har qanday sog‘lom erkak 18 oy xizmat qilishi shart. Binobarin, bunday tizim yoshlar karerasiga salbiy ta’sir qilishi to‘g‘risidagi bahs to‘xtamayapti. Ayrim konservativ siyosatchilar ayollarni ham xizmatga chaqirishni taklif qilmoqda. Demografik inqiroz davom etsa, Janubiy Koreya aholisi 60 yil ichida teng yarmiga kamayib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA