Janubiy Afrikada koronavirus holati yana ko‘payib borishiga yangi shtamm paydo bo‘lgani sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Virus mutatsiyaga uchragan bo‘lishi mumkin, kasallik ayniqsa yoshlar orasida tez tarqalyapti.
Mamlakatning aholi gavjum Guanteng tumanida aniqlangan yangi shtamm butun dunyoni hushyor torttirdi. Yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassislar fikricha, bu tur ham “Delta” kabi xavfli.
Olimlar ta’kidlashicha, virusning inson organizmiga ehtimoliy ta’sirini aniqlash uchun muayyan vaqt kerak. Zero, virus hali rivojlanishda davom etmoqda va mutant o‘zgarishi ilgari taxmin qilinganidan ko‘ra ko‘proq o‘tkazuvchan yoki halokatli bo‘lishi mumkin.
B.1.1.529 sifatida aniqlangan yangi koronavirus Janubiy Afrikadan kelgan sayohatchilar orqali Botsvana va Gonkongga ham tarqalgan.
Yangilangan infeksiya to‘lqini qo‘rquvidan xavotirlangan Britaniya hukumati allaqachon Janubiy Afrika va qit’aning janubiy qismidagi 5 davlatga parvozni taqiqladi. Shuningdek, ushbu mamlakatlardan yaqinda kelgan har bir kishiga COVID-19 testi topshirish shartini joriy etdi.
Virus variantining mamlakatda tarqalishini kuzatgan Janubiy Afrikadagi Genomik kuzatuv tarmog‘i a’zosi Tulio de Oliveyra bu haqda shunday dedi: "Qattiq mutatsiyaga uchragan ushbu yangi shtamm aholi orasida juda tez tarqalayotganini kuzatish mumkin. Kelgusi bir necha kun va haftada bemorlar soni yana oshadi. Variantning 100 ta butun genomini o‘rganayotgan olimlar yaqin kunlarda natijaga erishishini kutyapmiz.
Kembrij universiteti mikrobiologiya klinikasi professori Ravindra Gupta B.1.1.529 nomi bu yangi shtamm haqida gapirarkan, “ko‘p sonli mutatsiyaga, o‘tkazuvchan xususiyatga egaligi, immunitetga ta’sir qilishi”ni aytgan.
Virus ko‘payishiga aynan yangi shtamm sababmi yoki yo‘qmi, hali uzil-kesil izohlanmagan bo‘lsada, Guptaning so‘zlariga ko‘ra, "shunday ekanligi ehtimoli yuqori".
Janubiy Afrikada COVID-19 holati o‘tgan hafta keskin ko‘paydi. Har kuni 200 dan ortiq, chorshanba kuni esa, to‘satdan, 1 200 dan ziyod yangi holat qayd etildi. Payshanba kuni kasallanish ko‘rsatkichi 2 465 ga chiqdi. Yuqori o‘sish sur’ati Pretoriya va yaqin atrofdagi Tshvan metropoliteni hududida, jumladan, universitet talabalari orasida kuzatilgan.