Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubi-sharqiy Osiyoning durdonasi - Kota- Kinabaluda hayot qanday?
13:50 / 2026-03-09

Malayziya Janubi-sharqiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan davlatlaridan biri bo‘lib, ko‘p millatli jamiyati, barqaror iqtisodiyoti va ochiq turizm siyosati bilan ajralib turadi.

Mamlakat hududi Malakka yarim oroli hamda Borneo orolini qamrab olgan bo‘lib, tabiiy boyliklar, tropik o‘rmonlar va sohilbo‘yi shaharlar uni xalqaro sayyohlik bozorida muhim ishtirokchiga aylantirgan.

So‘nggi yillarda Malayziya boshqa davlatlar qatorida O‘zbekiston bilan ham hamkorlikni izchil mustahkamlab bormoqda. Ayniqsa, iqtisodiy, turizm sohalari ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarning eng faol yo‘nalishlaridan biridir. O‘zaro sayohatlar geografiyasining kengayishi, aviaqatnov imkoniyatlarining ortishi va turoperatorlar o‘rtasidagi hamkorlik loyihalari bu jarayonga turtki bermoqda.  

Madaniy yaqinlik, musulmon sayyohlar uchun qulay sharoitlar, halol turizm infratuzilmasining shakllangani ham o‘zbekistonlik sayohatchilar uchun Malayziyani jozibador manzilga aylantirmoqda.  

Shu bilan birga, malayziyalik sayyohlar uchun ham O‘zbekistonning tarixiy shaharlari va ziyorat turizmi yo‘nalishlari katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Malayziya hukumati so‘nggi yillarda turizmni strategik tarmoq sifatida qo‘llab-quvvatlab, infratuzilmani modernizatsiya qilish, havo qatnovlarini kengaytirish va xalqaro brendni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratmoqda. Shu bois, mamlakat nafaqat dam olish, balki ishbilarmonlik va ta’lim turizmi yo‘nalishlarida ham jozibador hisoblanadi.

Ana shunday tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik samarasida joriy yilning 2-9-mart kunlari "AirAsia X" kompaniyasi tomonidan "Tourism Malaysia" tashkiloti hamkorligida bir guruh o‘zbekistonlik jurnalistlar uchun Malayziyaga press-tur tashkil etildi.  

Safar turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va mamlakatning sayyohlik salohiyatini yaqindan namoyish etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.

[gallery-27976]

Kota-Kinabalu shahri bilan tanishuv

Kota-Kinabalu Sabah shtati poytaxti bo‘lib, Malayziyaning Borneo oroli qismida joylashgan. Ushbu shahar tropik iqlimi, musaffo havosi va osoyishta turmush tarzi bilan ajralib turadi. Yil davomida o‘rtacha harorat 25-32 daraja atrofida bo‘lib, tabiat va zamonaviy shaharsozlik yechimlari bir-birini tabiiy tarzda to‘ldirib turadi.

Kinabalu tog‘i ushbu shaharning eng mashhur tabiiy ramzi bo‘lib, uning balandligi 4095 metrni tashkil etadi. U YUNESKO merosi ro‘yxatiga kiritilgan milliy bog‘ hududida joylashgan bo‘lib, alpinizm va ekoturizm qiziquvchilari uchun mashhur manzil.

Tunku Abdul Rahman parki ham mazkur shahar yaqinidagi milliy maskan sanaladi. U 3-8 kilometr masofadagi beshta oroldan iborat bo‘lib, bugungi kunda Malayziyaning birinchi bosh vaziri Tunku Abdul Rahman nomi bilan ataladi. Parkning orollari tabiiy go‘zalligi va plyajlari bilan mashhur. Dengiz va marjon qoyalari suv sporti, snukling va dayving uchun jozibali joy sanaladi.

Parkda o‘simliklar, hayvonlar va dengiz ekotizimlari muhofaza qilinadi. Kota - Kinabalu markazidan qayiq yo‘li bilan boriladi. Tunku Abdul Rahman parki tabiat, plyajlar va suv faoliyatlari uchun mashhur ekoturizm zonasi.

Kota-Kinabalu ta’lim sohasida ham muhim o‘rin tutadi. Universiti Malaysia Sabah xalqaro talabalarni qabul qiladigan nufuzli oliy ta’lim muassasasi sifatida tanilgan.  

Iqtisodiyotning asosiy tarmoqlari turizm, xizmat ko‘rsatish, baliqchilik hamda neft va gaz sanoati bilan bog‘liq. Shu jihatdan shahar nafaqat sayyohlik, balki ishlash va o‘qish uchun ham qulayliklarga ega.

E’tiborli jihati,  bu yerda 30 dan ortiq mahalliy etnik guruhlar istiqomat qiladi va 150 dan ziyod lahjalarda so‘zlashiladi. Ana shu xilma-xillik bilan birga, Sabahning har bir tumani o‘ziga xos xususiyatlarga ega.

Sabahda sokin qishloqlar va shaharchalar bilan bir qatorda rivojlanib borayotgan shaharlar ham bor. Uning bio-madaniy xilma-xilligi etnik qabilalardan tortib, tabiiy manzaralargacha  betakror.

Ochiq osmon ostidagi muzey yoxud Malayziya milliy taomlari

Ochig‘ini aytish kerakki, har bir davlat xalqi o‘z an’analarini qadrlaydi va ularni avlodlarga yetkazishni burch deb biladi. Shu kabi tarixiy an’analarini saqlash ularning muhim vazifasidir.

 Kota-Kinabalu shahri yaqinida joylashgan "MariMari Cultural Village" muzeyini tomosha qilish chog‘ida bunga yana bir bor amin bo‘ldik. U mamlakatning mashhur madaniy-turistik maskanlaridan biri hisoblanadi. Mazkur madaniy qishloq 1996-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u Borneo orolida yashovchi mahalliy xalqlarning turmush tarzi, urf-odatlari va an’analarini namoyish etuvchi ochiq osmon ostidagi muzey sifatida faoliyat yuritadi.

Maskan Kota-Kinabalu shahridan taxminan 20-30 daqiqalik masofada joylashgan. Bu yerda Sabahda istiqomat qilgan kadazan-dusun, rungus, lundayex, bajau va murud xalqlarining an’anaviy uylari va hayot tarzi aks ettirilgan.

Turistlar qishloq bo‘ylab ekskursiya davomida bambuk yordamida olov yoqish, qadimiy ov usullari, mahalliy taomlar tayyorlash jarayoni bilan tanishishi mumkin. Shuningdek, mehmonlarga milliy raqslar va madaniy chiqishlar namoyish etish ham muzey faoliyatining asosiy dasturidan o‘rin olgan.

Maskan mutaxassislarining ta’kidlashicha, mazkur madaniy qishloqning asosiy maqsadi Borneo mahalliy xalqlarining boy madaniy merosini asrab-avaylash hamda uni xalqaro sayyohlarga keng targ‘ib qilishdan iborat.

Bu boylik tarix va an’analar bilan uyg‘unlashgan bo‘lib, san’at, musiqa va taomlar asnosida ham an’anaviy, ham zamonaviy shaklda namoyon bo‘ladi.

Umuman olganda, ochiq osmon ostidagi muzey ushbu hududda yashovchilarning faxri hisoblanadi.

Shuni alohida aytish kerakki, malay milliy taomlari o‘ziga xos. Ehtimol, bu shu hudud iqlimi bilan bog‘liq. Biroq ular Markaziy Osiyo xalqlari tanovul qiladigan ovqatlardan ancha farq qiladi.  

Press-tur ishtirokchilariga shahar bo‘ylab hamrohlik qilgan mahalliy gid Dani Matiasning ta’kidlashicha, Kota-Kinabalu dengiz mahsulotlari bilan mashhur. Restoran va bozorlarda yangi ovlangan baliq, qisqichbaqa, kalmar va boshqa dengiz ne’matlari taklif etiladi.  

-Dengiz oshxonasi tabiiyligi va boy mazasi bilan ajralib turadi. Malay milliy oshxonasi xushbo‘y karri, kokos suti qo‘shilgan taomlar va ziravorlarga boy retseptlari bilan mashhur.  

Shu bilan birga, shaharda ispan, tailand, italyan kabi oshxonalar ham faoliyat yuritadi. Men yurtingizga bormaganman. Lekin O‘zbekistonda sayohat qilish, uning tarixi, milliy madaniyati va taomlari haqida ma’lumotga ega bo‘lish istagim bor. Hamkorligimiz mustahkamlanaversin, - deya ta’kidladi u.

E’tiborli jihati, Kota-Kinabalu turli madaniyat va an’analarni bir hududda uyg‘unlashtirgani bilan sayyohlar qiziqishini oshirmoqda.

Mutaxassis bilan suhbat

Keyingi paytda Malayziyaning Sabah shtati O‘zbekiston bilan sayyohlik sohasida hamkorlikni mustahkamlashga katta e’tibor qaratmoqda. Hozirgi kunda esa bu borada dadil qadamlar tashlangan.

Sabah turizm, madaniyat va atrof-muhit vazirligining Turizm kengashi marketing menejeri Zarinah Amiludin xonimning ta’kidlashicha, 2025-yilda 3,7 million nafar xalqaro va mahalliy sayyoh mazkur shtatga kelgan. Biroq Markaziy Osiyo davlatlaridan keluvchilar ko‘pchilikni tashkil etmaydi. O‘tgan yil sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekistondan kelgan sayyohlar soni 300 nafarga yaqin.

-Shu bilan birga, Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekistondan Sabahga ko‘proq sayyohlarni qanday jalb qilishni ham o‘rganyapmiz. Menimcha, sayyohlarga orollarimiz juda yoqadi. Shuningdek, mehmonxonalar va kurortlar ham.

Bir vaqtning o‘zida, Markaziy Osiyo sayyohlari uchun qaysi taomlar mos kelishini ham o‘rganyapmiz. 

Biz Malayziya turizm tashkiloti bilan yaqin hamkorlikda ishlayapmiz. Shuningdek, agentliklar bilan hamkorlik qilib, ushbu bozorni qanday rivojlantirish masalasi bizning ustuvor vazifamizga aylanmoqda. Maqsadimiz mazkur yo‘nalishni rivojlantirish va shu orqali ko‘proq sayyohlarni jalb qilish, Sabah imkoniyatlari haqida kengroq ma’lumot berishdir.

Yana bir jihatni aytishni istardimki, Malayziya xavfsiz mamlakat.

Turistik ob’ektlar kechgacha ishlaydi, sayyohlar kechasi ham sayr qilishadi va bu muammosiz kechadi.  

Shuningdek, maslahat xizmati ham mavjud. Turizm bo‘yicha murojaat qilish uchun maxsus liniya ishlaydi. Bu chat-bot shaklida bo‘lib, uni rasmiy sayt yoki kirish joylarida topish mumkin. Aeroportlarda QR-kodlar ham bor. Ularni skaner qilib, eng yaqin shifoxona yoki politsiya bo‘limi haqida ma’lumot olish mumkin.

Ahamiyatlisi, Sabah tabiati, orollari, milliy udumlari bilan Malayziyaning boshqa shtatlaridan ajralib turadi, - dedi u.

Muxtasar aytganda, Sabahning Kota-Kinabalu shahri bilan tanishuvimiz taassurotlarga to‘la bo‘ldi. Tabiati, odamlari, an’analari va taomlaridan hayratlandik.  

Shahar tom ma’noda Malayziyaningturizm salohiyatini to‘liq namoyon etadigan, xalqaro mehmonlar uchun qulay va ochiq muhityaratgan ekohudud ekaniga amin bo‘ldik.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Malayziya, Kota-Kinabalu.