Shu kunlarda Janubi-sharqiy Osiyoda mavsumiy yomg‘ir va tropik to‘fon mintaqa aholisi uchun haqiqiy ofatga aylanmoqda. Ayniqsa, infratuzilma izdan chiqayotgan mamlakatlar iqtisodiyoti mislsiz talofat ko‘rmoqda. Hosildor yerlar suv ostida qolgan. Keng ko‘lamli toshqin va ko‘chkilar tufayli yuzlab odam halok bo‘lyapti, o‘n minglab oila uysiz qolyapti. Yo‘qolganlarni qidirish davom etmoqda.
Indoneziyaning Sumatra orolida vaziyat juda og‘ir. Butun-butun ko‘cha va mahallalar suvga g‘arq bo‘lgani sabab, 248 kishi toshqin qurboniga aylandi, juda ko‘p inosnlarning taqdiri noma’lum.
Tailandda 145 kishi halok bo‘lgani aytildi. Ofat 3,5 milliondan ko‘p aholi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Garchi, suv sathi asta-sekin pasayib borayotganiga qaramay, o‘nlab mahallalar ahli yordamga muhtoj, xonadonlar elektrdan uzilgan.
Vetnamda kuchli yog‘ingarchilik natijasida yuzaga kelgan toshqin va ko‘chki 100 ga yaqin odamning yostig‘ini quritdi, 10 kishi hamon bedarak.
Mamlakatning markaziy viloyatlari eng ko‘p zarar ko‘rdi.
Shri-Lankada jala tinmayapti. Hozirgacha kamida 123 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilingan, 130 insonning daragi chiqmayapti.
Malayziyada esa fuqarolar xavfsiz hududlarga ko‘chirilmoqda. Taxminan 30 000 kishi maxsus markazlarga joylashtirildi. “Senyar” tropik bo‘roni ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi.
S.Rahimov, O‘zA