Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubdagi harbiy qismlarda kitob mutolaasi keng targ‘ib qilinmoqda
12:02 / 2024-11-06

Surxondaryo viloyati axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugi Janubiy operativ qo‘mondonligi hamkorligida vohadagi harbiy qismlarda “Har bir askarga bitta kitob” shiori ostida kitob savdo-yarmarkalari o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat Dasturida o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalarini keng ommalashtirish, jamiyatda kitobxonlikni hamda aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni rivojlantirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berilgan.  

Strategiyada belgilangan maqsadlarga erishish uchun viloyatdagi harbiy qismlarda ham Vatan posbonlarining kitobxonlik madaniyati va kitob mutolaasiga qiziqishini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar, kitob-savdo yarmarkalari tashkil etilib, o‘zbek va jahon adabiyotining eng sara asarlari, yangi nashr etilgan kitoblar keng targ‘ib qilinmoqda.  

– Bu tadbirlarda harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolarida kitob mutolaasiga alohida qiziqish borligi kuzatilmoqda, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zahiriddin To‘rayev. – Kitob-yarmarkalarda tinchligimiz qo‘riqchilari katta qiziqish bilan yangi nashrdan chiqqan milliy va jahon mumtoz adabiyoti namunalari, zamondosh ijodkorlar asarlari, ilmiy-ommabop, bolalar kitoblari bilan yaqindan tanishib, xarid qilayotir. Harbiy xizmatchilar uchun jismoniy yetuklik, qat’iy iroda, jasorat qanchalik muhim bo‘lsa, ruhiy-ma’naviy olamining boyligi, intellektual salohiyati shunchalik ahamiyatli. Yarmarkalar doirasida harbiylar qiziqqan kitoblar haqida suhbatlar ham tashkil etilayotir.  

Viloyatning Jarqo‘rg‘on tumanidagi Kakaydi garnizonida joylashgan harbiy qismda o‘tkazilgan navbatdagi kitob savdo-yarmarkasi tinch, osoyishta, farovon hayotimiz bunyodkorlarining kitobxonlik madaniyati va kitob o‘qishga qiziqishini keng namoyon etdi.  

– Bugungi kunda harbiy xizmatchilarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish uchun ko‘plab amaliy ishlar qilinyapti, – deydi Kakaydi garnizoni batalon komandirining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kapitan Jahongir Abdugaffarov. – Jumladan, kun tartibiga kitob mutolaasi uchun alohida vaqt ajratilgan. Harbiy qismlarda boy kitob fondiga ega kutubxonalar bor. Harbiy xizmatchilar o‘rtasida kitobxonlik tanlovlarini o‘tkazish ajoyib an’anaga aylangan. Mazkur tadbir ham harbiy xizmatchilar va muddatli harbiy xizmat burchini bajarayotgan askarlarimizning kitob mutolaasiga ehtiyojini yanada kengroq qondirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.  

Kitob-savdo yarmarkasi Denov tumanining Xayrobod garnizonidagi harbiy qismda ham yuksak saviyada o‘tkazildi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri