Surxondaryo viloyatida “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” ostonasida mahalla fuqarolar yig‘inining yettita yangi binosi foydalanishga topshirilmoqda.
Muzrabot tumanidagi “Yakkatol” mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlari ham Yangi yilni zamonaviy yangi binoda kutib oladigan bo‘ldi.


Mahalla idorasini foydalanishga topshirish marosimida tuman hokimi Abdulla Mamatqulov mamlakatimizda keyingi yillarda o‘zini-o‘zi boshqarish organlari infratuzilmasini rivojlantirish, mahalallarni obod va ko‘rkam go‘shaga aylantirish yuzasidan amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida atroflicha so‘z yuritdi. Tadbir qatnashchilari va mahalla ahlini Yangi yil bilan tabrikladi.
Mahallaning yangi binosi aholiga sifatli va qulay xizmat ko‘rsatish uchun bir yo‘la zamonaviy mebel hamda boshqa zarur vositalar bilan jihozlangan. Fuqarolarni qabul qilish xonasi, shuningdek, “mahalla yettiligi” xodimlari uchun yetarli sharoit yaratilgan. Bu qulayliklar aholi murojaatlarini joyida tezkor hal etishga, mahalla institutining jamiyatdagi rolini kuchaytirib, mavqeini yanada oshirishga, odamlarning tinch, to‘kin turmush kechirishiga xizmat qiladi.


Tantanali marosim ishtirokchilari yangi binoda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. Yangi bino atrofiga ezgu niyatlar bilan daraxt ko‘chatlarini qadab, ko‘kalamzorlashtirdi.
Yangi yilgacha Denov tumanida ham oltita mahallaning yangi binosi foydalanishga topshiriladi.



Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri