Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubda “Yashil makon” loyihasining kuzgi mavsumi boshlandi
10:50 / 2024-10-08

Surxondaryo viloyatidagi M39 xalqaro avtomagistral yo‘lining Termiz va Angor tumanlari tutashgan hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasining kuzgi mavsumiga start berildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, ilk daraxt ko‘chatini ekib berdi. Mavsumni sifatli o‘tkazish, hududlarning tuproq va iqlim sharoitlariga mos daraxt va buta ko‘chatlari ekish, har bir ko‘chatni sug‘orish, parvarishlash masalasini hal etgach, uni qadash yuzasidan taklif va tavsiyalarini bildirdi. Mazkur hududda ekilayotgan ko‘chatlarga suv tarash uchun joriy etilayotgan yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyasi va uning ishlash jarayoni bilan tanishdi.  

Vohada umummilliy loyihaning kuzgi mavsumini sifatli amalga oshirish uchun alohida hozirlik ko‘rilib, tumanlarning iqlim sharoitidan kelib chiqilgan holda ekiladigan daraxt ko‘chatlari dislokatsiyasi va kompleks chora-tadbirlar belgilangan manzilli dastur yaratildi. Unda Termiz shahri va tumanlar iqlim sharoitiga mos daraxtlar bilan hududlarni yashillikka burkash tavsiya etilgan. Masalan, Angor, Qiziriq, Muzrabot, Bandixon, Jarqo‘rg‘on tumanlari hamda Sherobod tumanining dasht hududlariga qayrag‘och, viloyatning shimoliy, shimoliy-g‘arbiy hududlaridagi Boysun, Denov, Uzun va Sariosiyo tumanlariga lola daraxti, eman, kashtan daraxtlari, Qumqo‘rg‘on, Termiz va Termiz tumanlari iqlimiga mos qayrag‘och, zarang kabi daraxtlar ko‘chatlarini qadash tavsiya etilayotir.  

Manzilli dasturda, shuningdek, inson organizmiga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan, allergiya qo‘zg‘atmaydigan daraxt turlarini ekishga e’tibor qaratilgan. Shuningdek, yaxshi niyatlar bilan yerga qadalgan daraxt ko‘chatlarining unib ketishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, o‘z vaqtida parvarishlash, sug‘orish hamda sug‘orish tizimlari bilan ta’minlash Termiz shahri va tumanlar hokimiga yuklatiladi.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda “Yashil makon” umummilliy harakatining kuzgi mavsumida 6 million 300 ming tup mevali-manzarali daraxt ko‘chatlarini ekish mo‘ljallanmoqda. Mavsumda 16 ta “Hokimlik bog‘i” yaratiladi. 47 gektar yerda “Yashil belbog‘”, 23 gektarda “Mening bog‘im” barpo etiladi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov,  

O‘zA muxbiri