Surxondaryo viloyatida joriy yil ilk marta vohaning asosiy Yangi yil bayrami archasi Termiz tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida qad rostlaydi.
Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, xalqimiz, ayniqsa, bolajonlarga o‘zgacha quvonch va zavqu shavq ulashadigan bayramning asosiy archasi Termiz tumanida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivi hududidagi yangi qurilgan amfiteatr maydoniga o‘rnatiladi. Viloyatda shodiyonaga yuqori darajada hozirlik ko‘rish, voha aholisiga eng quvnoq bayram kayfiyatini ulashish uchun tayyorgarlik ishlari boshlandi.


Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz tumanida osmono‘par yangi uylar va boshqa ijtimoiy soha ob’ektlari qurilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivida bo‘lib, zamonaviy amfiteatr maydonida madaniyat va san’at sohasi mas’ullari, bayramni tashkil etish hamd o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mitasi a’zolari ishtirokida vohaning asosiy Yangi yil archasini o‘rnatish yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi. Aholiga ko‘tarinki bayram kayfiyatini ulashuvchi dasturlar va dekoratsiyalarni yaratish, jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlash, sifatli xizmatlar ko‘rsatish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.


Taqdimot chog‘ida, shuningdek, Termiz shahri va barcha tumanlarda bayram archalarini o‘rnatish ishlarini boshlash, maydonlarni bayramona bezatish hamda Yangi yil munosabati bilan arzonlashtirilgan savdo yarmarkalarida xaridorlarni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri