Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmatiga zamonaviy texnik vositalar bilan jihozlangan 24 ta “Cobalt” rusumli xizmat avtomashinasi topshirildi.
Prezidentimiz joriy yilning 27 yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jinoyatchilikka qarshi kurashish, jamoat xavfsizligini mustahkamlash yuzasidan aniq va qat’iy vazifalar belgilab berildi. Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Surxondaryo viloyatida yangicha ishlash tizimi joriy etilmoqda. Shunga muvofiq endilikda patrul-post, yo‘l patrul, qo‘riqlash va profilaktika inspektorlari tunu kun, uch smenali xizmat rejimiga o‘tdi. Bu tartibni joriy etishdan maqsad – huquqbuzarliklar to‘g‘risida xabar kelib tushganida patrul guruhlarining besh daqiqa ichida voqea joyiga yetib borishini ta’minlashdan iborat.




Viloyat IIB jamoat xavfsizligi xizmatiga topshirilgan transport vositalari yangi xizmat tizimi samaradorligini yanada oshiradi. Patrul-post xizmati bataloni xodimlarining tezkor harakatlanishiga qulay imkoniyat yaratadi. Ayniqsa, aholi gavjum mahallalar, bozorlar va ko‘ngilochar maskanlarda jamoat tartibini saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligini, aholining osoyishta, farovon hayotini ta’minlashga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri