Surxondaryo viloyatida Vatan himoyachilari kuni va Qurolli Kuchlarimizning 34 yilligi keng nishonlanmoqda.
Erta tongdan viloyatning asosiy bayram tadbiri Termiz shahridagi Xotira maydonida boshlandi. Viloyat hokimligi, ofitser va serjantlar, harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etgan tantanali harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi. Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido etgan yurtdoshlarimiz xotirasi yod etildi.
Termiz shahridagi “San’at saroyi” majmuasida bayram munosabati bilan bo‘lib o‘tgan tantanali yig‘ilishda viloyat hokimi – harbiy-ma’muriy sektor rahbari Ulug‘bek Qosimov barchani Qurolli Kuchlarimizning 34 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Qurolli Kuchlar va huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda fidokorona xizmat qilayotgan bir guruh xodimlar viloyat hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Viloyat hokimiga Milliy gvardiya qo‘mondonining “Namunali xizmatlari uchun” I darajali ko‘krak nishoni topshirildi.
[gallery-27106]
Bayram tadbiri Qurolli Kuchlar orkestr va ansambllari hamda viloyat madaniyat boshqarmasi san’atkorlarining Ona Vatan, yurtga muhabbat va sadoqat, tinch, to‘kin hayot tarannum etilgan konsert dasturi bilan yakunlandi.
Vohaning asosiy bayram tadbiri doirasida zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Viloyatda tinch, osuda va farovon turmushimiz qalqonlarining bayram tadbiri davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri