Janubda qishloq xo‘jaligi ilg‘orlariga davlat mukofotlari topshirildi
Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizdan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mukofotlanganlar safida sakkiz nafar surxondaryolik soha fidoyilari ham bor.
Bugun Surxondaryo viloyati hokimligida davlatimizning yuksak mukofotlarini soha fidoyilariga tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.



Marosimda viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirokchilarni qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni va mukofot sohiblarini davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan samimiy tabrikladi. Agrar tarmoqni yuksaltirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi samarali xizmatlari uchun chuqur minnatdorlik bildirdi.



Viloyat rahbari mukofotlarni o‘z egalariga topshirib, sohani yanada rivojlantirishda kelgusidagi ishlariga ham ulkan muvaffaqiyat tiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri