Surxonrdaryo viloyatida 15 oktyabr–Xalqaro qishloq ayollari kuni keng nishonlanmoqda.
Viloyatda qariyb 1 million 370 ming xotin-qiz yashaydi. Yoki voha aholisining 49,4 foizi munis onaxonu-buvijonlar, dilbar opa-singillardir. Ularning 1 milliondan ortig‘i qishloqlarda istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli hotin-qizlar 721,6 ming nafarni tashkil etadi.
Mamlakatimizda keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirib, salomatligini muhofaza qilish, gender tengligi va bandligini ta’minlash, tadbirkor ayollarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash davlatimiz belgilab olgan siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Prezidentimizning shu yil 1 martdagi “Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda yanada muhim dasturilamal bo‘lamoqda. Qarorga muvofiq viloyatlarda oila va xotin-qizlar boshqarmalari, tuman va shaharlarda bo‘limlari tashkil etildi. Bu tizim xotin-qizlarning muammo va takliflarini hal etishda asosiy ko‘prik vazifasini bajaruvchi yangi mexanizmni yaratdi. Xotin-qizlarning jamiyatda mavqeini oshirish uchun yangi imkoniyat va imtiyozlar berdi. Endilikda ayollarimiz qishloqlardagi agrar tarmoqlar, ta’lim, tibbiyot, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalarni rivojlantirishda faol ishtirok etib, erkaklar bilan teng Yangi O‘zbekistonni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shayotir.
Ayni paytda surxondaryolik ayollarning 2 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, 1 nafari Senator, 17 nafari xalq deputatlari viloyat kengashi hamda 88 nafari tuman, shahar kengashlarida deputat sifatida xizmat qilmoqda.

–Eng fidoyi, eng tajribali ko‘plab xotin-qizlarimiz davlat va nodavlat tashkilotlar, muassasa va korxonalarda rahbar lavozimlarda faoliyat yuritmoqda,– deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilbar Normurodova.– Shuningdek, vohada yashayotgan xotin-qizlarning 444 ming 800 nafari iqtisodiy faol bo‘lib, ularning 130 ming 100 nafari rasmiy, 252 ming 400 nafari norasmiy sektorda ishlamoqda. Yaqin yillarda ham biz mamlakatimizda xotin-qizlar bugungidek e’zozlanib, “Ayollar daftari” yuritilishini, ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti og‘ir, ishsiz va ijtimoiy faol bo‘lmagan xotin-qizlar har taraflama qo‘llab-quvvatlanishini hayolimizga keltirolmas edik. Bugun “Ayollar daftari”ni yuritish orqali ko‘plab ehtiyojmand xotin-qizlarimiz hayotidan rozi bo‘lib yashashga erishmoqda. Masalan, joriy yilda viloyatda 41 ming 222 nafar xotin-qizlar mazkur daftarga kiritilib, hozirgacha ularning 39 ming 785 nafariga tegishli yordam ko‘rsatildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz 11 ming 226 nafari xotin-qizning bandligini ta’minlashga ko‘maklashildi. Tadbirkorlik qilish istagi bo‘lgan 2 ming 639 nafar xotin-qizga 30 milliard so‘mlik imtiyozli kredit ajratilib, o‘z biznesini boshlashi uchun amaliy yordam berildi. Uy-joyga muxtoj ehtiyojmand 150 nafar xotin-qizni turar-joy bilan ta’minlash choralari ko‘rildi. 140 nafarining ijara kompensatsiya to‘lovi to‘lab berildi. Bu kabi ishlar uchun “Ayollar jamg‘armasi” hisobidan 9 milliard 228 million so‘m mablag‘ sarflandi. Shuningdek, 12 ming 647 nafar boquvchisi bo‘lmagan ehtiyojmand xotin-qizga jamg‘arma hisobidan 8 milliard 150 million so‘m, 7 ming 305 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi bo‘lgan xotin-qizga 5 millirad 140 million so‘m, 5 ming 678 nafar qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan farzandi mavjud ehtiyojmand xotin-qizga 5 milliard 678 million so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatildi. Bularning barchasi tinch, osuda yurtimizda xotin-qizlarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi ifodasidir.
Bayram munosabati bilan Termiz shahridagi “Afro‘z” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari Usmon Turapov qishloqlarda yashayotgan munis buvijon va onaxonlarni, dilbar opa-singillarni 15– oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni bilan samimiy tabriklab, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga va har taraflama barkamol avlodni tarbiyalashga katta hissa qo‘shayotgani uchun ularga chuqur minnatdorlik bildirdi. Qishloq ayollarining ulkan matonati, tog‘day sabr-toqati hamda mehnatsevarligidan ibrat olib yashashning ahamiyatini, dala-dasht va bog‘u-rog‘da, qishloq maktabiyu, shifoxanasida mehnat qilishdan, tadbirkorlik, fermerlik bilan shug‘ullanish va aholiga turli xizmatlar ko‘rsatishdan tashqari farzandlarini Vatanga hurmat, yurtga sadoqat, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalayotganini alohida e’tirof etdi.

Tantanali tadbirda viloyatda o‘tkazilgan “Eng faol fermer”, “Qishloq hududidagi eng iqtidorli qiz”, “Eng namunali kasanachi ayol”, “Eng namunali paxtakor ayol”, “Eng namunali mahalla xotin-qizlar faoli”, “Qishloq hududlaridagi eng namunali o‘qituvchi”, “Qishloq hududlaridagi eng namunali tibbiyot xodimi” kabi 14 ta nominatsiya bo‘yicha tanlov g‘oliblari diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Bir guruh faol xotin-qizlarga viloyat hokimining faxriy yorlik va esdalik sovg‘alari topshirildi.
–Mamlkatimizda keyingi yillarda qishloq xotin-qizlariga qaratilayotgan e’tibordan boshimiz ko‘kka yetmoqda,–deydi Qumqo‘rg‘on tumani “Agropilla” mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh agranomi, “Eng namunali pillakor ayol” yo‘nalishi g‘olibi Kumuskul Janabayeva.– Bunday g‘amxo‘rliklar qishloq ayollarini yanada ko‘proq mehnat qilib, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shishga undamoqda. Tumanimizda 238 gektar tutzor bo‘lib, 3 ming 500 pillakor ayol ipak qurti parvarishlaydi. Yiliga ikki marta pilla yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Joriy yilda ham mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, shartnomaviy rejani ortig‘i bilan bajardik. Qariyb 25 tonna sifatli xom ashyo topshirdik. Ushbu tadbirda “Eng namunali pillakor ayol” nominatsiyasi sovrini bilan taqdirlanganimni tumanimiz pillakorlarining samarali mehnatiga berilgan yuksak baho, deb bilaman. Ko‘rsatilayotgan bunday g‘amxo‘rliklar uchun davlatimizdan behad minnatdormiz.

Bayram tadbirida vohaning yaqin va olis qishloqlaridan viloyat markaziga kelgan xotin-qizlar bir piyola choy ustida dildan suhbat qurdi, raqsga tushdi. San’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi barchaga bir olam quvonch bag‘ishladi.
Kechki payt Termiz shahridagi San’at saroyining muhtasham amfiteatrida Xalqaro qishloq ayollari kuniga bag‘ishlangan shodiyona davom etdi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov tadbir ishtirokchilarini bayram bilan tabriklab, vohada xotin-qizlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, jamiyatdagi faolligini oshirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Surxondaryolik va poytaxtdan kelgan elimizning bir guruh suyukli san’atkorlari qiziqarli konsert dasturlari bilan barchaga bayramonakayfiyat ulashdi.


Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri