Surxondaryo viloyatida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam tavalludining 75 yilligi keng nishonlanmoqda.
Shu munosabat bilan Termiz shahridagi muhtasham San’at saroyida taniqli yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, talaba-yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirokida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va boshqalar mamlakatimizda adabiyot va san’atni rivojlantirishga qaratilayotgan yuksak e’tibor haqida atroflicha so‘z yuritdi. O‘tmishdan adabiyot, ilm-fan va madaniyat rivojlangan Surxon vohasi buyuk allomalar, yozuvchi va shoirlarga beshik bo‘lib kelgani qayd etildi. Atoqli adibni muborak 75 yoshi bilan tabriklab, hayoti va ijodi to‘g‘risida iliq fikrlar aytildi.

O‘zbek adabiyotining taniqli yozuvchilaridan biri, dramaturg va publitsist Erkin A’zamning ijod sahifasiga nazar tashlansa, roman, qissa, hikoyalardan tashkil topgan o‘ndan ziyod kitob nashr ettirgani ko‘zga tashlanadi. Ijodiga yanada chuqurroq kirib borgan kitobxon adibning yigirmaga yaqin ekran va sahna asarlari yaratganini ilg‘aydi. Erkin A’zam o‘z asarlari bilan nafaqat mamlakatimiz, balki xorijda ham yaxshi tanilgan. Bizning avlod ham yozuvchining hikoya va qissalarini o‘qib, ulg‘ayganmiz. O‘quvchilik yillarimizda “Chiroqlar o‘chmagan kecha” kitobini qo‘lma-qo‘l mutolaa qilganmiz, qahramonlari bilan xayolan birga yashaganmiz. “Otoyining tug‘ilgan yili” kitobi ham yoshligimizda o‘qigan sara asarlardan biri sifatida xotiramizda o‘rnashib qolgan.

Muhtasham saroyda bo‘lib o‘tgan to‘yga yozuvchining yoshu keksa muxlislari o‘zgacha fayz ulashgani ham vohada Erkin A’zam asarlariga qiziquvchilar ko‘pligini namoyish etdi. Tadbirga vohaning uzoq-yaqinidan kelgan ko‘plab surxondaryoliklar o‘rindiqlarda joy yo‘qligidan zalning eshiklari yonida turib, suyukli yozuvchilari nomiga aytilgan iliq fikrlarga quloq tutdi. Anchadan buyon bunday anjumanlarda kuzatmaganim bu holatni adabiyotning ko‘zga tashlanmas kuchi va ta’siri, badiiy adabiyot bilan do‘st tutingan o‘quvchilarning asar muallifiga hurmat-ehtiromi ifodasi, deb bildim.

– Sevimli yozuvchimizning asarlari adabiyotshunosligimizda ko‘p o‘rganilgan va hozir ham tadqiqot ishlari olib borilmoqda, – deydi Termiz davlat universiteti yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori Obid Shofiyev. – Qahramonlari kitobxonni chuqur mushohada yuritishga undashi bilan ham ahamiyatli Adibning ijodi o‘ziga xos yumoristik bayonga ega uslub, kutilmagan badiiy yechimlar va kinoyali tili bilan ajralib turgani kuzatiladi. Talabalarimizning bo‘sh vaqtlarida Erkin A’zam kitoblarini katta qiziqish bilan o‘qiyotganiga duch kelib turaman.
Anjumanda yozuvchining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan, filmlari asosida tayyorlangan videoroliklar, san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturlari namoyish etildi.
Tadbir doirasida poytaxtdan kelgan mehmonlar Termiz davlat universitetida talabalar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan tanishdi.
Adabiyot bayrami ertaga taniqli yozuvchi Erkin A’zam tug‘ilib, o‘sgan Boysun tumanida davom etadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri