Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida “O‘zbekiston kitobxonlar yurti” shiori ostida kitobxonlik haftaligining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, Termiz shahridagi viloyat axborot-kutubxona markazlari hamda kutubxonalar rahbarlari, kitobsevar yoshlar, talabalar ishtirok etgan tadbir poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan V respublika kitobxonlik haftaligining tantanali ochilish marosimini onlayn kuzatish bilan boshlandi.

Voha kitobsevarlarining bayramona ruhda o‘tgan tadbirida viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Zahriddin To‘rayev, Prezidentimizning viloyatdagi Xalq qabulxonasi mudirasi, senator Dilbar Suvonova, Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Allamurodov, viloyat axborot-kutubxona markazi direktori Ma’ruf Abdishukurov va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlik hamda kitob mutolaasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor, aholi, ayniqsa, yosh avlodning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.
Joriy yil viloyatda “Kitobni qadrlash va mutolaa yili”, deb e’lon qilingan. Shunga muvofiq “Bir kitob –ming olamga ochilgan eshik” shoiri ostida eng chekka va olis mahallalarda ham kitobxonlikni keng targ‘ib qilish yuzasidan tegishli chora-tadbir belgilab olingan.

– Belgilab olingan keng qamrovli reja asosida yil davomida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda ham kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish uchun “Ma’rifat tur” loyihasini amalga oshiramiz, – deydi viloyat axborot-kutubxona markazi direktori M.Abdishukurov. – Davlat xizmatchilari, bolalar va yoshlar o‘rtasida turli loyihalar o‘tkaziladi.
Viloyatda 2025 yilning “Kitobni qadrlash va mutolaa yili”, deb e’lon qilingani bugundan start berilgan kitobxonlik haftaligini yanada yuqori saviyada tashkil etishga undadi.

– Haftalikni bayramona kayfiyatda o‘tkazish uchun aniq maqsadga qaratilgan dastur ishlab chiqildi, – deydi viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Z.To‘rayev. – Hafta davomida “Bir kitob – ming olamga ochilgan eshik” shiori ostida ochiq eshiklar kunlari, Mahmudxo‘ja Behbudiy tavalludining 150 yilligiga bag‘ishlangan “Mahmudxo‘ja Behbudiy chizgilari” deb nomlangan tadbir, “Moviy jamadon tashrifi” loyihasi o‘tkaziladi. Viloyatda yashab, ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar bilan uchrashuvlar uyushtiriladi. Yoshlarning “Zakovat” intellektual o‘yini, kuch tuzilmalari o‘rtasida “Diktantlar tanlovi”, “Kitobxon onalar kuni”, yangi nashr etilgan kitoblar taqdimotlari va boshqa tadbirlar haftalikning yanada sermazmun o‘tishiga xizmat qiladi. Kutubxonalarga kitoblar tuhfa qilinadi. Haftalik kunlari kitobxonlik va kitob mutolaasini keng targ‘ib qilish mahalla hamda chekka qishloqlargacha kirib boradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Adib Sobir Termiziy nomidagi viloyat va shahar, tuman axborot-kutubxona markazlari, shuningdek, o‘quv muassasalari va boshqa tashkilot, idoralar qoshida 1 ming 200 ga yaqin kutubxona faoliyat yuritmoqda. Ularda uch milliondan ortiq badiiy, tarixiy-ommabop kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari saqlanmoqda. 40 ga yaqin kitob do‘koni aholiga xizmat ko‘rsatayotir. 14 ta nashriyotda kitob chop etilmoqda.

Bugun, shuningdek, viloyat tumanlarida ham kitobxonlik haftaligi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Angor tumanida tashkil etilgan tadbir qatnashchilari tuman axborot-kutubxona markaziga 1 ming 200 dona kitob ham sovg‘a qildi.
Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan voha kitobxonlarining tadbiri doirasida Adib Sobir Termiziy nomidagi Surxondaryo viloyat axborot-kutubxona markazida kitoblar ko‘rgazmasi va kitob savdo yarmarkasi tashkil etildi. Qiziqarli mushoira va yosh san’atkorlarning chiqishlari, baxshilar ijro etgan termalar tadbir ishtirokchilariga bir olam quvonch ulashdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri