Surxondaryo viloyati fermer va dehqon xo‘jaliklari joriy yil hosili uchun 16 ming gektardan ortiq maydonda kartoshka yetishtirib, 302 ming 115 tonna hosil olishni rejalashtirmoqda.
Yetishtiriladigan hosilning 5 ming 700 gektari fermer xo‘jaliklarining asosiy yer maydonlarida, 9 ming 300 gektari dehqon xo‘jaliklarining asosiy yerlarida, shuningdek, 1 ming 12 gektari takroriy ekin maydonlarida parvarishlanadi.

Sayyoramizda kartoshka ko‘p iste’mol qilinadigan oziq-ovqat mahsulotlaridan biri sanaladi. Yurtimizda ham bu mahsulotni “ikkinchi non”, deb atashadi. Bu ta’rif kartoshkaning kundalik iste’molda muhim o‘rin tutishini anglatadi. Mutaxassislarning aytishicha, to‘yimli mahsulot bo‘lgan kartoshka tarkibida oqsil, yog‘, uglevodlar, organik kislotalar, qator vitamin hamda natriy, kaliy, magniy, kalsiy, temir, fosfor, yod kabi elementlar bor. Xalqimiz sevib iste’mol qiladigan bu oziq-ovqat ekinini yetishtirish va parvarishlashga qulay iqlimga ega vohada sohaga qaratilayotgan e’tibor oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va bozorlarimizning yanada arzon bo‘lishida muhim omil bo‘ladi.

Bu yil viloyatning Angor tumanida dehqon xo‘jaliklari 546 gektar, fermerlar 334 gektar maydonga kartoshka ekib, 16 ming 600 tonnadan ziyod hosil oladi.
Qish chillasi chiqib, kunlar ilishi bilan tumandagi “Angor Guliston mevalari” mas’uliyati cheklangan jamiyati dehqonlari besh gektar maydonga kartoshka urug‘i ekishni boshladi.

– Kartoshka turli foydali elementlarga serob mahsulot, – deydi “Angor Guliston mevalari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Komil Mamatqulov. – Kuz faslida kartoshka ekishga mo‘ljallangan yerimizni sifatli shudgorlab, mahalliy o‘g‘it bilan oziqlantirdik. Agat olib, urug‘ qadashga tayyorladik. Kunlar isishi bilan urug‘ni ekib boshladik. Har gektar maydondan o‘rtacha 20 sentnerdan sifatli mahsulot olish rejalashtirilgan. Buning uchun kartoshka urug‘lari unib chiqquncha yer maydoni 1-2 marta yumshatilib, yer yuzasida hosil bo‘lgan qattiq qatlam bartaraf etiladi. Bunda qator oralaridagi begona o‘tlar yo‘qolib, maysalarning tez, bir tekis unib chiqishini ta’minlaydi.

Viloyatda tajribali dehqonlar bahorgi kartoshka urug‘ini qish chillasi chiqqach, tuproqning 10 santimetr qatlamida havo harorati 6-7 gradus qiziganda mart oyining uchinchi o‘n kunligigacha ekib, tugatishni tavsiya etadi. Ekish muddati kechikkanda tuganaklar hosil bo‘lishi yozning jazirama issig‘iga to‘g‘ri kelib, hosildorlik kamayishini aytishadi.
Ana shu agrotexnik tadbirga amal qilayotgan tuman mirishkorlari urug‘ni tez va sifatli qadashga alohida e’tibor bermoqda. Muhim bu yumushga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi mutaxassislari ham yaqindan ko‘maklashmoqda.
– Kartoshka urug‘i Polshadan keltirilgan, – deydi fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tuman bo‘limi boshlig‘i Olimjon Mirzayev. – Ertapishar, hosildorligi yuqori. Zararkunandalarga chidamli. Faqat parvarishiga ahamiyat berib, vaqtida sug‘orilsa mo‘l hosil beradi. Tumanimizda kartoshka yetishtiruvchilar har gektar yerdan o‘rtacha 189 sentnerdan hosil olishiga qulay muhit mavjud. Mutaxassislarimiz urug‘ni belgilangan muddatlarda ekib, undirib olishiga yaqindan yordam bermoqda.
Viloyatning boshqa tumanlarida ham obi-tobiga kelgan maydonlarga kartoshka urug‘ini ekish boshlanmoqda. Jumladan, bu yil sariosiyoliklar 1 ming 755, Jarqo‘rg‘on tumani dehqonlari 1 ming 663, denovliklar 1 ming 600, Qumqo‘rg‘on tumani mirishkorlari 1 ming 330 gektar yerda kartoshka parvarishlaydi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, voha aholisining yillik kartoshka iste’moli 200 ming tonnadan ortiqni tashkil etadi. Joriy yilda vohada yig‘ib olinadigan hosilning ichki iste’moldan ortgan qismi mamlakatimizning boshqa hududlaridagi bozorlarni arzon, sifatli kartoshka bilan ta’minlashga yo‘naltirilib, narx-navo barqarorligini saqlashga xizmat qiladi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri