Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubda istiqlol ne’matlariga shukrona aytildi
08:40 / 2025-08-31

Surxondaryo viloyatida Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi o‘zgacha g‘urur va shodu-xurramlikda keng nishonlandi.

Termiz shahridagi yozgi amfiteatrda bo‘lib o‘tgan voha ahlining asosiy bayram tadbirida viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov marosim ishtirokchilari va mehmonlarni eng ulug‘, eng aziz va eng suyukli shodiyona bilan samimiy muborakbod etib, istiqlol sharofati bilan janubda yuz berayotgan beqiyos o‘zgarish va yangilanishlar haqida atroflicha fikr yuritdi.  

–Mustaqilligimizning 34 yilligi “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!”, degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etganida chuqur ma’no mujassam,–dedi viloyat rahbari.––Tarixiy bu kun bizning o‘z taqdirimizni o‘zimiz belgilashimiz, iqtisodiy-ijtimoiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy rivojlanishimiz uchun keng yo‘l ochib berdi. Ayniqsa, keyingi yillarda xalq manfaati barcha narsadan ustun, degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan adolatli, xalqchil islohotlar Surxondaryoda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bunga agrar voha bo‘lgan qadimiy zaminda qishloq xo‘jaligi bilan birga zamonaviy sanoat, xususiy biznes, qurilish, xizmatlar ko‘rsatish va boshqa sohalar yangi bosqichda rivojlanayotgani, bu o‘zgarishlar Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun xizmat qilayotgani yaqqol misoldir. Ayni paytda vohada turli yo‘nalishlarda 36 mingta tadbirlik sub’ekti faoliyat yuritmoqda. Yoki keyingi 8 yilda tadbirkorlar safi 3,2 baravarga ko‘paydi. Xorijiy investitsiyalar hajmi 1,1 milliard dollarga yetdi. Shu yil avgust oyida birgina Xitoyda o‘tkazilgan ikkita yirik biznes forumda 100 dan ortiq salohiyatli kompaniya rahbarlari bilan qiymati 10 milliard dollarlik 17 ta loyiha bo‘yicha kelishuvga erishildi.  

Hozirgacha xorijiy investorlar ishtirokida Qumqo‘rg‘on tumanida paxtani qayta ishlovchi "Qumteks Invest" korxonasi, Bandixon tumanida "Bandixon klaster" yirik ip yigiruv fabrikasi ishga tushirildi. Termiz tumanida qiymati 28 million dollar bo‘lgan bazalt plitalarni ishlab chiqarish korxonasi barpo etildi.

Prezidentimiz g‘oyasi bilan bunyod etilayotgan "To‘palang-Termiz" toza ichimlik suvi loyihasining birinchi bosqichi doirasida vohaning Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Bandixon, Oltinsoy tumanlarida ichimlik suvi ta’minoti yaxshilandi. 540 ming aholi ilk bor markazlashgan holatda ichimlik suvi bilan ta’minlandi. 945 ming aholining ichimlik suvi ta’minoti yaxshilanib, viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 47 foizdan 66 foizga yetkazildi.

Yil yakunigacha "To‘palang" suv ombori suvi Termiz shahriga ham yetib keladi. Loyiha to‘liq ishga tushgach, 1 million 700 ming aholi istiqomat qilayotgan 493 ta mahallaning suv ta’minoti tubdan yaxshilanib, aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasi 80 foizga yetkaziladi.

Ulkan bunyodkorlik maydoniga aylangan vohaning Angor, Boysun, Jarqo‘rg‘on, Sariosiyo va Termiz tumanlarida barpo etilgan "Yangi O‘zbekiston" massivlari hududlarga yangicha fayz ulashdi.

Joriy yilda ham uy-joy qurilishi izchil davom ettirilib, shu kungacha 2 ming 65 xonadonli 46 ta ko‘p qavatli turarjoy binosi foydalanishga topshirildi.

Sariosiyoda shu yil ishga tushirilgan zamonaviy aeroport viloyatning shimoliy tumanlari aholisining uzog‘ini yaqin qilib, Toshkent shahri va boshqa hududlarga borib-kelishi uchun qulay imkoniyat yaratdi.

Termiz shahrida foydalanishga topshirilgan "Tibbiyot klasteri" ham mustaqillik mevasidir. Bu tizim vohada tibbiy xizmatlar ko‘lamini oshirib, viloyatning o‘zida murakkab jarrohlik operatsiyalarini yo‘lga qo‘ydi. Ilk bor ochiq yurak jarrohlik amaliyoti o‘tkazish joriy etildi.  

Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida ham sezilarli o‘zgarishlar yuz bermoqda.

Boy sayyohlik salohiyatiga ega hududda turizm izchil rivojlanmoqda. Xususan, bundan yetti yil avval viloyatga 21 nafar xorijlik turist kelgan bo‘lsa, ayni paytda bir oyda 20 mingdan ortiq turist voha bilan yaqindan tanishmoqda. Vohaning mavjud turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish uchun “Omonxona” va “Sangardak” turizm markazlari, "Janubiy Surxon" suv ombori hududida zamonaviy ekoturizm majmuasi bunyod etilmoqda.

Viloyatda joriy yil uchun davlat dasturlari doirasida 1 ming 37 ta qurilish ob’ektiga uch trillion 300 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 180 dan ortiq ijtimoiy soha va 200 dan ortiq infratuzilma inshooti, 215 kilometr ichimlik va oqova suv tarmog‘i, 480 kilometr avtomobil yo‘li, 8 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgich, 9 ming 200 xonadonli zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yo‘naltirildi. Vohadagi 77 ta og‘ir toifadagi mahallaning oqova suv, elektr tarmog‘i va yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, 170 mingdan ziyod aholining turmush sharoiti tubdan yaxshilandi.

[gallery-25072]

Mustaqillik bayrami arafasida fidoyi, shashti baland quruvchilar davlat dasturlariga muvofiq barpo etayotgan inshootlarining 158 tasida 460 milliard so‘mlik ish bajarib, foydalanishga topshirdi. Jumladan, Termiz pedagogika instituti va Toshkent tibbiyot akademiyasi Termiz filiali, Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti uchun zamonaviy o‘quv binolari, uchta kasb-hunar maktabi, Surxondaryo viloyati futbol akademiyasining mavjud bino va inshootlari, 10 ming 400 o‘quv o‘rinli 40 ta maktab, 1 ming 600 o‘rinli 15 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti, 320 o‘rinli beshta sog‘liqni saqlash muassasasi,1 ta sport inshooti, 4 ming  kub-metr sig‘imli bitta ichimlik suv inshooti, uzunligi 262 kilometr bo‘lgan 80 ta ichki yo‘l kabi inshootlar xalqimiz uchun bayramga tuhfa qilindi.  

Tantanali marosim elimiz suygan san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi. Ozod va obod yurtning musaffo osmonida porlagan rang-barang jilodagi mushaklar ishtirokchilar va viloyat markazi aholisining shukronalik hissini mustahkamlab, faxr-iftixor tuyg‘usini yanada yuksaltirdi.  

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri