Surxondaryo viloyatida joriy yil hosili uchun 1 ming 945 fermer 62 ming 850 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlab, paxta xom ashyosi yetishtirmoqda. Paxtakorlarning betinim mehnati evaziga dalalarda mo‘l hosil to‘plandi. Hosil cho‘g‘ini yanada oshirish uchun barcha agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan amalga oshirilayotir.
Mutaxassislarning aytishicha, paxtachilikda hosil pishib boshlagach, g‘o‘zani bargsizlantirish ham muhim tadbirlardan biri sanaladi. Defoliatsiya o‘z vaqtida sifatli va to‘g‘ri o‘tkazilsa barglarning to‘kilishi tezlashadi. G‘o‘zadagi ko‘saklar 10-15 kun erta pishib yetiladi. Dastlabki terim salmog‘i oshib, yuqori sifatli xom ashyo yig‘ishtirib olinadi. Shuningdek, defoliant g‘o‘za kasalliklari va zararkunandalariga, ayniqsa, qora shira tushgan maydonlarga samarali ta’sir ko‘rsatadi.

Viloyatning Bandixon tumanida 3 ming 500 gektar maydonda paxta yetishtirilmoqda. Fermerlar yangi navlarni ekish va tajribada sinovdan o‘tgan ilg‘or agrotexnologiyalarni qo‘llash orqali yuqori hosil olishni rejalashtirgan. Shu maqsadda dalalarda g‘o‘za defoliatsiyasi boshlandi.

Tumandagi “Oltin kuz qiziriq” fermer xo‘jaligi maydonlarida g‘o‘zaga samarali “Ento-defol 540 5C” kimyoviy preparati sepilib, bargsizlantirilmoqda. Muhim agrotexnik tadbirni tuman hokimi Abdumalik Allamuradov va boshqa tajribali mutaxassislar kuzatib, taklif hamda tavsiyalarini bildirdi. Defoliatsiyani belgilangan muddatlarda va sifatli o‘tkazish, defoliantlardan to‘g‘ri foydalanib, qo‘llash yuzasidan fikr almashdi.

Dalalarda har gektar yerga 150 grammdan ishlatilayotgan yumshoq ta’sir etuvchi defoliant barglarni yashilligicha to‘kish xususiyatiga ega. U kichik ko‘saklarni ham erta pishirib, qo‘shimcha sifatli hosil olishga yordam beradi. Barglarning yashil holatda to‘kilishi teriladigan paxtani ifloslanishdan saqlab, sifatli xom ashyo yig‘ishtirib olishga qulay imkoniyat yaratadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri