Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubda “Dala cheti madaniyati” tamoyili joriy etilmoqda
16:12 / 2025-11-07

Surxondaryo viloyatida Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligi maydonlaridagi qo‘shimcha imkoniyatlardan foydalangan holda mahsulot yetishtirishni ko‘paytirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida dala chetlari hamda sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida obodonlashtirish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv-seminar tashkil etilmoqda.

Viloyat o‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmasi hamda viloyat fermerlar kengashi hamkorligida Muzrabot tumanidagi “Xudoyberdiyev Xaydar polvon” fermer xo‘jaligi dala maydonida o‘tkazilgan tadbirda soha mutaxassislari va fermerlar ishtirok etdi.

Seminarda keyingi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi maydonlaridan samarali foydalanib, turli mahsulot yetishtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlar hamda aholi tomorqalaridan oqilona foylanilayotgani mamlakatning eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashayotgani qayd etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qaror ijrosi doirasida joriy yilda viloyatdagi dala chetlarining 2 ming 218 gektar maydoni hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi 546 gektar yer maydoniga olcha, olxo‘ri, uzum kabi o‘nga yaqin serdaromad meva ko‘chati o‘tqazildi.  

Seminarda dala chetlari va sug‘orish tarmoqlari atrofini obodonlashtirish, “Dala cheti madaniyati”ni amaliyotga joriy etib, zararli begona o‘tlar, zararkunandalar va o‘simlik kasalliklariga qarshi kurashish yuzasidan fikr almashildi. Dala maydonlarini madaniy holatda saqlash, hosildorlikni oshirish, ekologik muvozanatni ta’minlash yo‘lida olib borilayotgn ishlarning samaradorligini yanada oshirish masalalari muhokama etildi. Taklif va tavsiyalar bildirildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri