Surxondaryo viloyatida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun viloyat, tumanlar va shahar shtablari faoliyatini samarali muvofiqlashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari N.Qodirov va boshqalar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning ahamiyati, yurt taraqqiyoti va aholi farovonligini ta’minlashdagi o‘rni haqida atroflicha fikr yuritdi. Aholini onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish ko‘rsatkichlari tumanlar va shahar kesimida tahlil qilindi. Viloyatda mazkur siyosiy-ijtimoiy jarayonning sifatli amalga oshirilishi bevosita joylardagi shtablarning qay darajada tizimli ishlayotganiga bog‘liqligi ta’kidlandi. Aholi o‘rtasida onlayn platformadan foydalanish bo‘yicha targ‘ibot va tushuntirish ishlarini jadallashtirish zarurligi qayd etildi.


Yig‘ilishda, shuningdek, tuman va shahar shtablariga biriktirilgan respublika vazirlik va idoralarining mas’ul vakillariga joylardagi ishlarni samarali tashkil etish, yuzaga kelayotgan texnik va tashkiliy masalalarni zudlik bilan hal etish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.


Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda viloyatda oliy ta’lim muassasalarining 150 dan ortiq ko‘ngilli talabalari joylarda bo‘lib, ro‘yxatga olishning texnik jihatlari va tartiblarini tushuntirish barobarida aholini onlayn ro‘yxatga olishga ko‘maklashmoqda. Shu kungacha surxondaryoliklar 143 ming 855 xonadonni onlayn platforma orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri