Surxondaryo viloyati hokimligida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat statistika boshqarmasi mas’ul xodimlari, tegishli boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.


Tadbirda viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sh. Radjabov va boshqalar Prezidentimizning 2025 yil 19 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq mamlakatimizda joriy yil 15 yanvardan 28 fevralgacha aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish rejalashtirilganini ta’kidladi. Mazkur tadbir hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish ko‘rsatkichlarini aniq belgilashda muhim strategik ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Ro‘yxatga olishning birinchi bosqichida (internet orqali o‘zini-o‘zi ro‘yxatga olish) census.stat.uz portalidan foydalanishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik masalalar va ularni hal etish yo‘llari, bu jarayonda aholining faol ishtirokini ta’minlash, onlayn ro‘yxatdan o‘tish tizimining afzalliklari va axborot texnologiyalaridan samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.


Seminar ishtirokchilariga ro‘yxatga olishning mazmun-mohiyatini aholiga atroflicha tushuntirish, onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida namuna bo‘lish tavsiya etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA