Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janubda 72 inshoot bayramga tuhfa qilindi
11:32 / 2025-12-09

Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 33 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyatida yangidan qurilgan va rekonstruksiya qilingan 72 ta ob’ekt foydalanishga topshirildi.

Viloyat hokimi Ulug‘bek Qosimov Termiz davlat universiteti talabalari uchun barpo etilgan 800 o‘rinli 8-talabalar turar joyining ochilish marosimida ishtirok etib, shu yerning o‘zidan “Zoom” orqali tadbir qatnashchilarini bosh qomusimiz qabul qilingan kun hamda Termiz shahri va tumanlarda ishga tushirilgan ob’ektlar bilan tabrikladi. Huquqiy-demokratik ijtimoiy davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida mustahkam poydevor yaratgan asosiy qonunimizning  o‘zligimizni anglash va milliy taraqqiyotimizdagi o‘rni haqida atroflicha so‘z yuritdi. Bir paytlar agrar voha bo‘lgan Surxondaryo viloyati ham yangilangan konstitutsiyamizda belgilab berilgan normalar asosida katta o‘zgarish va yangilanishlarga yuz tutayotganini ta’kidladi. 

[gallery-26634]

Joriy yilda viloyatda barcha dasturlar hisobidan 623 ta ob’ektda qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bunday ulkan bunyodkorlik ishlari uchun davlat byudjetidan bir trillion  943 milliard so‘m mablag‘lar ajratilgan. Yilning o‘tgan davrida yangidan qurilgan va tubdan ta’mirlangan ob’ektlarning 477 tasi foydalanishga topshirildi. Huquq va erkinligimizni, obod va ozod hayotimizni kafolatlagan bosh qomusimiz qabul qilinganining 33 yillik bayrami kuni yana 72 ta ob’ekt foydalanishga qabul qilindi. Ularning beshtasi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, ikkitasi ichimlik va oqova suv tarmog‘i, yettitasi ijtimoiy soha, 49 tasi mahallalarning ichki yo‘llaridir. Termiz davlat universiteti talabalari uchun bunyod etilgan 800 o‘rinli turar-joyni qurib, ishga tushirish uchun 36 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ko‘p qavatli zamonaviy binoda talabalar uchun barcha sharoit yaratilgan. 

Tantanali marosim yakunida tadbir ishtirokchilari yangi talabalar turar joyida yaratilgan qulayliklar bilan yaqindan tanishdi.

Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri