Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
JANUB GAVHARI
01:59 / 2025-06-26

-

1

Hayitboy degan og‘am bor. 91 yoshda. Surxondaryoning Qiziriq tumanida yashaydi. Eski zamonda uzoq yil katta xo‘jalikning rahbari bo‘lgan. Boobro‘ odam. Yer bilan, el bilan, ekin-tekin bilan tildosh. Yigitdek tetik, har tong bomdod namozidan keyin uch kilometr yuguradi. Yetmish yildan buyon kundalik tutadi. Kitobxon. Ziyolilar, ayniqsa, yozuvchi, shoirlaru jurnalistlarga mehri boshqacha. Toshkentga kam keladi. Tez-tez telefonda gurunglashib turamiz.

– Bilasiz, men tinmay gazeta-jurnal o‘qiyman, – dedi tunov kuni Hayitboy ota. – Internetniyam tinch qo‘ymayman. O‘qisang, ko‘ngil suv ichadigan maqolalar bor. Lekin kam...

– To‘g‘ri... – deyman sekingina. – Biz qalamkashlar hayot shiddatidan sal orqada...

–  Sayoz gaplar, quruq raqamlar, – gapimga parvo qilmay davom etadi otaxon. – Qanday zo‘r ishlar bo‘lyapti. Zavod, fabrika, butun-butun shaharlar qurilyapti. Gazetga qarasang, xuddi «tap» etib osmondan tushganday. Jumlalar ohanjama, maqtovlar beo‘xshov. Ishchi ishchiga, dehqon dehqonga o‘xshab gapirmaydi. Aytaymi nega? Bormay, ko‘rmay yozasizlar. Qayerdandir, eshitganlaringni qo‘shib-chatib to‘qiysizlar. Uka, bu o‘zgarishlar Qorboboning sovg‘asi emas. Televizorda Prezidentimizning «Bo‘layotgan ishlarning qiyinligini bilganlar biladi, bilmaganlar baxtli», deb kuyunganlarini eshitganimda, u kishiga qo‘shilib yonib ketaman. Prezidentimiz nega bunchalar kuyib-pishyapti, nega qiyinchiliklarni tushunmaganlar baxtli, deb yozg‘iryapti, jurnalistlar shu haqiqatning tomirini ko‘rsatishi kerakmasmi, uka?

Hayitboy otaning gaplari, «nozik» ko‘ngilga malol kelsa-da, tan olishdan o‘zga iloj yo‘q edi. 

– O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim G‘afurovning telefon raqami bormi? – Murakkab vaziyatni yumshatmoqchidek so‘radi og‘am. – Domlaning «Tanlangan asarlar»ini o‘qib, ko‘p mutaassir bo‘ldim. Rahmatimni aytishim kerak. Xurshid Do‘stmuhammadnikiyam kerak. Kitobga «So‘zboshi»ni qo‘shiq qivoribdi.

– Biz tomonga qachon kelasiz? – so‘radi iltimosi bajarilgach. – Keling, Surxon to‘g‘risida bir «So‘zboshi» yozing siz ham Xurshid inimga o‘xshab. Kelsangiz, o‘zim ko‘rsataman, aylantiraman Alpomishlar yurti Surxonda, alplar vatani Surxondaryoda nimalar bo‘layotganini...

2

Alpomishlar yurti, alplar vataniga borayotganimni Hayitboy otaga aytmadim. Avval o‘zim tanishib, ko‘rib, «So‘zboshi»ga material yiqqanimdan keyin og‘amning ziyoratiga boraman.

Safarning birinchi kuni surxondaryolik jurnalist Xolmo‘min Mamatrayimov bilan kerakli idoralarga kirdik, faktlar, raqamlar to‘pladik. 

Raqamlar... Tog‘u toshlar oralab kelayotgan jilg‘alar daryoga tutashmaguncha ko‘zga tashlanmaydi. Turli jildlarda sochilib yotgan raqamlar ham bir daftarda jam bo‘lgandan so‘ng ko‘ko‘par cho‘qqilarga aylangandek bo‘lar ekan.

Nahotki, 7-8 yilda dunyoga kelgan bo‘lsa bu pahlavon raqamlar, deyman ko‘zlarimga ishongim kelmay. Nahotki, 2017 yili viloyat bo‘yicha hammasi 1 ming 743 ta bo‘lgan sanoat korxonalari 2024 yilga kelib, 5 ming 845 taga yetgan? Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning sanoatdagi ulushi 1 milliard 204 milliondan, 9 milliard 652 million so‘mga ko‘paygan?!

2017 yili viloyatda yetishtirilgan paxta tolasining atigi 11 foizi qayta ishlangan, hozir 100 foiz! Sariosiyoda «Surxon sifat tekstil» MCHJ, Denovda «Shashmaxkashob» MCHJ, Sherobodda «Sherobodтекс­тилинвест» MCHJ, Termiz shahrida «Amudaryoteks», Jarqo‘rg‘onda «Surxonteks» va «Nortekstayl» korxonalari mazkur sohaning «drayver»lariga aylangan. Yalpi hududiy mahsulot hajmi 2024 yil yakuni bilan 63,7 trillion so‘mga, sanoat mahsulotlari hajmi 2017 yildagi 2,3 trilliondan 17,4 trillion so‘mga; ko‘p qavatli uylar soni 108 tadan 832 taga ko‘payib, keyingi sakkiz yilda 31 ming xonadon hovli to‘ylari o‘tkazgan. 

2017 yilda viloyat bo‘yicha 387 ming 406 xonadon tabiiy gazdan foydalangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 452 ming 211 taga yetgan. Aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlash darajasi 2017 yildagi 42, 4 foizdan 64,7 foizga ko‘paygan. 

Aholining toza ichimlik suvdan bahramand bo‘lishida Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilayotgan «To‘palang» suv ombori bilan bog‘liq loyihaning alohida o‘rni bor. Mazkur loyiha doirasida naqd 90 milliard 83 million so‘m o‘zlashtirilib, 153,1 kilometr ichimlik suv tarmog‘i barpo qilingan. Sariosiyoda sutkasiga 200 ming kubmetr suvni tozalaydigan inshoot qurilgan. Denov tumanida 20 ming, Sho‘rchi tumanida 10 ming, Qumqo‘rg‘on tumanida 5 ming kub metr sig‘imga ega ichimlik suvni saqlash hamda tarqatish havzalari bunyod etilgan. 

Endi yo‘lga bo‘lgan e’tiborni ko‘ring: 2024 yilning o‘zida hududdagi 16 ming 171 kilometr avtomobil yo‘lining 901,1 kilometri tuzatilib, 20 ta ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlar qurilgan. 517,4 kilometr ichki yo‘llar hashar asosida ta’mirlangan. 

Xorijiy investitsiyalarni jalb etish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish va mahalliylashtirishga jiddiy e’tibor berilgani sababli o‘tgan yili 42 ta korxona 362,1 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahalliy mahsulotlar ishlab chiqargan va 20.4 million dollar tejab qolingan. 

Vohaning iqtisodiy salohiyati oshib, 2024 yil 361,1 million dollarlik tovar, xizmat va mahsulotlar eksport qilingan. Ularning 182,5 million dollari sanoat, 178,5 million dollari meva-sabzavot, 58,4 million dollari to‘qimachilik sohasiga tegishli. 2017 yilgacha vohadan dunyoning bor-yo‘g‘i o‘nta davlatiga mahsulot jo‘natilgan bo‘lsa, endi 40 ta mamlakatga mahsulot eksport qilinayotganiga nima deysiz?

Bunday mahobatli raqamlarni yana va yana sanayverish mumkin. Ular Sherobod dashtlaridek bepoyon, Boysun qirlaridek jilvakor... 

3

Sherobod dashtlaridek bepoyon, Boysun qirlaridek jilvakor raqamlar Hayitboy ota «Gazetlarni ochsang, xuddi «tap» etib osmondan tushganday...» deganda qanchalar haq ekaniga yana bir karra amin bo‘lasan kishi. 

Mana, qarshimizda O‘zbekiston bilan Afg‘onistonni bir-biriga bog‘lovchi mashhur Hayraton ko‘prigi. Moviy osmon artilgandek tiniq, havo issiq, ro‘paramizdan Jayhunning telba shabadasi esib turibdi. Uzoqda qo‘shni mamlakatning afsonaviy Balx viloyati dalalari, Mozori sharif, Hayraton shaharlari qorayib ko‘rinadi. Katta yo‘lning bir tomonida bojxona, ikkinchi tomonida Termizning Hayraton mahallasi. Amudaryo yoqalab ozgina yurgan kishi yaqinda ishga tushgan «Termiz xalqaro savdo markazi»ga kirib boradi.

O‘zbekistonning tashqi siyosatida insonparvar va pragmatik yondashuvning amaldagi ifodasiga aylangan bu majmuaning Markaziy Osiyoda muqobili yo‘q va u alohida geostrategik ahamiyatga ega. Markaz «Karachi – Termiz – Toshkent – Қozоғис­тон – Rossiya» xalqaro transport yo‘lagining asosiy bo‘g‘ini hisoblanib, O‘zbekiston va butun mintaqa uchun Hind okeani portlari orqali jahon bozoriga chiqish imkonini yaratmoqda.

Bu yerda Qozog‘iston va Xitoy savdo uylari tashkil etilgan. Rossiya, Tojikiston, Qirg‘iziston, Belarus kabi davlatlar ham savdo uylarini ochishga qiziqish bildirgan.

Mazkur majmuaning yana bir muhim jihati bor. Afg‘oniston bizning yon qo‘shnimiz. Yarim asr davom etgan urushlar, avval sovetlarning, so‘ngra amerikaliklarning zug‘umlari, undan keyingi ichki nizolar... Butun boshli bir avlod o‘q yomg‘irlari ostida o‘sdi. Behisob janglar, to‘kilgan qonlardan so‘ng hukumat Tolibon qo‘liga o‘tdi. Ammo o‘zini jahonning beklarimiz, deguvchi davlatlar yangi hokimiyatni tan olmadi. Afg‘on muammosi ular uchun muhim emas-da. Bizga esa Prezidentimiz dunyo minbarlarida, BMT yig‘inlarida qayta-qayta ta’kidlaganlaridek «tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etuvchi, qo‘shnilar va boshqa mamlakatlar bilan ochiq sheriklikka tayyor Afg‘oniston kerak. Juda kerak! Hozirgi qiyin davrda Afg‘onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo‘yish mumkin emas.

Afsuski, O‘zbekiston Prezidentining mana shu oddiy va oqilona siyosatini avval ham, hozir ham tushunmaganlar va tushunishni istamaganlar oz emas. Yurtboshimizning fikri esa o‘zgarmas va qat’iy: bizga tinch Afg‘oniston kerak. Kerakli bo‘lgani uchun qo‘shni mamlakatda O‘zbekiston ko‘magi bilan ko‘chalar, temir yo‘llar qurilyapti, madaniy va gumanitar yordamlar yuborilyapti, tolibon rasmiylari bilan bir piyola choy ustida og‘ir-og‘ir muammolar hal qilinyapti. «Termiz xalqaro savdo markazi»ning barpo etilishi mazkur yumushlarning davomi hisoblanadi. Markazning ishga tushirilishi, afg‘onlar bilan bordi-keldini rivojlantirishga, tadbirkorlikka yangi yo‘llar ochishga, yuzlab odamlarni ish bilan ta’minlab, dasturxoni to‘kin, xonadoni obod bo‘lishga hissa qo‘shmoqda. Hozir bu yerda 480 dan ziyod qo‘shma va xorijiy korxona faoliyat yurityapti. O‘tgan yilning o‘zida, Afg‘oniston bilan tashqi savdo aylanmasi 57,4 million AQSH dollariga yetdi.

36 gektar maydonni qamrab olgan markazda savdo do‘konlaridan tashqari, zamonaviy mehmonxonalar, xostel, klinika, biznes markazi faoliyat yuritmoqda. Birgina «Akfa Medline» klinikasi yiliga 46 ming bemorga mehru muhabbat ko‘rsatish imkoniga ega. 

Logistika markazi yiliga 22 ming yuk mashinasiga xizmat ko‘rsatadi. 

1100 kishi doimiy ish bilan ta’minlangan. 

Majmuadagi o‘zbek va afg‘on tadbirkorlarining o‘zaro samimiy munosabatlarini kuzatganda, Amu to‘lqinlarining yoqimli epkinlari ruhingga ayricha halovat bag‘ishlayotgandek tuyuladi – suyunasan. Beixtiyor: «Bo‘larkan-ku!» deya hayqirib yuborganingni bilmay qolasan. Ular bir-birlarining tilini, madaniyatini, urf-odatlarini qadrlaydilar. 

Bu yerda afg‘onlar uchun 15 kunlik vizasiz tartib yo‘lga qo‘yilgan. Bemalol so‘m, dollar, yevro, rubl va yuanda valyuta almashtirish mumkin. 

Savol tug‘iladi: qani, ayting, shu olag‘ovur zamonda qaysi davlat rahbari o‘z mamlakatidagi muammolarni hal qilish barobarida hamsoyamning ro‘zg‘ori obod bo‘lsin, deb jon kuydiryapti? «Bir ko‘ngil imorati – ming Makka ziyorati», deydilar. Necha yuz Makka ziyoratiga teng emasmi bir bozor ortidan necha yuzlab afg‘onu o‘zbekning qora qozoni qaynab turgani?

«Termiz xalqaro savdo markazi»da esa kunu tun hayot qaynaydi. Yuzlarda shodlik, ko‘zlarda quvonch. Axir, «Yon qo‘shning – jon qo‘shning», «Qo‘shning tinch – sen tinch»-da! Yomg‘ir bilan yer, tinchlik bilan el ko‘karadi. Tinchlikdan ulug‘, tinchlikdan aziz ne’mat bor ekanmi bu gardishi davronda, bu fig‘onli zamonda, bu jumlai jahonda?

4

Bu gardishi davronning, bu fig‘onli zamonning, bu jumlai jahonning o‘nlab nuqtalarida qonxo‘r dronlar vahshiyona daydigan, bombalar portlagan, shaharu qish­лоқларning kuli ko‘kka sovrilib, onalar dodlagan, chaqaloqlar jajji qo‘lchalarini musht qilgan ko‘yi chinqirib yig‘lab turgan bir paytda, Xudoyimga ming shukur deysan, ta’zimlar qilging keladi Vatan sarhadlarini quchib yotgan sokin sukunatga. Chechaklar atri ufurib turgan tong yellari, yo‘ng‘ichqazorlardan ko‘tarilayotgan beda hidi qalbingni allalaydi, shukronalik tuyg‘ulariga ko‘milib ketadi jonu jahoning. Oq hovurli tong pardasi ko‘tarilib-ko‘tarilmay ulkan jang maydoniga – chinakam mehnat «fronti»ga aylanib ketadi Surxondaryoning shaharu qishloqlari, dashtu dalalari. Hamma jangda, hamma jangchi – jim turgan odamni ko‘rmaysiz, ko‘rolmaysiz.

«Mustaqillikning 25 yilligi», Xovdog‘, Kakaydi, Lalmikor neft va gaz xazinalarida; Sharg‘un, Hisor, Boysun, Ko‘hitang tog‘lari etaklaridagi ko‘mir, Xonjiza va Xo‘jaikondagi polimetall, osh tuzi konlarida hayot qaynaydi. Gips, bazalt, fosfor, granit, temir, kaolin, oltingugurt tayyorlanadigan; charm, farmatsevtika, oziq-ovqat, neft mahsulotlari ishlab chiqaradigan manzillarda mehnat qilayotgan kishilarning shiddati yanayam o‘zgacha. Yiliga 2,5 million tonna meva-sabzavot yetishtiradigan dehqonlarning avji baland. Hatto, surxoncha tandirkabobga hozirlik ko‘rayotgan, cho‘ponchayu biqtirma, toshpatiru g‘ilmindi, qurtobayu shirguruch kabi lazzatli taomlar tayyorlayotganlarning ham qo‘li-qo‘liga tegmaydi. Yog‘och kuvilarda qatiqdan sariyog‘ni ajratib olib, kuz-qish va bahor fasllarida tanovul qilish uchun chorva mollarining tozalangan qornida saqlash tadorigini ko‘rayotgan tog‘liklarning ishi zavqingizni battar toshiradi. Bu borada omonxonaliklar tajribasi hech kimnikiga o‘xshamaydi. Ular qo‘lbola sariyog‘ni chorva molining tozalangan qorniga solib, g‘orlarda saqlaydilar. 

Hey, bu surxonliklar-yey! Ajdodlar an’analarini ularchalik avaylab-asrayotgan el bo‘lmasa kerak bu dunyoda. To‘ylari kurash, ko‘pkarisiz o‘tmaydi. Uzoqdan kelgan mehmonlarni qo‘shnilarnikiga joylashtirib, ularga «qo‘shxona», ya’ni oziq-ovqat berish udumi ham hanuz bardavom. Kunlar ilib, qish chekinayotganda o‘tkaziladigan «Darveshona» bayramida bahorning seryog‘in, hosilning mo‘l-ko‘l, yilning barokatli bo‘lishi uchun ehson ulashiladi, duolar qilinadi. 

«Beshik to‘yi»lari, to‘ylardagi baxshiyona ashulalar, do‘mbirakashlik, chanqovuz musobaqalari... Ayniqsa, baxshichilik! Vohada do‘mbirani sayratib o‘lan aytmaydigan, she’r to‘qimaydigan odam bo‘lmasa kerag-ov. Axir, Prezidentimiz 2019 yilning 6 aprel kuni Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro baxshichilik festivalidagi nutqida bekordan-bekorga «Surxondaryo – azaldan baxshilar yurti sifatida nom qozongan», demadilar-da.

Aytib ado qilish qiyin surxonliklarning odatlariyu an’analarini, tabiat гo‘zаллик­lariю yer osti va yer usti boyliklarini. 

Hatto, fasllarigacha o‘ziga xos: yozi jazirama issiq va uzoq, qishi iliq va qisqa. Archazoru pistazor, achchiq bodomu olmazor bog‘larida, butazoru o‘rmonlarida, shifobaxsh giyohlar o‘sib yotgan chakalakzorlarida erkatoy qushlarning chug‘ur-chug‘uri, bulbullarning yoqimli ovozi tinmaydi. Viloyatning janubi-sharqiy qismida tez-tez chang-to‘zonlar qo‘zg‘ab turguvchi Afg‘on shamolining-da ayricha tashvishi bor.

 Omonxona, Xo‘jaipok, O‘rinbuloq, Qo‘tirbuloq kabi shifobaxsh buloqlari ham borki, ularning suvi jigar, oshqozon-ichak, teri, buyrak, qandli diabet deydigan kasalliklarning «dodi»ni beradi. G‘alla, paxta, chorva, uzum, meva-sabzavot, subtropik o‘simliklar... Ayniqsa, surxon uzumining dovrug‘i azal-­azaldan mashhur. Manbalarda aytilishicha, sarkarda Iskandar Maqduniy voha uzumiga, uzumdan tayyorlangan musallasga maftun bo‘lgan, mevalarining rangi va xushbo‘y iforlaridan zavq olgan.

5

Mevalar rangi va xushbo‘y iforlaridan zavq olgan yuz-yuzlab tadbirkorlar esa viloyat iqtisodiyotini rivojlantirish yo‘lida astoydil mehnat qilishyapti.

Bahodir Qodirov shularning biri. U zamonaviy ko‘p qavatli uy-joy qurilishlari uchun yovvoyi qamish qirindisidan qimmatbaho qurilish materiali ishlab chiqaradigan «Surxon KSP-Grand» korxonasi egasi. 

– Viloyatimizning 26 ming gektardan ortiq maydonida yovvoyi qamish o‘sadi, – дyey­ди tadbirkor. – Har yili kuzda qamishzorlar beayov yoqib yuborilar edi. Bu Termiz, Muzrabot tumanlari va Termiz shahrining hayvonot dunyosiga, o‘simlik olamiga katta zarar yetkazib, ekologik muhitga yomon ta’sir ko‘rsatayotgan edi. Biz muammoni o‘rgandik va unga chek qo‘yish va tabiat in’om etgan bebaho boylikdan oqilona foydalanish uchun «Surxon sanoat qurilish» kompaniyasini tashkil qildik. Kompaniya mutaxassislarini xorijga yubordik, ular ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirib keldilar. Shu tariqa qamish zarrachali plitalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. 

Korxonaning arzon va pishiq mahsuloti tezda o‘z xaridorlarini topdi. Tadbirkor esa klaster usulini joriy etib, qamish zarrachali plitalarni laminatsiya qilishni ham o‘zlashtirdi. «Komfort mebel servis» korxonasida zamonaviy, bejirim mebellar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Yana bir sarmoyador Jamshid Pardayev esa vohada birinchi bo‘lib xususiy oliy ta’lim muassasasini tashkil qildi. Hozir uning ta’sischiligidagi Termiz iqtisodiyot va servis universitetida yoshlar o‘ndan ortiq yo‘nalishda bilim olmoqda. Tadbirkor shu bilan cheklanmadi – Oltinsoy tumanining Qaymoqli qishlog‘ida o‘zi o‘qigan maktab uchun qiymati 32,5 milliard so‘mlik ikki qavatli bino qurib berdi. Yangi binoda o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Intellektual sinfxonalar, sport zali, mini o‘yingoh, kutubxona, majlislar zali, kompyuter синф­хonalarи, oshxona... Sinfxonalar elektron doska bilan jihozlangan.

Tadbirkorlar haqida so‘z borganda, Termiz shahridagi «Surxon Sandvich» масъuлиya­­ти cheklangan jamiyati ta’sischisi Bahrom Raupovning ism-sharifi alohida ehtirom bilan tilga olinadi. Bahromjon shu yilning 7 fevralida bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbariga amalga oshirgan ishlari va rejalari to‘g‘risida gapirib berdi. Prezidentimiz Bahrom Raupovni yuksak mukofot – «Do‘stlik» ordeni bilan taqdirladi. 

Raupovni Vatan mukofotiga sazovor qilgan ishlar quyidagilardan iborat edi. 

Bahromjon bundan sakkiz yil muqaddam import o‘rnini bosadigan sendvich ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Pishiq va zamonaviy materialdan vohada ko‘plab ijtimoiy soha binolari, ishlab chiqarish korxonalari bunyod etildi. Ellikdan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxona endilikda sendvich panelda ishlatiladigan bazalt va penoplast qoplamalari ishlab chiqarishni ham o‘zlashtirmoqda. Yangi korxona yil yakunigacha foydalanishga topshiriladi va yana to‘rt yuzga yaqin ish o‘rni barpo etiladi.

Faqat shu emas, tashabbuskor ishbilarmon Denov tumanidagi Qizilsuv daryosi bo‘yida «Yoshlar sayilgohi»ni bunyod etmoqda. Zamonaviy loyihalar asosida qad rostlayotgan sayilgohda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalari, turli ko‘ngilochar мас­канлар bo‘ladi. Qurilishga yuz milliard so‘m mablag‘ sarflanadi, mingdan ortiq kishi ishli bo‘ladi.

Xullas, Surxon vohasida yuqorida nomlari tilga olingan kabi elsevar tadbirkorlar juda ko‘p. Ularning fidokorligi bilan Termiz shahri va barcha tumanlarda yoshlar sayilgohlari qad rostlamoqda. «Sayhunobod», «G‘ijduvon», «Uychi» tajribalari asosida hammaga ko‘z-ko‘z qilgulik loyihalar ishga tushirilyapti.

Biroq bu boradagi ishlarni barcha hududlarda bir maromda, deyish qiyin. «Қи­йин»ligini Angor va Sherobod tumanlari misolida yaqqol ko‘rish mumkin. 

Angor hududiy jihatdan kichikroq, aholisi ham Sherobodnikidan kam. Hududining bir qismi tog‘likdan iborat bo‘lgan Sherobod esa yerosti qazilma boyliklarining ko‘pligi bilan Angordan ajralib turadi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish imkoniyatlari keng. Tumanda oltingugurt, marmar, sement, osh tuzi, granit kabi yerosti qazilma boyliklari serob. Ammo ana shu boyliklardan samarali foydalanish o‘rniga mavjud korxonalar ham tanazzulga yuz tutayotgani, tumandagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining sement zavodi, kalava-ip, yog‘ ishlab chiqarish korxonalari past quvvatda ishlayotgani yoki ishlab chiqarish to‘xtab qolgani tashvishlidir. 

Angorda esa buning aksi. Tumanga zamonaviy sanoat kirib kelmoqda. Bir necha kichik sanoat korxonalari barpo etildi, oziq-ovqat mahsulotlari, mebel, qurilish materiallari, yelim buyumlar, kiyim-kechak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Viloyatda yagona bo‘lgan «Top Qualty Brand» ­mas’uliyati cheklangan jamiyatining terini qayta ishlash korxonasi ham Angorda. Ishsizlik darajasi ham Sheroboddan keskin farq qiladi. Ishsizlar soni Sherobodda besh ming, Angorda 2 ming nafarga yetar-yetmas. Gap bu yerda aholining kam yoki ko‘pligida emas, mavjud imkoniyatlardan kim qanday foydalanayotganida. Agar imkoniyatdan oqilona foydalanilganda edi, Sheroboddek katta salohiyatga ega hududda ishsizlik muammosi allaqachon o‘z yechimini topishi mumkin edi. 

Yana bir gap, joriy yilning dastlabki choragida Angor tumanida 24,3 million dollar qiymatga teng xorijiy инвес­тициya o‘zlashtirildi. Xususan, «Zamin Angor Klaster» mas’uliyati cheklangan jamiyati 13,7 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘ini o‘zlashtirib, «Ingichka tolali paxtani qayta ishlashni tashkil etish» loyihasini amalga oshirmoqda. Hademay yana yuzlab angorlik ishli bo‘ladi. 

Tumanda qiymati 109,1 milliard so‘mlik 52 ta loyiha shakllantirilgan. 6,5 gektar maydonda uchta Kichik va Yoshlar sanoat tadbirkorlik zonasi bunyod etilyapti. Bu loyihalar ishga tushirilgach, 350 ta yangi ish o‘rni yaratilib, byudjetga qo‘shimcha 2,6 milliard so‘m mablag‘ tushiriladi. Tumanning mahsulot ishlab chiqarish hajmi 56,9 milliard so‘mga yetkaziladi. Sherobodda esa...

Afsuski, faqat Sherobod emas, viloyatning boshqa joylarida ham ulkan эврилish­лар yo‘liga sun’iy g‘ov bo‘layotganlar uchramoqda. Urug‘chilik, poraxo‘rlik, tamagirlik degan illatlarning ildizi qirqilmayapti. Masalan, o‘tgan yili viloyatda korrupsiya­­ga oid jinoyat ishlari bo‘yicha 189 nafar shaxsga oid 125 ta jinoyat ishi ko‘rilgan. Ularning 109 nafariga axloq tuzatish, 12 nafariga ozodlikni cheklash, 23 nafariga ozodlikdan mahrum etish, ikki nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi ta­йинланgaн. 38 nafariga jarima qo‘llangan. Sherobod tumanida korrupsiya bilan bog‘liq ishlari uchun 16 shaxsga oid o‘nta jinoyat ishi ko‘rilgan.

Surxon, ona daryo, hayqir narakor,

Ko‘ksingda qolmasin zarracha g‘ubor! – 

deya hayqirging keladi bunday illatlarga duch kelganda. Chunki alpomishlar o‘lkasi, alplar vatani bo‘lgan Surxondaryoda; dunyoga Hakim at-Termiziy, Sulton Saodat, Imom Termiziy, Xo‘ja Alouddin Attor Valiy, Mavlono Muhammad Zohid, So‘fi Olloyordek ulug‘ avliyolarni yetkazib bergan Surxondaryoda; Sharafuddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asarida «Janub gavhari», deya ta’riflangan Surxondaryoda; Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev «mard va olijanob, oriyatli el yashaydigan tabarruk zamin», deya ardoqlagan Surxondaryoda; O‘zbekyurtning janubdan Afg‘onис­тон, shimoli-sharqdan Tojikiston va janubdan Turk maniston Respublikalari shimoli-g‘arbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh yirik viloyati bo‘lgan Surxondaryoda; tarixi «Avesto»dan-da qadimiyroq bo‘lgan Surxondaryoda bo‘lmasligi kerak bunday qusurlar...

6

Tarixi «Avesto»dan-da qadimiyroq Surxondaryoning o‘tmishi hazilakam emas-ku, axir?

Boysunning Teshiktoshidan topilgan «neandertal odam», Ayritom, Machay, Zarautsoy darasidan chiqqan tosh qurollar, qoyalarga chizilgan yovvoyi buqani itlar yordamida ovlash manzaralari, dinozavrlarning toshda qotib qolgan izlari... 

Azizlar, tasavvur qiling, dinozavr qachon yashagan? Mezozoy erasida. Shundaymi? Demak, bundan 60 million yillar ilgari ham Surxon daralarida, zovlarida dinozavrlar sudralib yurgan. Ibtidoiy odamlar olishgan, jang qilgan afsonaviy ajdaholar, qirq kallali hayvonlar bilan. Neolit va eneolit davrlarida toshlardan bolta, pona, iskana yasagan. Keyin-keyin metalldan, misdan qurol yasashni o‘rgangan, suv bo‘ylarida yerto‘lalar, chaylalar tiklangan, guvalalardan uylar qurilgan. Sherobod, Sho‘rchi, Bandixon tomonlarda ilk shaharlar yuzaga kelgan. Sopollitepa manzilidan topilgan ashyolar zamonlar o‘tib, hunarmandchilik, madaniyat, san’at rivojlana boshlaganini, shaharsozlik, mudofaa devorlari qurilganini tasdiqlaydi. Mudofaa devorlari tiklandimi, demak, o‘zaro kelishmovchiliklar, yer, mulk talashuvlari, bosqinchilik urushlari boshlangan. Miloddan avvalgi VIII-VII asrlarga kelib, o‘z davrining qudratli davlati – Baqtriya podsholigi tashkil topadi. Biroq keyinchalik bu davlat shu qadar ag‘dar-to‘ntar bo‘ladiki, nom-nishon qolmaydi ne-ne mashaqqatlar bilan qurilgan koshonalardan. 

Shu tariqa mamlakatning qo‘ldan-qo‘lga o‘tish davri boshlanadi. Avval, Ahamoniylar sulolasidan bo‘lmish Eron shohlari, keyin makedoniyalik Iskandar, undan keyin kushonlar, eftalitlar, turk hoqonligi, arablar, somoniylar, g‘aznaviylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshohlar, mo‘g‘ullar, temuriylar, shayboniylar; XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab chor Rossiyasi, undan so‘ng sho‘rolar zulmi... 

Zulmdan qutulishdek mo‘’tabar baxtni ming-ming yillar davomida orzu qilgan edi bobolarimiz. Ne baxtki, bizga nasib etdi bu muazzam davron – Vatan mustaqilligi! Erkin havolar kirdi o‘zbekning yuragiga. Yangi davr, yangi hayot... Ayniqsa, ке­йинги yillardagi bunyodkorliklar, yangiлик­лар, obodliklar.

– Yuqorida guvoh bo‘lganlarimiz Surxondaryodagi evrilishlardan ayrim parchalar, xolos, – deydi iftixor bilan hamrohim Xolmo‘min Mamatrayimov. – Qo‘hitang qoyalaridan kam emas viloyatimizda qilinayotgan ishlar. Yutuqlarimizning hammasi Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning elparvarligi orqasidan bo‘lyapti. Mana qarang, so‘nggi yillarda mamlakatimiz rahbari roppa-rosa o‘n marta tashrif buyurdilar Surxondaryoga. Har tashrifda o‘nlab yirik loyihalarga poydevor qo‘yildi. 

Hamrohimning so‘zi yakuniga yetmay, telefonim jiringlab qoldi. Hayitboy ota. Kelganimni eshitgan bo‘lsa-ya.

– Assalomu alaykum... 

– Prezidentimizning ma’ruzasini eshitdingizmi?! – degan baland ovoz jarangladi telefonda. – Xalqaro investitsiya forumida qanday zo‘r gaplarni aytdilar. So‘zlarini qarang, nur taratadi-ya, nur. Qalbi ko‘rinib turganday bo‘ladi har gapida. U kishidan o‘rganish kerak vatansevarlikni, jonfidolikni, samimiyatni, rostgo‘ylikni. Bunday shaxslarni davrning o‘zi olib chiqadi sahnaga. Prezidentimiz haqiqiy O‘zbekiston Qahramoni. Hey, kerak bo‘lsa, Nobel mukofotini berish ham kamlik qiladi bunday ulug‘ zotlarga. Lekin... – Hayitboy ota chuqur nafas olib, bir zum jim qoldi. – Shukronalikni bilmaydiganlar bor, – davom etdi salmoq bilan. – Qaysi kuni ko‘chaga chiqsam, bir yigit hammani o‘g‘riga chiqaryapti, bizda adolat yo‘q, deb baqiryapti. Surishtirsam, hokimiyat bilan bog‘liq ishi bitmabdi. Bitta ishing bitmasa hammani o‘g‘riga, jamiyatda adolat yo‘qqa chiqarish kerakmi? Ammo amaldorlarni ichidayam kalondimog‘, manman, tamagirlar bor-da, uka. Kitob ko‘rmagan, dunyobexabarlardan chiqadi bunday ko‘rimsiz nusxalar. Yil o‘n ikki oyda bir bet kitob o‘qimaydi ular. O‘n mingdan ortiq kitob bor mening kutubxonamda. Bir maqtanib qo‘yaymi, Toshkentning eng katta kutubxonasidayam yo‘q mendagi kitoblar. Hammasini o‘qiganman, har kun o‘qiyman. Prezidentimiz kitob o‘qiganlarga, mashina berib, sovg‘a-salomlar bilan rag‘batlantirganlarini ko‘rganimda g‘ururga to‘lib ketaman, g‘ururga. Xudoyim o‘zbek xalqini siylagan shunday oqil Prezident bilan. Surxondaryoni alplar yurti, alpomishlar vatani deymiz, bu juda to‘g‘ri. Lekin bugun Prezidentimiz nutqini eshitayotib yana bir marta amin bo‘ldimki, butun O‘zbekiston alplar Vatani ekan. Vatanimizning Shavkat Mirziyoyevdek jasur rahbari bor ekan bundan ham obod, bundan ham boy bo‘ladi, «Janub gavhari» bo‘lgan Surxondaryo, Xudo xohlasa.

 

Abdusaid KO‘CHIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi,

O‘zbekiston Respublikasida 

xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi