Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Janob Prezident, Misrga xush kelibsiz!
09:22 / 2023-02-20

Muhtaram Prezident! O‘zingiz bilan Toshkent gullari, o‘zbek dehqonlari peshona teri ifori va Samarqand o‘g‘lonlari barmog‘i izi tushgan non olib kelishingizni so‘raymiz.

Tashrif oldidan

Xabar berganimizdek, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisining taklifiga binoan bugun va ertaga rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif oldidan O‘zA muxbiri Misr – O‘zbekiston Do‘stlik uyushmasi raisi – professor, doktor Magdi Zaabal bilan suhbatlashdi. U ikki mamlakat munosabati tarixiga to‘xtalar ekan, shunday dedi:

– Avvalo, shuni aytmoqchimanki, biz O‘zbekistonni boy tarixga ega, sivilizatsiya ravnaq topgan mamlakat sifatida bilamiz. Bu zamindan qomusiy bilimi bilan dunyoni lol qoldirgan ko‘plab buyuk allomalar yetishib chiqqan.

Muhtaram Prezident Shavkat Mirziyoyev Misrga tashrif buyurib, bu yerga milliy mustaqillik, zamonaviy iqtisodiyot, ilmiy tiklanish qadriyatlari bilan birga buyuk tarix va ravnaq topgan sivilizatsiya elementlarini, o‘tmish va kelajak o‘rtasidagi o‘ziga xos va umumiy ilhombaxsh yutuqlarni ham olib keladi.

– Janob Magdi, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi munosabatning joriy holatiga, umuman, hamkorligimizning bugungi kundagi ustuvor yo‘nalishlariga qisqacha to‘xtalsangiz.

– O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, yangi davlat barpo etishning madaniy tarkibi va zamonaviy ruhi bilan ajralib turadigan milliy tiklanish jarayoniga qadam qo‘ydi. Aynan shuni “o‘zbek taraqqiyoti modeli” deb atash joiz. Jahon mamlakatlari respublika mustaqilligini tan olib, mamlakatga siyosiy, iqtisodiy, texnik jihatdan yordam ko‘rsatishga baholi qudrat hissa qo‘shmoqda. Jumladan, Misr ham O‘zbekistonda o‘z elchixonasini ochgan, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy va ilmiy  aloqalar maskani - Misr madaniyat markazi faoliyat yuritmoqda.

– 2018 yil 4 sentyabr kuni Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh As-Sisi rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga kelgan, o‘tkazilgan muzokaralar yakuni bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti va boshqa qator kelishuvlar imzolangan edi. O‘tgan 4 yil mobaynida qabul qilingan hujjatlar natijasi o‘laroq, Misrda qanday ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi?

– Prezident Abdulfattoh As-Sisining 2018 yil O‘zbekistonga amalga oshirgan tarixiy tashrifi ikki davlat o‘rtasida yangi ufqlar ochdi. Shaxsan menda ushbu tashrif o‘zgacha yoqimli taassurot qoldirdi, chunki Qohiradagi Misr va O‘zbekiston Do‘stlik uyushmasi rahbari sifatida Prezident Sisi bilan uchrashib, O‘zbekiston haqida yozgan ikki kitobimni unga sovg‘a qildim. Shu bilan birga muhtaram Prezidentdan dunyo sivilizatsiyasidagi yuksak mavqei va Markaziy Osiyodagi beqiyos strategik ahamiyati tasdig‘i sifatida imkon qadar tezroq O‘zbekistonga tashrif buyurishini so‘radim.

Tashrif muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Davlat rahbarlari diplomatiya, qishloq xo‘jaligi, yoshlar, sport, adliya, turizm, tarix, madaniy meros, muzeylar, oliy ta’lim, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha qator shartnomalar imzolashdi. So‘nggi to‘rt yilda aksariyat kelishuvlar bo‘yicha munosabatni rivojlantirishga erishdik.

O‘zbekistonning ko‘plab kompaniyalari, ishbilarmonlari Qohiraga kelishdi. Siyosiy sohada men Shanxay hamkorlik tashkiloti qo‘mitasidan Toshkentga taklifnoma  oldim va o‘tgan yil mayda Xalq diplomatiyasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan anjumanda Misr vakili sifatida ishtirok etdim.

– Tarixdan ma’lumki, bizning buyuk ajdodimiz – astronom, matematik va geograf Ahmad Farg‘oniy yulduzlar harakatini uzluksiz kuzatish barobarida Nil daryosi sathidagi o‘zgarishni daryodan uzoq-yaqinligiga qarab aniqlagan, yer hosildorligi jadvalini tuzgan. Shu tartibda soliq tizimini yaratgan. Olimning Nil daryosi orollaridan biri – “Roud burni”ga qurgan “Miqyosi Nil” uskunasi Misrda yangicha soliq miqdoriga asos solgan. Mazkur ilmiy kashfiyotlar mamlakatda hozir qay darajada muhim ahamiyatga ega?

– Ha, albatta, bu noyob ilmiy yutuqlardan biridir, chunki hijriy 248 milodiy 862 yilda abbosiy xalifa Al-Mutavakkilning topshirig‘iga ko‘ra, Ahmad Al-Farg‘oniy Misrga tashrif buyurib, Qohira markazidagi  Al-Rovud orolida Nilometr o‘rnatgan. Ayniqsa, Katta to‘g‘on qurilayotgan va daryo sathi to‘g‘on bilan boshqarilgan paytda bu uskuna katta ahamiyat kasb etgan.

Bu o‘lchov uskunasi ilm fan yutug‘i va olimlarning o‘z Vatani taraqqiyotiga xizmatini aks ettiruvchi o‘lmasdir. Ahmad Al-Farg‘oniyning ilmiy merosi va uning  Qohira qoq markazidagi haykali Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi abadiy do‘stlik ramzi bo‘lib qoladi.

– Yaxshi bilamiz, Misrda o‘zbek mahallalari bisyor. Ko‘plab o‘zbekistonliklar mamlakatning turli hududlaridan qo‘nim topgan. Mutaxassis yoki oddiy inson sifatida bizning vatandoshlarimiz haqida qanday fikrdasiz?

Qohira markazidagi teatr atrofida katta park va mashhur kitob yarmarkasi mavjud. Bularning bari o‘zbek etnik guruhi nomi bilan bog‘liq. Qohiraliklar bu hududni o‘zbek mahallasi deb atashadi. O‘rta asrlarda bu mahallada O‘rta Osiyodan kelganlar istiqomat qilgan, boqqa ham o‘zbeklar asos solgan. Bundan tashqari o‘zbeklar bilan bog‘liq masjid, ko‘cha va mahallalar ham bor. Ushbu madaniyat binolari o‘z tarixiga ega, shuningdek, ularning kelib chiqishi haqida hikoya va afsonalar mavjud.

Hozir Qohira markazida o‘zbeklar bilan bog‘liq eski mahalla saqlanib qolganiga alohida to‘xtalmoqchiman. Bu mahallada Shosh (Toshkentning qadimiy nomi), Buxoro, Farg‘ona, Taroz (Jambulning sobiq nomi) oilalari yashaydi. Ular o‘z ota-bobolari kelgan joy nomlarini hozirgacha muqaddas saqlab kelayotgani hayratlanarli. Misr tarixchilari yozganidek, bu mahallaning tashkil topish tarixi XIV asr oxiriga borib taqaladi.

Shuningdek, insoniyat tarixidagi birinchi muhandis, ilk shifokor va ilk tarixchi qadimgi misrlik daho olim, “bizning bobomiz” “Imxotep”  haqidagi qadimgi misrliklarning astronomiyaga bo‘lgan  qiziqishi va donoligini ifodalovchi afsonalardan biri. Ajdodlarimiz  ko‘plab ilmiy yutuqlarida o‘zbek allomalari o‘rni ulkan ekanini ta’kidlashgan.

Qayd etish joiz, Misr va O‘zbekiston o‘rtasidagi sivilizatsiyaviy yaqinlik har ikki tomonda olimlar ko‘pligi bilan belgilanadi: Imxotep  birinchi, Ibn Sino uchinchi shifokor, Al-Xorazmiy dunyoviy olim.

– O‘zbekiston – Misr aloqalarini rivojlantirish, yangi istiqbolli yo‘nalishlarni topish orqali hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish uchun nima qilish kerak? Bu jarayonda qaysi jihatlarga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylaysiz?

– Bu borada ko‘p takliflarimiz bor. Aloqani mustahkamlash, bir-birimizga investitsiya kiritishimiz zarur. Shu bois, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtalmoqchiman:

Birinchidan, iqtisodiy hamkorlik va sanoatni mahalliylashtirish maqsadga muvofiq. Bu mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan sohalardan biri. Sanoat, ayniqsa, og‘ir sanoat taraqqiyot lokomotivi bo‘lgani tufayli umumiy bozorlarni kengaytirishda inqilobiy va hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

So‘nggi to‘rt yil ko‘p joylarda sezilarli iqtisodiy faollik va rivojlanish kuzatildi. Yangi takliflar haqida so‘rasangiz, yurtingizda teri, farmatsevtika, kiyim-kechak sanoati kabi yo‘nalishlar bo‘yicha Misr sanoatini mahalliylashtirishdan boshlashni taklif etgan bo‘lardim. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘zbek bozorini Misr mahsulotlari bilan to‘ldirish va ularni  Rossiya, Markaziy Osiyoga eksport qilish. Ayni paytda Misr orqali arab va Afrika bozorlariga ham o‘zbek mahsulotlarini  olib kirish.

Ikkinchidan, madaniy meros: Bu qo‘lyozma, arxeologiya, arab tili va tarix yo‘nalishlarida davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatni rivojlantirishning samarali yo‘li.

Madaniy turizm masalasi esa alohida e’tirof talab etadi. Misrda millionlab so‘fiylar Buxoro va O‘zbekistonning turli viloyatlaridagi ziyoratgohlarga tashrif buyurishni istaydi. Agar bu dastur muvaffaqiyatli amalga oshiriladigan bo‘lsa, qandoq yaxshi.

Uchinchidan, talaba va yoshlar delegatsiyalari almashinuvi ikki mamlakat ijobiy tajribasini o‘rganishga salmoqli hissa qo‘shadi. O‘z o‘rnida, oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar o‘zaro taraqqiyot strategiyamizga beovostia to‘g‘ri kelishini aytib o‘tmoqchiman.

O‘zbekiston va Misr barcha sohalarda ilmiy yutuqlarga erishgan. Munosabatlarimizda umumiy sohalar ham mavjud bo‘lib, shulardan eng muhimi qishloq xo‘jaligidir. Xususan paxta, meva va sabzavot bo‘yicha ilmiy izlanishlarni faollashtirish rejasi ham bor.

Shuningdek, qo‘lyozmalar yo‘nalishi, manbalarni ilmiy tadqiq etish, ayniqsa arab tilida yozilgan, Toshkent va Qohiradagi kutubxonalarda mavjud bo‘lgan qo‘lyozmalarni o‘rganishga ehtiyojimiz bor. Shu bois, Prezident Shavkat Mirziyoyevga Misrga tashrifi chog‘ida “Ibn Sino inson tibbiyoti tarixidagi birinchi genetik olimmi?” nomli yakunlangan tadqiqotimni sovg‘a qilmoqchiman.

Bu tadqiqotda insoniyat genetika fanini bilishidan taxminan 800 yil oldin Ibn Sinoning tarixdagi ilk genetik olim bo‘lganini isbotlovchi  ilmiy dalillar keltirilgan. Shunday ekan, bizning o‘zbek olimlariga  hurmatimiz cheksiz.

So‘zimni murojaat bilan yakunlashga ijozat bergaysiz.

Muhtaram Shavkat Mirziyoyev, Misrga tashrif buyurganingizda o‘zingiz bilan Toshkentning bir dasta guli, olijanob o‘zbek dehqoni peshona teri ifori va Samarqand o‘g‘lonining barmoq izi tushgan bir bo‘lak non olib kelishingizni so‘rardim. Bizning o‘lmas Nil daryomiz azim Amudaryo suviga tashna.

Janob Prezident, Misrga xush kelibsiz!

E’tiboringiz uchun rahmat!

O‘zA muxbiri

Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.