Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jannatdagi sirdoshim” – onalar sharaflangan kitob
17:38 / 2025-08-18

Inson bor ekanki, doim eng yaqin kishisiga – onasiga yuragidagi borini to‘kib soladi. Chin dunyoga qaytgan onaizorlarga esa xayolida maktublar bitaveradi. Mangu ketganini bilsa-da, bu tabarruk inson go‘yo hozir kelib qoladigandek kutaveradi...

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, mohir adiba va jurnalist, publitsist, tarjimon Dilfuza Qarshiboyevaning yaqinda chop etilgan “Jannatdagi sirdoshim” deb nomlangan kitobi har birimizning onalarga aytar dil izhorlarimizni o‘zida mujassam etgani bilan diqqatga sazovor. 

Kitobdagi “Jannatdagi sirdoshim” nomli qissa onaga maktub tarzida ifoda etilgani bilan har qanday o‘quvchining e’tiborini o‘ziga jalb etishi tabiiy. Qissada go‘dakning o‘z volidasini yo‘qotishi, uning goh mahzun, gohi sarguzashtli bolaligi, ko‘ngli kemtik qizaloqning qalb kechinmalari, kamoloti juda batafsil ifoda etilgani bilan ahamiyatga molik. Kitobxon qissani o‘qir ekan, murg‘ak bolaning boshiga tushgan bulutli kunlardan ko‘zi yoshga to‘ladi. Uning samimiyati, beg‘uborligi, erka fe’l-atvoridan zavqlanadi. Qat’iyati, azmu shijoatini olqishlaydi. 

Qissa shunisi bilan ahamiyatliki, unda qishloqning sertashvish, ba’zan sokin, oddiy va ayni paytda juda qadrdon, yurakka yaqin jaydari hayoti, uning turfa fe’lli odamlari o‘quvchi ko‘zi o‘ngida yaqqol namoyon bo‘ladi. Ayni damda ushbu asar sho‘rolar davridagi paxta yakkahokimligi, cho‘lni o‘zlashtirish, siyosat, mafkuradagi tazyiqlar, millatni o‘zligidan judo qilish yo‘lidagi urinishlar, 90-yillar avvalidagi xalqimiz boshidan kechirgan sinovli va murakkab kunlar juda sodda, ravon yo‘sinda, haqiqatga tik qarab va shu bilan birga muallifning o‘zigagina xos bo‘lgan go‘zal badiiyat bilan ifoda etilgan. Shu bilan birga, qissa inson ba’zan o‘z fe’l-atvoridagi uning o‘zi ham anglab yetishi murakkab bo‘lgan evrilishlarni aks ettirgani ham e’tiborga molik. 

Kitobdan o‘rin olgan “Katta ariq”, “Yong‘oq”, “Tanish”, “Yangi rahbar”, “To‘y”, “Beshbuloqning bolasi” kabi hikoyalar ham mehr-oqibat, odamgarchilik, yaxshilik insondan qoluvchi eng buyuk ma’naviy meros, o‘chmas nom ekaniga ishoradek go‘yo. 

“Beshbuloqning bebosh bolasi” nomli esse esa O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zAning Sirdaryo viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri, mohir ijodkor Shuhrat Suyarovning yorqin va porloq xotirasiga bag‘ishlangani bilan diqqatga sazovor. Esseda hamkasbimizning nainki ijodkor, balki yaxshi inson sifatida qirralari o‘ziga xos mahorat bilan ochib berilgan. 

Shuningdek, mazkur kitobda Dilfuza Qarshiboyevaning Yuriy Bondarev, TURKSOY tashkiloti Bosh kotibi, taniqli qirg‘iz adibi Sulton Rayev, O‘zbekistonni o‘z yurti deb biladigan fidoyi va zahmatkash yozuvchi Nikolay Ilin qalamiga mansub esse va hikoyalardan tarjimalariga ham keng o‘rin berilgan. 

Aytish kerakki, Dilfuza Qarshiboyeva Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida tavallud topgan. U Toshkent davlat universiteti – hozirgi Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. 

Ijodkor ko‘p yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazida faoliyat ko‘rsatgan. Hozirda esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida mehnat qiladi. 

Muallifning “Ruhlarni izlayman dunyodan”, “Sirdaryo mavjlari” nomli to‘plamlarida she’rlari, hikoya va esselari chop etilgan. Shu bilan birga, uning “Ko‘nmagan ko‘ngil” kitobida hikoyalari jamlangan. 

Dilfuza Qarshiboyeva ko‘p yillardan buyon milliy ma’naviyatimiz, milliy o‘zlik, istiqlol g‘oyalarining faol targ‘ibotchisi sanaladi. Ijodkor TURKSOY xalqaro tashkilotining mukofoti bilan taqdirlangan. Adiba “Madaniyat va san’at fidokori” ko‘krak nishoni sohibasi, “Atirgul” respublika ijodiy tanlovi g‘olibi bo‘lgan. 

Nazokat Usmonova, Ahmadjon To‘rayev (surat), O‘zA