Mamlakatimizda o‘tayotgan Turkmaniston Respublikasi madaniyati kunlari doirasida Buxoroda Turkman gilamlari tarixi milliy ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Turkman gilamining olamshumul dovrug‘iga bag‘ishlangan “Jannat go‘zalligi – turkman gilami” deb nomlangan xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda o‘zbek - turkman madaniy markazlari vakillari, xalq amaliy san’ati, chunonchi, gilamdo‘z hunarmandlar, Buxoroda tahsil olayotgan talaba yoshlar bilan birga xorijiy davlatlardan taklif qilingan mehmonlar, ilmiy tadqiqotchi, san’atshunos olimlar, do‘stlik jamiyatlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Bir necha asr oldin deyarli barcha turkman gilamlari ko‘chmanchi qabilalar tomonidan butunlay mahalliy materiallardan, qo‘ylardan olingan jo‘n va o‘simlik bo‘yoqlari yoki boshqa tabiiy bo‘yoqlardan tayyorlangan. So‘nggi asrlarda bejirim va pishiq ipak va jo‘ndan to‘qib tayyorlangan naqshinkor turkman gilamlari nafaqat Buxoro amirligi va qo‘shni xonliklar saroylari, bek va amaldor mulozimlar uylarini bezagan, balki xorijiy davlatlarda dovrug‘ taratgan. Hatto Buyuk Britaniya Qirollik oilasi, Rossiya Federatsiyasida Birinchi jahon urushidan oldingi davrda ham turkman gilamlari mashhur bo‘lgani haqida qator tarixiy manbalarda yozilgan.
Turkman gilamdo‘zligida azaldan dala-dashtu cho‘l-biyobonda yashagan har bir qabilaning qo‘l mehnati namunasi sifatida gilamdo‘zlikda o‘ziga xos geometrik naqshlardan keng foydalanilgan. Bunda mashhurlari Yovmut, Ersari, Sariq, Salor va Teke turlaridir. Turkman gilamdo‘zligida taxminan 1910 yildan beri tabiiy bo‘yoqlar bilan bir qatorda sintetik bo‘yoqlar ham qo‘llana boshlangan. Egri va to‘quv iplari uchun paxtadan foydalanish ham keng tarqalgan.
[gallery-14329]
Asosan Pokiston, Eron, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish uchun ko‘p miqdorda ishlab chiqariladigan turkman gilamlarini to‘qishda aksar holda sintetik bo‘yoqlardan, paxta tolalari va jo‘nlardan foydalaniladi. Ularning qadimdan shakllangan turkman qabilalarining asl gilamlari bilan o‘xshash jihatlari ko‘p. Ushbu eksport gilamlarida turli naqsh va ranglar qo‘llaniladi, lekin eng o‘ziga xosi Buxoro dizayni bo‘lib, u Teke qabilasining asosiy gilam namunasidan olingan. Bunday to‘shamalar ko‘pincha qizil yoki jigarrang fonga ega bo‘ladi. Yana bir nusxa Ersari qabilasining gilamidan olingan bo‘lib, sakkiz burchakli fil oyog‘i dizayniga ega. Ashxobodda asl turkman qabila gilamlari namunalari saqlanadigan Turkman gilam muzeyi ham boy ashyolari bilan tanilgan.
An’anaviy turkman naqshi solingan ko‘plab afg‘on gilamlari ham ushbu mamlakatda yashovchi etnik turkmanlar tomonidan to‘qib chiqarilmoqda. Qo‘shni mamlakatda asosan eksportga mo‘ljallangan ko‘plab gilamlar ishlab chiqariladi va ularning aksariyati aynan “Buxoro“ dizayniga taalluqli namunalar hisoblanadi.
Turkmanistonda dunyodagi eng katta gilamlardan biri to‘qib tayyorlangan. Boshqacha aytganda, XX asr ikkinchi yarmidan boshlab gilamdo‘zlik sanoati Turkmaniston iqtisodiyotining muhim tarmoqlaridan biriga aylangan. Balki shu bois, 1992 yildan buyon Turkman gilami kuni har yili may oyining oxirgi yakshanbasida milliy bayram sifatida nishonlanadi. Zamonaviy turkman gilamlari orasida 2001 yilda to‘qilgan va 2003 yilda Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan to‘shama ham bor. Bu naqshinkor anorrang gilamning sathi 301 metr kvadratga teng bo‘lib, hozir chevar hunarmandlar tomonidan qo‘lda to‘qilgan dunyodagi eng katta gilam sifatida e’tirof etilmoqda.
Turkman gilamiga daxldor yuqoridagi va yana boshqa ma’lumotlar haqida xalqaro ilmiy konferensiya ishtirokchilari, jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi qoshidagi san’atshunoslik instituti kafedra mudiri, professor Elmira Gyul, Rossiya Federatsiyasining Sankt Peterburg san’at instituti professori Yelena Sareyeva, Turkmaniston-Rossiya do‘stlik jamiyati raisi Gulobod Amandurdiyeva, ko‘p yildirki, ko‘hna qit’a va Amerika Qo‘shma Shtatlarida Markaziy Osiyo xalq amaliy san’ati, xususan, turkman gilamlari targ‘ibotini olib borayotgan Buyuk Britaniya ilmiy-ommabop jurnali “Haly” bosh muharriri o‘rinbosari Malen Lyunberg, Buxoroda “SD Turkmen haly” deb nomlangan turkman gilamlari ishlab chiqarish korxonasini ochgan hunarmand va tadbirkor So‘lmaz Jumayeva, Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi Qoryog‘di Jumayevlar atroflicha axborot berdi.
E’tirof etilganidek, taniqli turkshunos olim, turkman va boshqa turkiy tillar bilag‘oni, professor Yusuf Ozmunning “So‘z ko‘kimiz, o‘z ko‘kimiz”, ya’ni “So‘z tomirimiz, o‘z tomirimiz” degan kitobida turkman oti va gilami haqida ham alohida to‘xtalib o‘tilgani holda misol tariqasida “gilam”, yo turkiysi “qalin” so‘zi avvaliga “qavuz”, “qobuz”, “qavur” shakllarida bo‘lgani va ayni shu shaklda rus tiliga “kovyor” bo‘lib o‘tgani ilmiy asoslangan. Binobarin, qo‘shni Turkmaniston zaminida ko‘p asrlardan buyon mahalliy aholi jo‘ndan va ipakdan pishiq gilam to‘qib, bu to‘shamalarning dovrug‘ini dunyoga yoygani barchaga ma’lum.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalar jalb qilishda keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilgani qo‘shni turkmanistonlik qardoshimiz So‘lmaz Jumayevaning ham yurtimizda aynan gilamdo‘zlikda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishiga zamin yaratdi. Shu tariqa Buxoroda “SD Turkmen haly” qo‘shma korxonasi tashkil qilindi. Ish boshlaganiga endi yarim yildan oshgan korxonada 40 nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashgan bo‘lsa, ularning 13 nafari ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarning bekalari sifatida Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida o‘qib, hunar o‘rganib, amaliyotda ko‘nikma hosil qilgan chevarlardir. Muhimi, So‘lmaz Jumayeva nafaqat mahsulot to‘qib chiqarish va daromad olish, balki gilamdo‘zlik hunarining qadimiy ildizlarini, tarixini yosh avlodga yetkazishni maqsad qilganlardan. Xorijlik investor ayol yaqin kunlarda korxona qoshida gilamdo‘zlik san’ati muzeyini tashkil etish niyatida.
“Jannat go‘zalligi–turkman gilami” deb nomlangan xalqaro konferensiyada yig‘ilganlar mehmonxona foyesida tashkil qilingan naqshinkor, qirmizi, anorrang turkman gilamlari ko‘rgazmasi bilan ham yaqindan tanishib, mohir qo‘llar mehri, oydin qalblar taftidan bunyod bo‘lgan turfa gilamlar haqida fikr almashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari