English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jangchi faxriylar ishtirokida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi
15:02 / 2023-03-31

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz referendumga qo‘yilishi oldidan unga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib qilish, fuqarolarga yangi normalar yuzasidan atroflicha tushunchalar berish ayni kunlardagi muhim vazifalardan hisoblanadi.

Ayni shu maqsadda «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston «Veteran» jangchi faxriy va nogironlar birlashmasi hamkorligida «Konstitutsiyaviy islohotlar — inson sha’ni va qadr-qimmati uchun» mavzusida tadbir tashkil etildi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiyaning ekspertlar guruhi a’zolari, O‘zbekiston «Veteran» jangchi faxriylar va nogironlar birlashmasi xodimlari, veteran faxriylar ishtirok etdi.  

Tadbirni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Yelena Borisova kirish so‘zi bilan ochib, «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi haqida ma’lumot berdi.    

Qayd etilganidek, yangilanayotgan Bosh qomusimizda insonga e’tibor, uning sha’ni va qadr-qimmatini yuksaltirishga doir qator normalar belgilanmoqda. Ilgari amal qilib kelingan «davlat – jamiyat – inson» tamoyili «inson – jamiyat – davlat» deb o‘zgartirilmoqda, ya’ni, bu eng avvalo, inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni nazarda tutadi. Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.  

Tadbirda so‘z olgan faxriylar mamlakatimizda keksalarni ardoqlash, ularga munosib hayot sharoitlarini yaratib berishga alohida e’tibor qaratilayotganini e’tirof etdi. Ayniqsa, «Veteran» jangchi faxriylarga, ularning oila a’zolariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan mamnun ekanliklarini bildirdi.  

Faxriylar Konstitutsiyaviy qonun loyihasini qo‘llab-quvvatlagan holda bu borada fikr-mulohazalarini bildirib, ishtirokchilarni 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendumda faol ishtirok etishga chaqirdi.  

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA