Mamlakatimizda ilmiy va innovatsion salohiyatni rivojlantirish, yoshlarning ilmiy izlanishlari hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosati darajasida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ayniqsa, iqtisodiyotning muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan gaz ta’minoti sohasida zamonaviy yechimlar va innovatsion ishlanmalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu maqsadda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan yosh olimlar va iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, ularning ilmiy g‘oyalarini amaliyotga tatbiq etishga ko‘maklashishga qaratilgan qator tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xususan, yaqinda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ilmiy va innovatsion faoliyat bilan shug‘ullanib kelayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarning ilmiy va startap loyihalarini moliyalashtirish, gaz ta’minoti sohasini isloh qilish, tabiiy va suyultirilgan gazni iqtisod qilish hamda sohada samaradorlikka, innovatsion yutuqlarga erishish maqsadida “Eng yaxshi ilmiy ishlanma” startap loyihalar tanlovi o‘tkazildi. Mazkur tanlov doirasida g‘olib deb topilgan startap mualliflarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash belgilandi.
Tanlov g‘oliblaridan biri Jamshid Xalilovga “Hududgazta’minot” AJ tomonidan ilmiy ishlanmasi uchun ajratilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mablag‘lari loyihani amaliyotga tatbiq etish, uni takomillashtirish hamda ishlab chiqarish jarayonlariga moslashtirishga xizmat qilmoqda.
Jamshid Xalilovning ta’kidlashicha, mazkur qo‘llab-quvvatlash yosh olimlar uchun katta rag‘bat bo‘lib xizmat qilmoqda.
- Men uchun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan yaratilgan imkoniyatlar o‘z ilmiy g‘oyamni amaliyotga joriy etishda muhim qadam. Ajratilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali loyihani yanada takomillashtirish, uni ishlab chiqarish talablariga moslashtirish imkoniga ega bo‘ldim. Bu esa gaz ta’minoti sohasida mavjud muammolarga innovatsion yondashuv asosida yechim topishga xizmat qiladi, - dedi u.
Bugungi kunda yosh olim o‘z startap loyihasi ustida faol ish olib bormoqda. Ilmiy g‘oya asosida ishlab chiqilayotgan yechim gaz ta’minoti sohasida samaradorlikni oshirish, resurslarni tejash va innovatsion natijalarga erishishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva, O‘zA