Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoatchilik nazoratining maqsadi kimnidir jazolash emas!
15:37 / 2019-12-16

Bugun mahalla jamoatchilik nazoratining yetakchi bo‘g‘ini sifatida maydonga chiqmoqda.


KUN MAVZUSI

Bugun mahalla jamoatchilik nazoratining yetakchi bo‘g‘ini sifatida maydonga chiqmoqda. tuzilmaning ayni jarayondagi ishtiroki odamlarni qiynayotgan muammolarni hal qilish, ularning xohish-istaklarini ifodalash, rahbarlarning qonunlarga rioya etishi, vazifasiga mas’uliyat bilan yondashishini ta’minlayotir.

Har yili Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni yuqori kayfiyat bilan kutib olamiz, o‘zgacha shukuhda nishonlaymiz. Bu sana arafasida erishilayotgan natijalarni sarhisob qilib, oldimizda turgan muhim vazifalarni belgilab olamiz. Yakunlanayotgan yilda bajarilgan ishlar ko‘z oldimizdan o‘tadi, nimalarga erisha oldigu, qaysi vazifalarni uddalashda sustkashlikka yo‘l qo‘yildi, degan savol ko‘ndalang bo‘ladi...

Yigirma yetti yil — tarix uchun bir lahza, xolos. Shu qisqa davrda jonajon O‘zbekistonimiz mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi, tom ma’noda ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. Ana shu mashaqqatli va sharafli yo‘lda erishgan va erishayotgan barcha yutuqlarimizni Konstitutsiyamiz bilan bog‘lashimiz bejiz emas. Zero, xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasi bo‘lgan Asosiy qonunimiz yurtimizda demokratik davlat va fuqarolik jamiyati barpo etishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilyapti.

Bosh qomusimiz negizida yaratilgan 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi jonajon Vatanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarishda beqiyos o‘rin egallamoqda. Xalq bilan doimiy muloqotda bo‘lish, odamlarning dardu tashvishlarini hal etish, ularni rozi qilish davlat va barcha bo‘g‘indagi rahbarlar faoliyatining bosh mezoniga aylangan. Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ayni shu fikrlarni e’tirof etdi. Ma’ruzada davlatimiz rahbari tomonidan so‘nggi yillarda barcha soha va tarmoqlarda olib borilayotgan islohotlar, ularning mazmun-mohiyati, samarasi haqida aniq fikrlar, mushohadalar bildirildiki, bu fikrlar o‘z Vatanini sevadigan, uning taraqqiyotiga daxldorlik hissi bilan qaraydigan har qanday odamni quvontiradi.

“BUGUN JAMOATChILIGIMIZ TOM MA’NODA UYG‘ONDI”

“Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yo‘qoladi”. Sohibqiron Amir Temur bobomiz olti asr muqaddam aytgan bu o‘git bugun ham o‘z dolzarbligini yo‘qotgani yo‘q. Aksincha, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni bo‘lib xizmat qilayotir.

Masalaning yana bir jihati borki, xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini ta’minlash qiyin bo‘ladi. Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda esa jamoatchilik nazoratidan ko‘ra samarali vosita yo‘qligini ayni paytda hayotning o‘zi isbotlab turibdi. Shu ma’noda bugun jamoatchiligimiz uyg‘ondi, turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, o‘z fikrini erkin ifoda etayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz.

Misol uchun, yakunlanayotgan yilda Davlat budjeti ilk bor keng muhokamaga qo‘yilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir so‘mni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq ko‘rsatib berildi. Bildirilgan fikrlar asosida maktablarga parta, doska va kompyuterlar xarid qilish uchun budjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ ajratildi. Bu ham, o‘z navbatida, odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan mas’uliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini ko‘rsatadi. Bunday tajriba mamlakatimiz tarixida birinchi marta yuz berayotgani esa yanada ahamiyatlidir.

Yana bir jihat: jamoatchilik nazorati — faqat davlat idoralari ustidan emas, balki fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning ham muhim omilidir. Xo‘sh, ayni jarayonlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining o‘rni va ahamiyati qanday? Jamoatchilik nazorati sub’ekti sifatida ular o‘z vazifasini qay darajada bajarmoqda? Umuman, bu jarayonda mahallalarning roli sezilyaptimi?

MAHALLA — JAMOATChILIK NAZORATIDA YeTAKChI BO‘G‘IN

Davlatimiz rahbari Prezidentlik lavozimiga kirishgan ilk kunlardanoq millat qaddini, qadrini tiklaydigan olamshumul ishlarga qo‘l urildi. E’tibor bering: qabul qilinayotgan har bir farmon yoki qarorda, hududlarga tashriflarda, ma’ruzalarda faqat bir maslak bot-bot tilga olinadi: “xalqimiz ishonchini qozonishimiz, ularni rozi qilishimiz lozim”.

Bu bejiz ta’kidlanmayotir. Zero, O‘zbekistonda yangi davr shunday boshlandi. Bu jarayonda esa hech bir soha e’tibordan chetda qolmayapti. Jumladan, mahalla tizimi, uning odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni tezkor aniqlash va hal etishdagi ishtiroki, jamoatchilik nazorati sohasidagi faoliyati Yurtboshimizning doimiy e’tiborida. Bu haqda so‘z borganda, davlatimiz rahbarining: “Mahalla jamiyatimizdagi adolat tamoyillarining ko‘zgusiga aylanishi kerak. Bu yer odamlar kelib fikrini, taklifini, dardini aytadigan, muammosiga yechim topadigan joy bo‘lishi lozim. Mahalla raisi va profilaktika inspektori hududdagi har bir oilaning ahvolidan xabardor bo‘lishi, kim nima bilan mashg‘ul — hammasini bilishi darkor. Ushbu tizimda amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan asosiy maqsad — mahallani kecha-yu kunduz odamlarning ahvolidan xabardor bo‘ladigan maskanga aylantirishdir” degan gaplarini keltirish o‘rinlidir.

Ayni fikrlarning o‘ziyoq mahallaning jamoatchilik nazoratidagi o‘rni naqadar beqiyos ekanini ko‘rsatib turibdi. Sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasi o‘laroq, bugun mazkur institut jamoatchilik nazoratining asosiy sub’ekti sifatida maydonga chiqmoqda.

Birgina mahalla tarixiga nazar solsak, bu boradagi eng ta’sirchan maskan ekani yaqqol ko‘zga tashlanadi. Jamoatchilik nazorati azal-azaldan urug‘, qabila, oqsoqollar kengashi ko‘rinishlarida amal qilib kelgan. Jumladan, har bir oilada ota-onalar tomonidan farzandlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik kabi fazilatlar singdirilgan, mahallada hududga kirib-chiquvchilarga nisbatan ogoh bo‘lish, ularni nazoratga olish kabi shakllarda jamoatchilik nazoratining ma’lum bir me’yorlari belgilab berilgan. Ularning barchasiga oqsoqollar kengashi bosh-qosh bo‘lgan.

“Mahalla raisi kelajakda hokim bo‘lishi mumkin, ammo hokim mahalla raisi bo‘la olmaydi”. Prezidentimizning ushbu ta’kidi faollar zimmasidagi mas’uliyat zalvori nechog‘li ulkan ekanini anglatadi. Chindan ham, bugun mahalla raislariga katta ishonch bildirilgan. Uni oqlash, ishonchga munosib bo‘lish uchun tinimsiz mehnat, faollik va fidoyilik talab etiladi. Zero, mahalla ahlini hech kim yig‘in raisichalik yaxshi bilmaydi.

Nazorat bor joyda ish sifati, faoliyat samaradorligi ochiq va shaffof bo‘ladi. Ayni jihatdan jamoatchilik nazoratining mustahkam o‘rnatilishi davlat uchun ham, jamiyat uchun ham birdek foydalidir. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan davlat tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishining muhimligi nimada?

Avvalambor, jamoatchilik nazorati faqatgina jamiyat uchun emas, balki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatini samarali tashkil qilishda ham muhim ahamiyatga ega. Zero, jamoatchilik nazorati qonunlarning samarali ishlashini ta’minlashga, inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish bilan birga, uni himoya qilishga da’vat etadi, davlat tuzilmalarining takomillashuvini ta’minlaydi. Bu esa pirovardida jamoatchilik nazorati orqali bugungi kunda o‘ta dolzarb hisoblanib kelinayotgan davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligi hamda mas’uliyatini oshirishga zamin yaratadi.

Ayni paytda jamoatchilik nazorati orqali fuqarolar fikr-mulohazalarining ijtimoiy hayotdagi ta’sirchanligi ortadi, davlat kelajagiga befarq bo‘lmagan va ijtimoiy faol aholi qatlami shakllanib boradi. Bu esa, o‘z navbatida, mamlakatda islohotlarning yanada samarali olib borilishini ta’minlaydi. Davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari jamoatchilikning ishonchi va ko‘magida o‘z faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkoniga ham ega bo‘ladi.

NAZORAT QANDAY ShAKLDA OLIB BORILMOQDA?

Amaldagi qonunchilik normalariga muvofiq, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning asosiy tamoyillari va shakllari belgilab berilgan. Jumladan, bugun fuqarolar yig‘inlari qonun hujjatlarining, shuningdek, o‘z qarorlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirmoqda.

Dastavval mahallalar, asosan, odamlarning murojaatlari asosida ish ko‘rib kelgan bo‘lsa, endilikda ular yilning har choragida tuman, shahar va viloyat hokimliklari rahbarlarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish huquqiga egadir. Bunday tadbirlar natijasida aholi tomonidan bildirilgan muammolar va kamchiliklar o‘z yechimini topmoqda. Shu bilan birga, mahallalar atrof-muhitni muhofaza qilish va obodonlashtirish masalalari yuzasidan o‘z vakolati doirasida tegishli hududda joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini tinglab borayotir. Ularda mahallalar hayotiga daxldor, aholini o‘ylantirib kelayotgan muammolar muhokama qilinyapti, ularning yechimlari izlanyapti.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 2 apreldagi “Aholi muammolari bilan ishlashda mahalla institutining mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi bilan aholi murojaatlari va muammolarini aniqlash hamda hal etishda “mahalla — sektor — Xalq qabulxonasi — mahalla” prinsipi asosidagi hamkorlik tizimining joriy etildi. Endilikda aholini qiynayotgan muammo va masalalarni hal etish “quloqqa chalingan” gaplar asosida emas, balki bevosita uyma-uy yurib, keng jamoatchilik ishtirokida ko‘rib chiqilayotgani mas’ullar zimmasidagi mas’uliyatni yanada oshirmoqda.

Har qanday muammo loqaydlik yoki e’tiborsizlik tufayli yuzaga kelishini inobatga olsak, Yurtboshimizning ushbu farmoni ijro etuvchi organlarni aholi bilan yaqin va hamjihatlikda ishlashga, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilayotir. Amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, qo‘lga kiritilayotgan natijalardan ko‘ringan xulosa shuki, mahalla bugun tom ma’noda jamoatchilik nazorati vakolatini qo‘lga oldi.

Har qanday ish uning natijasi bilan baholanadi. Shundan kelib chiqib, aytish mumkinki, jamoatchilik nazorati natijalari bo‘yicha ham bayonnoma, xulosa, ma’lumotnoma yoki qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa shakllarda yakuniy hujjatlar tayyorlanishi mumkin. Unda bayon etilgan axborotlar, tavsiyalar va takliflar davlat organlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi hamda ular yuzasidan qonuniy qaror qabul qilinadi.

Bugungi islohotlar ko‘rsatib beryaptiki, jamoat tashkilotlari, xususan, mahallalarning ishtirokisiz davlat organlari o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarini samarali va to‘laqonli amalga oshirishlari qiyin. Bunday sharoitda jamoat tashkilotlari davlat bilan xalq o‘rtasidagi vositachi sifatida ijtimoiy muvozanatni yuzaga keltirishga xizmat qiladi.

Jamoatchilik nazoratining maqsadi kimnidir jazolash emas, balki qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda, dasturlarda odamlar manfaatlari, fikrlarini hisobga oldirish, ijtimoiy va jamoatchilik ahamiyatiga ega bo‘lgan dolzarb vazifalar va funksiyalarni, davlat xizmatlarining samarali ko‘rsatilishini ta’minlash hisoblanadi. Umuman olganda, jamoatchilik nazorati yagona bir maqsadga — xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratiladi.

***

Muxtasar aytganda, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmog‘i kerak. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlarga tomoshabin bo‘lmasligimiz, ularning ichida bo‘lib, daxldorlik bilan ishlashimiz, namuna ko‘rsatishimiz, kamarbasta bo‘lishimiz, Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida yanada jipsroq birlashishimiz lozim.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “O‘zbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni o‘z tanlagan yo‘limizdan qaytara olmaydi. Bu — bugungi hayot, bugungi zamon talabi. Bu – ko‘p millatli, bag‘rikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning xohish-istagi”. Shunday ekan, mamlakatimizda uzoqni ko‘zlab, yurtdoshlarimizning tub manfaati, ezgu orzu-intilishlarini ifoda etadigan adolatli siyosat yangi, yanada yuksak bosqichda davom etadi.

Shavkat JAVLONOV,

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish

organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha

respublika kengashi boshqaruvi raisi