Yurtimiz taraqqiyotning eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” g‘oyasi yo‘lidan dadil bormoqda. Mazkur g‘oyani amalga oshirishda jamoatchilik nazoratining o‘rni beqiyosdir. Xo‘sh, jamoatchilik nazoratining maqsadi nima? Ushbu sohadagi xorij tajribasini bilamizmi?
Jamoatchilik nazorati bu xalqning siyosiy hokimiyat ustidan tom ma’nodagi nazorati hisoblanadi. Xalq nazorati qancha kuchli bo‘lsa, jamiyat muammolariga ham tez yechim topiladi. Ya’ni jamoatchilik nazorati jamiyat hayotidagi eng dolzarb muammolarni, halqni o‘ylantirayotgan, tashvishga solayotgan kamchiliklarni hal etishda, davlat hokimiyati organlarining samarali faoliyat yuritishini ta’minlashda muhim rol uynaydi.
Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “bugungi kunga qadar davlat organlari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning aniq huquqiy mexanizmlari yaratilmagan. Bu esa, nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatini xolisona baholashga xalaqit bermoqda,” deya ta’kidlagan edi.
Darhaqiqat, yurtimizda jamoatchilik nazorati instituti uzoq tarixiy ildizlarga ega. U asrlar davomida oqsoqollar Kengashi ko‘rinishida namoyon bo‘lib kelgan. Tarixdan bu institut urush va tinchlik masalalari, nizolarni sharqona og‘ir-bosiqlik bilan hal qilish uchun tashkil topgan. Keyinchalik Kengashlar mahallalarda hashar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, yordamga muhtojlarning muammolarini birgalikda hal etish, o‘zini va o‘zgalarga e’tiborli bo‘lish, farzandlar tarbiyasiga loqayd bo‘lmaslik va boshqa jamoat ishlari bilan ham shug‘ullanadigan jamoatchilik tuzilmasi hisoblangan. Bu borada buyuk alloma Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida ham hukmdorlarning aholi oldida hisob berib turishlari va ularning qonunlarga so‘zsiz buysunishlari zarurligini alohida ta’kidlagan. Bunday yondashuvlar bizga meros bo‘lib, o‘zining amaliy natijalarni bermoqda.
Yangilanayotgan O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shaffoflikka asoslangan yangi islohotlar samarasi tufayli jamiyatimizda jamoatchilik nazoratining ta’sir doirasi ham sezilarli ravishda kuchaymoqda. “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni, shuingdek, Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolar yig‘inining “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmasi faoliyatini tubdan takomillashtirish haqida”gi hamda “Ichki ishlar organlari profilaktika (katta) inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorlari davlat va jamiyat boshqaruvida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning ta’sirchan va amaliy mexanizmlarini joriy etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Bundan ko‘zlangan maqsad fuqaro – jamoat tashkilotlari – davlat birligini mustahkamlash orqali xalqning hokimiyatdan, hokimiyatning xalqdan uzoqlashishining oldini olishdir.
Ilk qadam sifatida hech qaysi hokimiyat bo‘g‘iniga bo‘ysunmaydigan organ – Sudyalar oliy kengashi tashkil etilgani hamda sudyalikka nomzodlarni tanlash va tayinlashda ta’sirchan jamoatchilik nazorati o‘rnatilganini ham misol sifatida keltirish mumkin. Bundan tashqari, yuqoridagi normativ-huquqiy hujjatlarga asosan ilk marotaba “Mahalla posboni” a’zolari, “Fidokor yoshlar” guruhlari va “Jamoatchilik nazorati maskanlari” faoliyatiga rahbarlik qiluvchi profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilarini tanlash tajribasi qo‘llangani ham yaxshi natijalarni bermoqda.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan pragmatik siyosat, ochiq-oshkora va shaffoflikka asoslangan yangi bosqichdagi islohotlar samarasi o‘laroq, bugun jamoatchilik nazoratining ham ta’sir doirasi sezilarli ravishda ortdi. Jumladan, xalq manfaatlarini ko‘zlab qabul qilinayotgan qonunlar, farmonlar, qarorlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, eng avvalo, umumxalq muhokamasidan va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazilayotgani, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va ularning rahbar-mutasaddilari ishiga munosabatlar bildirilayotgani natijasida ko‘plab kamchilik va muammolar, qonunbuzilish holatlariga chek qo‘yilmoqda.
Shu o‘rinda aytish kerakki, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasi 1 avgustga qadar uzaytirilgani ham xalq bilan bamaslahat ish ko‘rilayotganidan dalolat bermoqda. Eng muhimi, bu jarayonda mamlakatimizda yashaydigan har bir fuqaroning daxldorlik faolligi ko‘rinib turibdi. Darhaqiqat, konstitutsiyaviy qonun loyihasidan jamoatchilik nazoratining o‘rin olishi muhimdir.
Bu borada AQSH tajribasiga biroz to‘xtalsak. Masalan, AQSHda jamoatchilik nazorati g‘oyasi uzoq tarixga ega. AQSHning 4-Prezidenti Jeyms Medisonning “Federalist” gazetasida chop etilgan fikriga ko‘ra: “Respublikachi”larning ozodlik ruhiyati, shubhasiz, nafaqat butun hokimiyat xalqdan chiqishi, balki xalq ishonch bildirgan hokimiyatlar ham xalqqa bog‘liq bo‘lib qolishi kerak...”. bugungi kunga qadar bu g‘oyalar, ya’ni hokimiyat organlarining xalqqa hisobot berishi AQSHda siyosiy an’ana sifatida qabul qilingan hamda bu borada o‘ziga xos boy tajriba to‘plangan.
AQSHda jamoatchilik nazorati ikki yo‘l bilan amalga oshiriladi. Birinchisi – fuqarolarning xohish-istaklarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ifodalash bo‘lsa, ikkinchisi – xalq tomonidan saylangan vakillar amalga oshiradi. E’tiborli jihati shundaki, ikkala nazorat usulining bir-biridan ustuvorligi haqida gapirish o‘rinsiz, ular birgalikda bir maqsadga xizmat qiladi. Masalan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jamoatchilik nazorati fuqarolarning hokimiyat faoliyati to‘g‘risida to‘liq ma’lumot olishlari, jurnalistik tekshiruvlar, fuqarolar yig‘ilishlari, jamoat tinglovlari orqali jamiyat ishlarini boshqarishda fuqarolarning ishtirokini kengaytirish, qonun loyihalarini jamoatchilik ekspertizasi va hokazo usullar yordamida amalga oshirilsa, ikkinchi vakillik usulida parlament nazorati, huquqiy qonun chiqaruvchi, mahalliy hokimiyat vakillik organining nazorati orqali amalga oshiriladi.
AQSHdagi yana kollaboratsiy nomli uslubiga to‘xtalsak. Bu uslub fuqarolarning turli xil fikr va g‘oyalarini to‘plashga emas, balki fuqarolarga ma’lum bir muammolarni aniq yetkazib, uni shu sohaning yetuk mutaxassislarini taklif qilgan holda yechimini hal qilish hisoblanadi. Bu uslub nafaqat yuqori darajali natijalarga erishishga, balki butun jamiyatni bir maqsad yo‘lida birlashtirishga ham xizmat qiladi. Odamlar hukumat hal qila olmagan ba’zi muammolar yechimida ularning ham hissasi va o‘rni borligiga ishonch hosil qilishadi.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, jamoatchilik nazoratining mavjudligi siyosiy hokimiyatning tom ma’noda xalq qo‘lida bo‘lishining ko‘rsatkichi hisoblanadi. Darhaqiqat, yangi O‘zbekiston hayotiga doir har bir qaror xalq bilan maslahatlashib, bevosita muloqot asosida qabul qilinmoqda. Hozir “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oya natijalari faoliyatimiz mezoniga aylanmoqda.
Feruza USAROVA,
Fanlar akademiyasi huzuridagi O‘zbekistonning eng yangi tarixi masalalari bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi-metodik markaz direktori vazifasini bajaruvchi, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent