Termizda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan “Jamoatchilik nazoratining holati va rivojlanish istiqbollari” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Z.Alimardonova, Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashi kotibiyati mudiri S.Abduraimov va boshqalar mamlakatimizda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tegishli moddalari, O‘zbekiston Respublikasining 2018 yil 12 apreldagi “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida” gi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori va boshqalar me’yoriy hujjatlar bu borada muhim dasturilamal bo‘layotgani qayd etildi.

Surxondaryo viloyatida 71 ta davlat organlari, muassasa, boshqarma va nodavlat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, ikkita jurnal, 35 ta gazeta, ikkita televideniye, 1 ta radio, 4 ta rasmiy veb-sayt mavjud. Tashkilot, idora va muassasalarda 70 dan ortiq matbuot kotiblari, 30 dan ziyod ijtimoiy tarmoq faollari faoliyat yuritmoqda.


– Yilning o‘tgan davrida ommaviy axborot vositalari 200 ga yaqin jamoatchilik nazorati tadbirlarini amalga oshirgan, – ¬deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Surxondaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Z.Alimardonova. – ¬Bunda Surxondaryo viloyati va “Ishonch" teleradiokompaniyalari, “Surxon ovozi”, “Surxon tongi” gazetalari faollik ko‘rsatmoqda. 603 ta nodavlat notijorat tashkilotlari ham jamoatchilik nazoratini amalga oshirishga alohida e’tibor bermoqda. Viloyatdagi 724 ta o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ham jamoatchilik kengashlari faoliyat yuritib, ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishda jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylandi.



Davra suhbatida mahallalarning “o‘sish nuqtalari” va ularda yashovchi aholining tadbirkorlik faoliyatidagi ixtisoslashuvidan kelib chiqib, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish xususida ham fikr almashildi. Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish, jamoaviy murojaatlar asosida hududiy tarmoq va davlat dasturlari ijrosi sifatini tekshirish amaliyotini joriy etish, ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kabi masalalar yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA muxbiri