Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Jamoat fondi mablag‘lari hisobidan davlat ijtimoiy buyurtmasi tanlovi natijalari, fuqarolik jamiyati institutlarining murojaatlari hamda joylardagi mavjud muammolarni hal etish bo‘yicha masalalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Jamoat fondi tomonidan davlat tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish, ijtimoiy himoya, sog‘liqni saqlash, ta’lim, madaniy merosni asrash, ekologik barqarorlik va jamoatchilik nazorati sohalaridagi ijtimoiy buyurtmalari uchun umumiy qiymati 24 milliard so‘m bo‘lgan tanlov e’lon qilingan edi.
Ushbu tanlov doirasida fuqarolik jamiyati institutlaridan 106 ariza qabul qilindi. Parlament komissiyasi xulosasiga ko‘ra, ulardan 13 loyiha g‘olib, deb topildi.
Endi bu loyihalar tegishli davlat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshiriladi. Ushbu tashabbuslar orqali jamiyatda mavjud bir qator ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarga yechim topish ko‘zda tutilgan.
Majlisda amalga oshirilayotgan loyihalarning ijro holati va samaradorligi, Jamoat fondi mablag‘larini maqsadli sarflash, hududlarda saqlanib qolayotgan muammolarni hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlarining ishtirokini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
Parlament komissiyasi a’zolari ushbu jarayonda shaffoflik, hisobdorlik va ochiqlikni ta’minlash muhimligini ta’kidlab, jamoatchilik nazorati mexanizmlarini yanada mustahkamlash zarurligi qayd etildi.
N.Abduraimova, O‘zA