Navoiy viloyatida “Uchinchi renessans” nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Jamoat fondi moliyaviy ko‘magida “Mehnat huquqlari kafolatini ta’minlashda munosib ishtirok – jamoatchilik nazorati vazifasidir” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihani samarali tashkil etish maqsadida viloyat hokimligi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Navoiy viloyati Kengashi bilan hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, amaliy ishlar olib borilmoqda. Ushbu tashabbus mehnat huquqlariga rioya etilishini jamoatchilik nazorati orqali ta’minlash, ish beruvchi va xodim o‘rtasidagi munosabatlarni huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan.
Loyiha doirasida Qiziltepa tumanidagi tikuvchilik va xizmat ko‘rsatish korxonalarida monitoring o‘tkazildi. Jumladan, “Jizzax Toshtepa tekstil” MCHJ filiali hisoblangan “Toshrabot tekstil” MCHJ hamda “Marjona Ruxshona kelajagi” MCHJ faoliyati o‘rganildi.

2018-yilda ishga tushirilgan “Toshrabot tekstil” MCHJda dastlab 400 ga yaqin ish o‘rni yaratilgan. Korxona tomonidan ishlab chiqarilgan trikotaj mahsulotlari asosan Turkiya, Rossiya Federatsiyasi va Ukraina davlatlariga eksport qilingan. Keyingi yillarda Rossiya bozoriga eksport hajmi qisqarishi natijasida ishlab chiqarish jarayonlarida uzilishlar kuzatilib, korxona faoliyati bir necha bor vaqtincha to‘xtatilgan.
Joriy yil 17-fevraldan korxona faoliyati qayta yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda 70 nafardan ortiq ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Mart oyi yakuniga qadar ishchilar sonini 300 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. Mahsulotlar asosan Turkiya orqali Germaniya va boshqa Yevropa davlatlariga eksport qilinmoqda.
Monitoring jarayonida mehnat shartnomalarining qonunchilikka muvofiq rasmiylashtirilishi, ish vaqti va dam olish huquqlariga rioya etilishi, ish haqining o‘z vaqtida to‘lanishi, mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi kabi masalalar atroflicha o‘rganildi. Shuningdek, ishchi-xodimlar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnomalar o‘tkazilib, ularning fikr va takliflari ko‘rib chiqildi.

Korxona filiali rahbari Ulug‘bek To‘raqulovning ma’lum qilishicha, bir necha oy avval tuman gaz ta’minoti idorasi xodimlari tomonidan gaz hisoblagich uskunasi nosozligi va noqonuniy foydalanilganlik vaji bilan 54 million so‘m miqdorida jarima qo‘llangan.
O‘tkazilgan ekspertiza xulosasiga ko‘ra, Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-tibbiy ekspertiza markazi mutaxassislari tomonidan gaz hisoblagich moslamasining tamg‘alari buzilmagani aniqlangan. Hozirda mazkur holat yuzasidan huquqiy jihatdan o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.
O‘rganishlar natijasida ishlab chiqarish binolarida qulay mehnat sharoitlarini yaratish, mehnat muhofazasi talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash, nazorat organlari faoliyatida qonuniylik va shaffoflikni mustahkamlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqilib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilishi rejalashtirilgan.
A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri