English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoatchilik nazorati maqsadlarga erishishda muhim rol o‘ynaydi
11:48 / 2024-05-15

Bugungi kunda jamoatchilik nazorati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning samarasini ta’minlaydigan muhim vosita sifatida maydonga chiqmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 21 fevraldagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmonining 73-maqsad 31-bandida Iqtisodiyot tarmoqlarida havoga chiqarilayotgan zararli gazlar hajmini qisqartish belgilangan.

Mazkur farmonining 32- bandida “Yuksalish” harakatiga davlat dasturining amalga oshirilishini, shu jumladan, joylarga chiqib, davlat dasturi ijrosini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda o‘rganib borish vazifasi yuklatilgan. Ana shundan kelib chiqib, “Yuksalish” harakati viloyat hududiy bo‘linmasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi, Ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘rganishlar olib borilmoqda.

Jumladan, Buloqboshi tumani Sanoat hamda Balandchek mahallalari hududida faoliyat yuritib kelayotgan ohak ishlab chiqarish sexlari faoliyati o‘rganildi. Mazkur sexlar atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga zid ravishda faoliyat olib borayotgani, buning natijasida atmosfera havosining ifloslik darajasi ortib, ushbu hudud aholisining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgani aniqlandi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, ushbu hududdagi asosan ohak, shuningdek, g‘isht pishirish sexlari tomonidan atmosfera havosiga vodorod sulfid, formaldegid, uglerod oksidi, qo‘sh oksidlari kabi zaharli moddalar me’yoridan ortiq chiqarilayotganligi ortidan mazkur sexlardan bir kilometr masofada joylashgan Sanoat, Balandchek mahallalarida istiqomat qilayotgan 7,5 ming nafardan ziyod aholining salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi.

 

O‘rganishlar yakuni bo‘yicha Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi tomonidan ushbu hududda faoliyat yuritayotgan “Stroy-nano”, “Standart g‘isht”,  “Buyuk ne’mat” mas’uliyati cheklangan jamiyatlarining ohak ishlab chiqarish sexlari rahbarlariga ohak ishlab chiqarish xumdonlari uchun zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va aholiga zarar yetkazmaydigan holatda faoliyat yuritishi tushuntirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilguniga qadar sexlar faoliyatni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha talabnomalar taqdim etildi.

Shuningdek, Harakatning hududiy bo‘linmasi mutaxassislari hamda hududiy bo‘linma huzurida tuzilgan jamoatchilik guruhi vakillari hamkorlikda Prezidentimizning yuqoridagi farmoni, viloyat hokimining tegishli qarori bilan tasdiqlangan hududiy dasturning qator bandlariga asosan, homilador va emizikli farzandi bo‘lgan ayollarni yod preparati bilan ta’minlash, 6 - 23 oylik bolalarni mikronutriyent kukuni, 2-10 yoshdagi bolalarni gelmintoz profilaktikasi bo‘yicha maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash va mazkur preparatlarning yaroqlilik muddati va sifat sertifikatlarini ularning ota-onalariga havola etib borish borasida amalga oshirilayotgan ishlar ham jamoatchilik tartibida o‘rganildi.

Jumladan, Shahrixon tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasida o‘tkazilgan monitoring davomida mazkur poliklinikada tumandagi 35 yoshgacha tug‘ish yoshidagi ayollar soni mahallalar kesimida ro‘yxat asosida shakllantirilmaganligi ma’lum bo‘ldi. Qolaversa, yuqorida qayd etilgan profilaktik dori vositalarini aholiga tarqatish bo‘yicha aniq reja-grafik va jamoatchilik nazorati davriga qadar qancha dori vositalari tarqatilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ham taqdim etilmadi.  

Bundan tashqari, 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish maqsadida mikronutriyent kukuni bilan ta’minlash bo‘yicha tarqatilgan bepul dori vositalari to‘g‘risida ham ma’lumotlar muvofiqlashtirilmagan.  

Bu kabi holatlar ayollar va bolalar uchun davlat tomonidan berilayotgan dori vositalarining o‘z vaqtida manzilli yetib borayotgani, mazkur yo‘nalishda hududlarda lozim darajada ish tashkil etilganligini shubha ostiga oladi.

Buloqboshi tumanida o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi davomida tumandagi 35 yoshgacha bo‘lgan tug‘ish yoshidagi ayollarga davlat dasturi doirasida foliy kislotasi va temir moddasi bilan ta’minlash ishlari yetarli darajada tashkil etilmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Dasturda tug‘ish yoshidagi ayollarning foliy kislotasi va temir moddasi bilan ta’minlanishi nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ammo faqat “genotardiferon” nomli temir moddasi preparati tarqatilgan, xolos. Ya’ni ayollarga foliy kislotasi preparati joriy yilning boshidan buyon umuman tarqatilmagan.  

Mazkur tumanda mavjud bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga beriladigan “mikronutriyent kukuni”ning tarqatilishi bo‘yicha ham huddi shunday holat kuzatildi.  

Hududiy bo‘linmamiz tomonidan davlat dasturi doirasida bolalar, tug‘ish yoshidagi, homilador va emizikli bolasi bo‘lgan ayollarni profilaktik maxsus preparatlar bilan bepul ta’minlash bo‘yicha belgilangan amaliy chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish va bu borada belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, shu bilan birga, o‘tkazilgan jamoatchilik monitoringi jarayonida aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilib, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdim etildi.  

“Yuksalish” harakatining Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi davlat dasturi ijrosi doirasida belgilangan yo‘nalishlarda amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha jamoatchilik nazorati tartibidagi o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.  

 

Diyorbek Turg‘unov,  

“Yuksalish” harakati  Andijon viloyati  

hududiy bo‘linmasi rahbari.  

O‘zA