Toshkent viloyatidagi «Layner» majmuasida joriy yil 23-25 iyul kunlari «Korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish» mavzusidagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorligida amalga oshirilayotgan, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan «O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash» loyihasi doirasida tashkil qilindi.
Unda jurnalistlar, NNT, jamoatchilik kengashlari vakillari, ekspertlar ishtirok etdi. Seminar interaktiv va amaliy mashg‘ulotlar asosida olib borildi. Korrupsiyaga oid manbalar bilan ishlash, davlat xaridlaridagi korrupsiyaviy sxemalarni aniqlash, jurnalist surishtiruvini o‘tkazish jarayonlari haqida ma’lumot berildi hamda mavzuga oid amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining o‘rinbosari Umida To‘xtasheva davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolik jamiyati institutlari va boshqa nodavlat sektor vakillarining birgalikdagi samarali faoliyatini ta’minlash Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining eng muhim vazifalaridan biri hisoblanishini qayd etdi.
– O‘zbekistonda korrupsiya darajasini kamaytirishni maqsad qilgan ekanmiz, bu jarayonga OAV, fuqarolik jamiyati va akademik doira vakillari orqali keng aholini jalb qilishimiz lozim, – dedi U.To‘xtasheva. – Sababi, korrupsiya oshkoralik va mas’uliyatning yo‘qligidan foydalanib, maxfiylik va zulmatda gullab-yashnaydi. Biroq, jamoatchilik nazorati, jurnalistik surishtiruv va muammoga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish bu noqonuniy xatti-harakatlarga oydinlik kiritish, haqiqatni fosh etish, korrupsionerlarni javobgarlikka tortish uchun kuchli vosita sifatida maydonga chiqadi.
2021 – 2022 yillar davomida 12 loyiha bo‘yicha tanlovlar e’lon qilinib, ulardan 11 tasi mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar tomonidan yutib olindi va hamkorlikda loyihalar amalga oshirildi. Loyihalar doirasida ijtimoiy tadqiqotlar o‘tkazildi, jurnalistlar malakasi oshirildi. Ayollar va yoshlar bilan ishlandi, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari uchun qo‘llanmalar tayyorlandi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish uchun NNTlarga 70 ming AQSH dollari hamda 500 million so‘m mablag‘ ajratildi.
Agentlik va jamoatchilik o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarish maqsadida Agentlik huzurida Jamoatchilik kengashi tashkil etilgan. Ushbu kengashning 25 nafar a’zosi bo‘lsa, ularning 50 foizdan ortig‘ini NNT vakillari va jurnalistlar tashkil etadi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida aholining, xususan, fuqarolik jamiyati instituti vakillarining bilimlarini tizimli ravishda oshirib borish, ularda murosasizlik kayfiyatini shakllantirish, ilmiy tadqiqotlar, ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish amaliyotini tizimli yo‘lga qo‘yishga harakat qilinmoqda. Davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu xavfli illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirishga harakat qilinmoqda.
Tadbirda ishtirok etgan Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riyepma korrupsiya xavfli illat ekanini, ammo bu illatdan hech bir davlat, hech bir jamiyat mustasno emasligini qayd etdi. Eng muhimi, bu illatga qarshi kurashishni doimiy olib borish, avj olib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. Bu yo‘lda jamoatchilik, jurnalistlar imkoniyatlaridan keng foydalanish juda to‘g‘ri yo‘ldir.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii tadbirda onlayn ishtirok etib, O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish tashabbusi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgani e’tiborga loyiq ekanini ta’kidladi. Tadbirda fuqarolik tashkilotlari, jurnalistlarni ko‘rib turganimdan mamnunman. Fuqarolik jamiyati sari kelajakka intilishimizga korrupsiya to‘sqinlik qiladi. Adolatni qaror toptirish orqali korrupsiyani yo‘qotish mumkin. Bunga erishmaslik, korrupsiyaga yo‘l qo‘yib berish esa davlatga bo‘lgan ishonchni sindiradi.
Tadbirda jamoatchilik nazorati mexanizmlaridan foydalanish, NNT va OAV vakillarining malakasini oshirishga qaratilgan loyihalar taqdimoti hamda muhokamasi bo‘lib o‘tdi.
Ochiq muloqot, interaktiv o‘yinlar, test savollari asosida o‘tgan, bahs-munozaralarga boy bo‘lgan seminar-trening davomida ishtirokchilar korrupsiyaga qarshi kurashishda yo‘l qo‘yilayotgan xatolarni aniqlash va ularni bartaraf etish, ayniqsa, jurnalistlar kelgusida faoliyatida e’tibor qaratishi zarur bo‘lgan jihatlarni o‘zlariga aniqlab oldi. Eng muhimi, muloqotlar asnosida ko‘pchilikda yangi g‘oyalar paydo bo‘ldi.
Yakuniy xulosalarda korrupsiyaga qarshi kurashish faqatgina davlatning, yoki, agentlikning emas, balki keng jamoatchilikning, butun jamiyatning vazifasi ekani alohida qayd etildi.
Davlatning eng asosiy funksiyasi regulyatorlikni samarali tashkil etish. Davlat yopiq ma’lumotlarni ochiqlanishini ta’minlab berdi. Buyog‘iga shu ma’lumotlar asosida kuchli jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali NNT va OAV asosiy planga chiqadi. O‘ziga berilgan imkoniyatlardan foydalanib, xalq, jamiyat uchun foydali kontent yaratadi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
Norgul Abduraimova, O‘zA