Nurafshon shahrida “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari” mavzusida davra suhbati bo‘ldi.
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Adliya organlari, Mahallalar uyushmasi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining 20 nafardan ziyod vakillari hamda 30 nafardan ziyod hududiy nodavlat notijorat tashkilotlari ishtirok etdi.
Tadbirda mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida islohotlarni chuqurlashtirish, davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirish, fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar e’tirof etildi. Qayd etilganidek, fuqarolik jamiyati institutlarining asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan mahalla institutiga, o‘zini o‘zi boshqarish organlariga qaratilgan jiddiy e’tibor samarali natijalar bermoqda.
– Bugungi kunda ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy hayotda mahallaning mavqeyi yanada mustahkamlanib, barcha islohotlarda faol qatnashayotgani yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Xususan, “mahalla yettiligi” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ehtiyojmand aholini ro‘yxatga olish, moddiy yordam, subsidiya va imtiyozli kreditlar ajratish kabi 70 dan ortiq masalalarni tuman va viloyat idoralariga chiqmasdan, mahallaning o‘zida jamoaviy hal qilish tizimi yaratildi. Bundan tashqari, 2024 yilda 102 ta ijtimoiy xizmat mahalla darajasiga tushirildi. Viloyatlar va tumanlar darajasidagi 14 ming rahbar mahallalardagi 75 ming kambag‘al oilaga biriktirilib, ular bilan individual ishlash yo‘lga qo‘yildi, – deydi Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Toshkent viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Tohir Ahmadaliyev.
Ayni vaqtda mahallalardagi kengashlar va komissiyalar faoliyati, jamoatchilik muhokamalari va eshituvlari, fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish, jamoatchilik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan uzviy hamkorlik natijasida jamoatchilik nazoratini ta’minlashda samarali natijalarga erishilmoqda.
Jumladan, Toshkent viloyatidagi MFYlarda 1 ming 25 ta “Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazorati” bo‘yicha komissiyalar tuzilgan. Mazkur komissiyalarda 14 ming 204 nafar mahallada o‘z obro‘siga ega bo‘lgan nufuzli insonlar jamoatchilik asosida faoliyat olib bormoqda. Tahlillarga ko‘ra, mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalari tomonidan 2025 yilning 1-choragida 800 martadan ziyod jamoatchilik monitoringi o‘tkazilgan, davlat tashkilotlariga 468 marta yozma so‘rov yuborilgan, 160 marta davlat tashkilotlarining hisobotlari eshitilgan.
Shuningdek, mahallalardagi jamoatchilik tuzilmalari, “Mahalla nazorati”, “Keksalar maslahati” guruhlari va “Oqila ayollar” harakatiga fuqarolar yig‘inlaridagi faol fuqarolar jalb etilib, aniq maqsadlar yo‘lida safarbar etilishi ham tizimning jamiyatning eng kichik va asosiy bo‘g‘inlarigacha kirib borishiga zamin yaratmoqda.
Bundan tashqari, tadbirda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari va faollarining huquqiy madaniyatini oshirish, har chorakda hududiy davlat organlari rahbarlarining mahalla faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar yuzasidan hisobotlarini eshitish amaliyotini keng joriy qilish, davlat organlari va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish singari qator yo‘nalishlarda samarali jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.
A.Musayev, O‘zA