Bo‘stonliq tumanida “Sea Breeze Uzbekistan” investitsiya loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Unda mahalliy va xalqaro ekspertlar, tegishli vazirlik va idoralar vakillari, jamoatchilik faollari, jurnalistlar hamda blogerlar ishtirok etdi. Jamoatchilik eshituvi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etilib, unda loyiha doirasida rejalashtirilgan ishlarning mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir davomida “Sea Breeze Uzbekistan” loyihasining amaldagi ekologik standart va talablarga to‘liq mos holda amalga oshirilishi, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaslik, tabiiy landshaft va bioxilma-xillikni asrash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Loyiha doirasida ekologik monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilishi, zamonaviy “yashil texnologiyalar”dan foydalanilishi haqida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, loyiha amalga oshirilishi natijasida 8 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratilishi, mahalliy aholi bandligi ta’minlanishi, hudud infratuzilmasi yaxshilanishi, yo‘l-transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari rivojlantirilishi kutilayotgani qayd etildi. Bundan tashqari, turizm sohasini rivojlantirish, xizmatlar ko‘rsatish sifati va hajmini oshirish orqali Bo‘stonliq tumanining investitsiyaviy jozibadorligini yanada kuchaytirish loyihaning muhim yo‘nalishlaridan biri ekani haqida so‘z yuritildi.

Jamoatchilik eshituvi jarayonida ishtirokchilar tomonidan berilgan savollar, taklif va fikr-mulohazalar tinglanib, mutasaddi tashkilotlar hamda loyiha tashabbuskorlari tomonidan batafsil javoblar berildi. Bildirilgan takliflarni inobatga olgan holda loyiha bosqichma-bosqich va jamoatchilik nazorati ostida amalga oshirilishi ta’kidlandi.
A.Musayev, O‘zA.