Andijonda “Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish omillari va mexanizmlari, mahalliy davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik” mavzusida jamoatchilik muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash, mamlakatimizda erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni targ‘ib etish maqsadida Andijon viloyati hokimligi, “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat hududiy bo‘linmasi hamkorligida tashkil etilgan jamoatchilik muloqotida viloyat hokimligining jamoatchilik kengashi a’zolari, deputatlar, davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari – siyosiy partiyalar, milliy-madaniy markazlar, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari Rahmatullo Arziyev, “Yuksalish” umummilliy harakati Andijon viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Diyorbek Turg‘unov va boshqalar tomonidan “Inson qadri uchun” bosh g‘oyasi asosida yurtimizda fuqarolik jamiyati institutlarining erkin faoliyat yuritishi, davlat va jamiyat boshqaruvida faol ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilganligi, ularning davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillash-tirish, faolligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, buning natijasida jamiyatdagi jarayonlarda ularning ishtiroki tobora ortib borayotganligi ta’kidlandi.
[gallery-14620]
Jamoatchilik muloqotida fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish istiqbollari, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari faolligini oshirish, davlat idoralari bilan hamkorligini mustahkamlash, bu boradagi yutuq va muammolar atroflicha muhokama qilindi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur yo‘nalishdagi ishlarni tashkil etish, samaradorligini oshirish yuzasidan taklif, tavsiya, fikr va mulohazalar bildirildi. Amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari