Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoatchilik monitoringi: qurilishlarda kamchiliklar aniqlandi
17:40 / 2023-06-07

Davlat va hududiy dasturlarning joylardagi ijrosini jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish “Yuksalish” umummilliy harakati faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Harakat tomonidan bu borada muntazam monitoring yuritilib, aniqlangan muammo va kamchiliklarga yechim topish yuzasidan mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda ish olib boriladi. “Yuksalish” umummilliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi tomonidan Taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha viloyat jamoatchilik guruhi a’zolari hamda jamoatchilik vakillari Pastdarg‘om, Ishtixon va Qo‘shrabot tumanlarida 2022 yilda qurib, foydalanishga topshirilishi belgilangan ko‘p qavatli uylar, ta’lim va tibbiyot muassasalaridagi holatni o‘rgandi.  

– Prezidentimizning 2022 yil 22 yanvardagi qaroriga asosan Samarqand viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” davlat unitar korxonasi buyurtmachiligida Qo‘shrabot tumanidagi 5-umumta’lim maktabida amalga oshirilgan rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari holati o‘rganilganda bir qator kamchiliklar borligi aniqlandi, – deydi “Yuksalish” umummiliy harakati Samarqand viloyati bo‘linmasi rahbari Elyor Hamroyev. – Umumiy qiymati 1 milliard 513 million so‘mlik mazkur ob’ekt 2022 yil 25 avgustda foydalanishga topshirilgan. Ammo, qurilish smetasi ko‘zdan kechirilganda maktabda ko‘mirxona va hojatxona qurilmagani, ishlar sifatsiz bajarilgani, bino devorlarida yoriqlar paydo bo‘lgani, bino atrofi muhofaza qilinmaganligi kuzatildi. Maktab binosi uchun alohida transformator ajratilgan bo‘lsa-da shu paytgacha tarmoqqa ulanmagan. Shu tumanning Zarmitan mahallasida “Zarkent Baxt savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 2022 yil yakuniga qadar 40 xonadonli 2 ko‘p qavatli uy-joy qurilib, foydalanishga topshirilishi kerak edi. Afsuski, shu paytgacha binoning bittasi foydalanishga topshirilgan, ikkinchisida qurilish ishlari haligacha yakunlanmagan. Birinchi binoda ham kamchiliklar ko‘p. Avvalo uyga kirish qismida nogironligi bor fuqarolar uchun alohida yo‘lak qilinmagan, uyning yon tomonlarida ham yo‘laklar yo‘q. Hududlarni obodonlashtirish ishlariga ham yetarli darajada e’tibor berilmagan.  

Pastdarg‘om tumanidagi 88-umumta’lim maktabida “Mansur sifat qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan bajarilgan qurilish-ta’mirlash ishlarida ham ko‘plab nuqsonlar borligi ma’lum bo‘ldi. Misol uchun, maktab binosi suv va oqava tarmog‘iga ulanmagan. Sinfxonalar eshiklari sifatsiz o‘rnatilgan, konditsioner qo‘yilmagan. Ishtixon tumani Besh bola mahallasida ichki suv nasosi (agregati) qurish orqali qishloq xo‘jaligi yerlari hamda fuqarolar tomorqa yerlarini sug‘orish uchun jamoatchilik fikri asosida “Fuqarolar jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan 2022 yilda 2 suv nasosi ishga tushirilgan. Ming afsuski, 2023 yilning may oyiga kelib suv quvurining yorilishi natijasida bitta suv nasosi yaroqsiz xolga kelgan. Ikkinchisidan ham samarali foydalanilmayotgani haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi.  

Shu tumandagi Qora qo‘yli mahallasida aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida 150 beton ustun va 2 transformator va ko‘cha chiroqlari o‘rnatish uchun “Fuqarolar jamg‘armasi”dan 1 million 200 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Ammo beton ustunlar va transformatorning bittasi hozirgi kunga qadar tarmoqqa ulanmagan. Tumandagi 81-umumta’lim maktabida “XOLIS BAHO” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan 4 milliard 57 million so‘mlik rekonstruksiya ishlarida ham bir qator kamchiliklar aniqlandi.  

Misol uchun, binoning isitish tizimi ishlamasligi oqibatida maktab o‘qituvchilari tomonidan hashar yo‘li bilan boshqatdan qurilgan. Maktab binosining zinalari sinib, yorilib ketgan. Binoning fasad qismi to‘kilgan, devorlar yorilgan, maktab sport zaliga jihozlar o‘rnatilmagan. “Yuksalish” umummilliy harakati 2021 yildan buyon “Pandemiya sharoitida O‘zbekistonning chekka qishloq hududlaridagi ehtiyojmand aholi qatlamlarining qaror qabul qilish jarayonlardagi ishtirokini oshirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Samarqand viloyati hokimligi bilan hamkorlikda bajarilayotgan loyihada Paxtachi tumanidagi Gulobod va Do‘ng, Qo‘shrabot tumanidagi Yuqori Jo‘sh va Toz mahallalari qamrab olingan. Afsuski, o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida Toz mahallasida belgilangan ishlar oxiri yetkazilmaganligi aniqlandi. Monitoring davomida aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha Xalq deputatlari viloyat va tumanlar Kengashlariga ma’lumotnomalar kiritildi.  

G‘.HASANOV, O‘zA