“Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida davlat organlari huzuridagi Jamoatchilik kengashlari forumi o‘tkazildi.
Unda vazirlik va idoralar, NNTlar, mahalliy hokimliklar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Adliya vaziri o‘rinbosari N.Muhammadiyev fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jamoatchilik kengashlarining davlat boshqaruvidagi o‘rni va ahamiyati yuqori bo‘layotganini ta’kidladi.
[gallery-26497]
Jamoatchilik kengashlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi muhim ko‘prikdir. Ular davlat idoralari faoliyati ustidan monitoring olib boradi, korrupsiyaning oldini olishda hamkor bo‘ladi va eng muhimi, fuqarolarning ovozini qarorlar qabul qilish jarayoniga yetkazadi.
Jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonunni takomillashtirish bo‘yicha qonun loyihasi ishlab chiqilgani qayd etildi.
2030 yilgacha mo‘ljallangan Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish strategiyasi tayyorlanayotgani va unda NNTlar ishtirokini kengaytirish, kengashlar faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan takliflar o‘rin olgani ma’lum qilindi.
Forum davomida davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlarining faoliyati, ularning samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalar, shaffof boshqaruv va jamoatchilik nazoratini institutsionallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida Yuksalish umummilliy harakati tomonidan bir qator yo‘nalishlarda faol bo‘lgan kengashlar “Eng faol jamoatchilik kengashi” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
N.Abduraimova, O‘zA