Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoatchilik kengashi nima vazifani bajaradi?
15:45 / 2023-04-08

Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzurida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yurituvchi maslahat-kengash organi hisoblangan Jamoatchilik kengashi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu kengash 2023 yil 20 yanvarda qabul qilingan “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yo‘naltirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi Prezident qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tuzildi.  

Tadbirda boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari podpolkovnik Shokir Sadikov so‘zga chiqib, Jamoatchilik kengashi faoliyatining tashkil etilishi ichki ishlar organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim o‘rin tutib, har bir xodimda o‘z ishiga mas’uliyat ortishi, yurtga daxldorlik tuyg‘usi shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.  

Shuningdek, viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati katta inspektori Zafar Xayriyev Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari va vakolatlari bilan tanishtirdi.  

– Prezident qarorida ichki ishlar organlari faoliyatida qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, soha bo‘yicha ijtimoiy fikrni o‘rganish va tizimli monitoring olib borish Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilangan, – deydi Z.Xayriyev. – Shuningdek, ichki ishlar organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish jarayonida ijtimoiy fikr va jamiyat manfaatlari hisobga olinishini ta’minlash choralarini ko‘rish, ichki ishlar organlari faoliyatidagi korrupsiya holatlari bo‘yicha internet va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xabarlarni batafsil o‘rganish va uning natijasini keng jamoatchilikka yetkazish ham kengashning asosiy vazifalari sirasiga kiradi.  

Tadbirda Jamoatchilik kengashi raisi etib Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Akrom Muqimov tasdiqlandi. Shuningdek, kengash a’zoligiga OAV vakillari bilan bir qatorda fan va madaniyat, nodavlat tashkilot vakillari, olimlar hamda tizim faxriylari qabul qilindi va ularga Navoiy viloyati tajribasi sifatida maxsus ko‘krak nishoni hamda beyjiklar taqdim etildi. 

Tadbir so‘ngida ishtirokchilar uchun boshqarmada press-tur tashkil etildi. Kengash a’zolari “Vaziyatlar markazi”, muzey hamda kutubxonada bo‘lishdi.  

– Boshqarmamizda hududlardagi jamoat xavfsizligini ta’minlash, videokuzatuv vositalarini o‘rnatish orqali kriminogen vaziyatni to‘liq nazoratga olish maqsadida “Vaziyatlar markazi” tashkil qilingan, – deydi viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Ulug‘bek Nazarov. – Bu yerda jinoyat sodir etilishi mumkin bo‘lgan, aholi gavjum joylarga o‘rnatilgan zamonaviy IP-videokuzatuv kameralari, shuningdek, shaxsni yuz tuzilishi, avtomobillarni davlat raqamlari orqali tanish imkonini beruvchi kameralar, ta’lim muassasalariga o‘rnatilgan ovoz yozuvchi kameralar orqali nazorat olib borilmoqda.  

Aytish mumkinki, boshqarmada tashkil etilgan muzey va kutubxona ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

Muzeydan turli yillarda ichki ishlar vaziri, viloyat IIB boshlig‘i bo‘lgan rahbarlarning fotolari, ular haqidagi ma’lumotlar, qurol-aslahalar, ichki ishlar organlari xodimlari kiyimlari, pogonlar, orden-medallar va boshqa bir qancha buyumlar joy olgan bo‘lsa, kutubxona o‘zgacha ko‘rinishga ega. Xonaning alohida jihozlanishi, kitob javonlarining o‘ziga xosligi kishi diqqatini tortadi. Bu yerda qariyib 3 ming nusxada turli mavzu va nomdagi kitoblar mavjud.  

Press-tur davomida boshqarma xodimlari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.  

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA