Buxoro viloyati Shofirkon tumani hokimligida viloyat prokurorining birinchi o‘rinbosari A.Po‘latov rahbarligida jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquq-tartibotni mustahkamlash hamda profilaktika ishlarini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim seminar-yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish Prezidentning 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.
Ta’kidlanganidek, 2025 yil 3 yanvarda qabul qilingan qaror ijrosi natijalari chuqur tahlil qilingan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, jinoyatchilikka qarshi kurashishda tizimli, aniq va kompleks yondashuvni yanada kuchaytirishni nazarda tutadi.

Shuningdek, seminar doirasida ijtimoiy profilaktika samaradorligini oshirishni ustuvor vazifa sifatida belgilagan holda mahallalarda xavfsiz muhitni ishonchli ta’minlash, oila-turmush munosabatlari doirasida, shuningdek, ayollar va yoshlar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning asl sabablarini ilmiy yondashuvlar asosida tahlil qilish, har qanday qonunbuzarlik holatlari va fuqarolarning murojaatlariga tezkor hamda samarali munosabat bildirish orqali aholi roziligiga erishish, kriminogen vaziyatni muntazam tahlil qilish hamda “mahallabay” manzilli nazorat tadbirlarini kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Yig‘ilish davomida tumanda kriminogen vaziyati nisbatan og‘ir hisoblangan mahallalar, jumladan, Qalmaqon, Mirzoqul, Mingchinor, Tezguzar, Bobohaydar va Tinchlik mahallalari kesimida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilinib, qarorlar ijrosini ta’minlash borasida mas’ullarga aniq vazifalar yuklatildi.
Mazkur yig‘ilish mahallalarda haqiqiy xavfsiz muhit yaratish, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashishda yangi, samarali ishlash tizimini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.