Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoat xavfsizligini saqlash – muhim vazifa
14:15 / 2026-02-14

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Diyorbek Sattorov Buxoro viloyatida bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida belgilangan vazifalar ijrosi, shuningdek, hududda jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.

Dastlab viloyat IIB Tibbiyot bo‘limi gospitali faoliyati bilan tanishildi. Hozirgi kunda 96 nafar bemor davolanayotgan shifoxonaning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, shuningdek, nafaqat tizim xodimlari, balki aholi uchun ham sifatli pullik tibbiy xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarini joriy etish bo‘yicha qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

Shundan so‘ng u IIV Buxoro akademik litseyida bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonlari bilan yaqindan tanishdi. O‘quvchilar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazilib, jumladan, 24 nafar yosh bilan profilaktik suhbatlar tashkil etildi. Litseyda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish maqsadida o‘quvchilarning ovqatlanish ratsionini qayta ko‘rib chiqish, ta’lim sifatini oshirish uchun IIV akademiyasi professor-o‘qituvchilari ishtirokida masofaviy darslar tashkil etish lozimligi ta’kidlandi.

“Yulduzcha” maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyati ham o‘rganildi. Viloyat ichki ishlar boshqarmasida o‘tkazilgan yig‘ilishda Prezidentimizning joriy yil 27-yanvar kungi yig‘ilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar har tomonlama tahlil qilindi. Mavjud muammolar tanqidiy ruhda muhokama qilinib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, tizim faoliyati samaradorligini oshirish hamda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Zamonaviy axborot texnologiyalarini sohaga joriy etish holati Tezkor boshqaruv markazi faoliyati misolida tahlil qilindi. Viloyat bo‘yicha 14 mingdan ortiq kuzatuv kameralari integratsiya qilingan 46 ta server va sun’iy intellektga asoslangan “Qalqon” dasturi orqali boshqarilayotgan yagona tizim imkoniyatlari yuqori baholandi. Jamoat joylarida xavfsizlikni to‘liq raqamlashtirish, jinoyatchilikni barvaqt aniqlash va oldini olish mexanizmlarini kuchaytirish orqali jamoat xavfsizligini ta’minlash samaradorligini oshirish vazifasi yuklatildi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi S.Ayniy mahallasida “mahalla yettiligi” faoliyati atroflicha o‘rganildi. 7 mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan mazkur hududda jinoyatchilikni jilovlash, huquqbuzarliklarni erta aniqlash va profilaktika ishlarini kuchaytirish maqsadida Prezidentimiz topshirig‘i asosida poytaxtda sinovdan o‘tgan “Chilonzor tajribasi”ni keng joriy etish bo‘yicha tavsiyalar berildi. Xususan, mahallaning “Yo‘l xaritasi”ni qayta ishlab chiqish, ishsiz aholi bandligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni hal etish hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha fikrlashildi.

Zarif Komilov, O‘zA