Sirdaryo viloyatida jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikning oldini olish, tinchlik-osoyishtalikni yanada mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda Prezidentimizning 2025 yil 3 yanvardagi qarori va unga asosan tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud kamchiliklar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbirda ta’kidlanishicha, hozirgacha viloyatda 264 ta “Namunaviy xavfsiz ko‘cha” loyihasi amalga oshirilgan. Shuningdek, aholi gavjum hududlarda rejalashtirilgan 1000 ta videokuzatuv kamerasining 94 foizi – ya’ni 940 tasi o‘rnatilgan. Texnik qo‘riqlash bo‘yicha 1300 ta ob’ektdan 1256 tasida xavfsizlik tizimi joriy etilgan. Infratuzilmani mustahkamlash borasida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Jumladan, 500 ta zamonaviy domofondan 484 tasi o‘rnatilgan, 200 ta mahallada joriy qilinishi belgilangan yuz va avtoraqamni tanish tizimlaridan 195 tasi ishga tushirilgan. Maktablar, ko‘p qavatli uylar, sport maydonlari va jamoat joylari zamonaviy videokuzatuv vositalari bilan ta’minlanmoqda.

Yig‘ilishda mavjud kamchiliklar ham qayd etildi. Jumladan, ayrim tashkilotlar amalga oshirilgan ishlar haqidagi ma’lumotlarni yagona Platformaga kiritmayotgani sababli ishning shaffofligi va hisobdorligida nuqsonlar kuzatilmoqda. Xususan, Sayxunobod tumanida maktablardagi ochiq sport maydonlariga o‘rnatilishi kerak bo‘lgan 3 ta videokuzatuv kamerasidan hali birortasi o‘rnatilmagan. Xovos tumanida esa ko‘p qavatli uylarga joriy etilishi lozim bo‘lgan 50 ta domofondan faqat 34 tasi o‘rnatilgan.

Yig‘ilish yakunida aniq muddat va mas’ullar kesimida topshiriqlar berildi. Viloyat rahbariyati tomonidan nazorat kuchaytirilishi, har bir mas’ul shaxsdan shaxsiy javobgarlik qat’iy talab etilishi ta’kidlandi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari