Prezidentimiz raisligida joriy yil 31 yanvar kuni o‘tkazilgan jamoat transportini isloh qilishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash borasida keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirishga e’tibor qaratgan edi.
Shu masalalar yuzasidan Toshkent viloyati transport boshqarmasi boshlig‘i Sadriddin Shoqosimov OAV va blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazdi. Unda viloyatda jamoat transportini isloh qilish va tartibga solish borasida 2026 yilga qadar mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” taqdimoti ham bo‘ldi.
Oxirgi yillarda boshqa hududlarda bo‘lgani kabi viloyat yo‘llarida ham inson hayoti va salomatligiga jiddiy xavf solayotgan hodisalar soni sezilarli ko‘paydi. Bunga yo‘llarda harakat qoidalariga rioya qilmaslik, yo‘l belgilarining yetishmasligi, yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport vositalarining yo‘lovchi tashishdagi tartibsiz harakati shu bilan birga piyodalarning e’tiborsizligi sabab bo‘lmoqda. Viloyat transport boshqarmasi mas’ullari ishtirokidagi tadbirda aynan shu savollarga atroflicha javob berildi. Hozirgi kunda bir kunda o‘rtacha 140 ming nafar fuqarolar jamoat transportidan foydalanmoqda. Bu bir oyda o‘rtacha 4 million 200 ming nafar yo‘lovchi degani. 13 ming 375 transport (avtobus, mikroavtobus, “Damas”, yengil avtomashina)lar 483 yo‘nalishda viloyat aholisiga xizmat ko‘rsatmoqda.
Jamoat transporti tizimini kompleks rivojlantirish orqali aholining transportdan foydalanish darajasini 2026 yilga qadar 55 foizga yetkazish, ya’ni, 2023-2026 yillarda jami 1340 avtobuslar foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan. Kelgusida Nurafshon, Chirchiq, Olmaliq va Angren shaharlarida transport tizimidagi yo‘nalishni maqbullashtirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, transportlar qatnovidagi oraliq jadvallarni qayta ko‘rib chiqish, viloyat hududida ekspress yo‘nalishni ochish, viloyat shahar va tuman markazidan Toshkent shahriga yo‘nalishlar ochish choralari ko‘riladi. Shu bilan birga “Avtoshohbekat” lar davlat xususiy sherikchilik asosida faoliyatini takomillashtirish choralari ham ko‘riladi.
Shu kunlarda viloyat IIB YHXB bilan birgalikda Angren, Chirchiq, Olmaliq, Nurafshon shahari markazida avtobus yo‘lagini joriy etish, uch tasmali yo‘laklar barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda. Keyinchalik jamoat transportining yangi yo‘nalishi shakllantiriladi. Bunda Nurafshon, Chirchiq, Olmaliq, Ohangaron, Angren, Bekobod va Yangiyo‘l shahari bo‘yicha avtobus qatnovi uchun yangi yo‘nalishlar hamda Toshkent shahri bilan bog‘lovchi ekspress avtobus yo‘nalishlar tarmog‘i ishlab chiqiladi. Tadbir ishtirokchilari transport harakatini yaxshilash, aholiga xavfsiz, qulay va sifatli xizmat ko‘rsatish maqsadida Olmaliq shahrida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lami bilan tanishdi.
A.Musayev, O‘zA.