Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamoat transporti: 2023 yilda respublika bo‘yicha 1 ming 203 ta avtobus xarid qilingan
12:36 / 2024-05-24

Mamlakatimizda aholiga jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflar, jumladan imtiyozli va bepul, cheklangan va cheklanmagan hamda rag‘batlantiruvchi tariflar belgilangani hamda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilgani aholiga qulayliklar yaratmoqda, jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Kuni kecha Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “Hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimi yo‘lga qo‘yilish holati va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida qayd etilganidek, tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida shahar jamoat transportiga mo‘ljallangan avtobuslar sotib olishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi. Sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida jamoat transporti yetib bormagan 1 ming 81 ta aholi punkti muntazam transport qatnovi bilan qamrab olindi. 2023 yilda respublika bo‘yicha 1 ming 203 ta avtobus, 782 ta mikroavtobus xarid qilingan.    

Jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash bilan birga, avtomobil yo‘llari sifatini oshirish ham muhim masalalardan biridir. Tadbirda bu boradagi ishlarga ham e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, 2024 yilda hududlarda 6 ming 840 km umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi choragida 3 676,3 km qismi to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ta’mirlash bo‘yicha 40 dan ortiq standart va me’yoriy hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqiladi.    

Xalq vakillari joylardagi o‘rganishlardan kelib chiqqan holda  aholining yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, qatnov muntazamligi, xavfsiz, sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, jamoat transporti harakati ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlarning yetarli emasligini tanqid qildi. Shundan kelib chiqib,  barcha hududda aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, yo‘nalishlar tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi.    

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA