Andijonda Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik bo‘yicha Jamoat komissiyasi faoliyati muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Har qanday davlat va jamiyat rivojida, mamlakatda demokratik, huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va roli muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda yurtimizda ham fuqarolik jamiyati institutlari, xususan, nodavlat, notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish va qo‘llab quvvatlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Yig‘ilishda viloyatda ana shu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar, yutuq va mavjud muammolar, shuningdek, davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi davomida aholi bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, muqobil energiya manbaalarini rivojlantirish yuzasidan bergan topshiriqlari ijrosini ta’minlashga qaratilgan ishlar ko‘lamini kengaytirish xususida atroflicha so‘z yuritildi.
– Ayni kunda viloyatimizda 550 dan ziyod nodavlat notijorat tashkilotilari va fuqarolik jamiyatining boshqa instutlari faoliyat yuritmoqda, - deydi xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi jamoat fondi rahbari Zarduna Ismoilova. - Yig‘ilishni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, ularning 2022 yildagi faoliyatlarini sarhisob qilish hamda 2023 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lganmuhim vazifalarni belgilab olishdir.
Yig‘ilishda xalq deputatlari viloyat kengashi huzuridagi jamoat fondi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan bevosita ish olib boruvchi bo‘g‘in sifatida NNT faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, talab va takliflarini atroflicha o‘rganish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha keng jamoatchilik bilan muloqotlar o‘tkazish, aniqlangan muammolar, takliflar, fikr va mulohazalar yuzasidan sektorlar kesimida monitoring va tahlil ishlarini olib borish, ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilash lozimligi alohida qayd etildi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondi tomonidan 2022 yilda davlat granti ajratish bo‘yicha 3 marta tanlov o‘tkazildi. Tanlovlarga viloyatdagi jamoat tashkilotlaridan 50 ta loyihani amalga oshirish bo‘yicha arizalar taqdim etildi. Jamoat komissiyasining tegishli qarorlari bilan kelib tushgan loyihalardan 26 tasi g‘olib deb topilib, ularni amalga oshirish uchun 760 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratildi.
Bundan tashqari, o‘tgan yili mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan viloyatdagi 4 ta nogironlik jamiyati hamda rus, koreys, uyg‘ur, qirg‘iz va arman milliy-madaniy markazlari viloyat bo‘limlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun jami 684,7 million so‘m miqdorida subsidiya ajratildi. Shuningdek yig‘ilishda 2022 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi tomonidan davlat granti ajratish bo‘yicha e’lon qilingan tanlovlari natijalariga ko‘ra, viloyatdagi jamoat tashkilotlarining ijtimoiy ahamiyatli ega 11 ta loyihasi 865 million so‘m miqdorida moliyalashtirilganligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda viloyatdagi milliy-madaniy markazlar viloyat bo‘limlari rahbarlarining 2022 yilda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari tinglandi.
Yig‘ilishda ishtirokchilar tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish yuzasidan taklif, fikr va mulorhazalar bildirildi. Joriy yilada mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan muhim vazifalar belgilab olindi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (foto),
O‘zA
--0--
Ushbu materialga oid suratlar yuborildi.