Kunlar isishi bilan ko‘chada, jamoat joylarida tibbiy niqob taqmay yurgan odamlar ko‘paydi. Aytingchi, bu talab bekor qilindimi?
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kelib tushgan ushbu savolga Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva javob berdi:
– Karantin cheklovlari bo‘yicha tegishli normalarni o‘rnatish va bekor qilish Respublika maxsus komissiyasining vakolatiga tegishli.
Hozirda fuqarolarning tibbiyot niqobisiz harakatlanishiga Respublika maxsus komissiyasi tomonidan ruxsat berilganicha yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 54-moddasida epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralari belgilangan.
Ushbu moddaga ko‘ra, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda jamoat joylarida niqobsiz bo‘lish bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravarigacha (1 million 225 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shu sababli fuqarolardan jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurishlarini maslahat bergan bo‘lar edik.
O‘zA