Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jamiyatning saodati yoshlar tarbiyasiga bog‘liqdir
12:49 / 2023-09-27

1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni

Bugun maktablarimizda tahsil olayotgan yoshlarga barcha havas qiladi. Zamonaviy va yorug‘ xonalar, kompyuterlar, o‘qitishdagi innovatsion texnologiyalarning barchasi farzandlarimiz ixtiyorida. Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan, ta’lim-tarbiya tizimidan boshlanadi”, degan g‘oya asosida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar samarasida ta’lim maskanlarida muhit va sharoit o‘zgardi. Ta’lim tizimini isloh etish jarayonida o‘qituvchi kasbi nufuzini oshirish, jamiyatdagi maqomini ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, o‘qituvchiga e’tibor – bu avvalo farzandlarimizga, ularning ta’lim-tarbiyasiga e’tibor, degani. O‘qituvchining obro‘si oshsa, maktabning obro‘si oshadi, ilmning, ta’lim-tarbiyaning qadri ko‘tariladi.

Farg‘ona viloyatida ham bugungi kunda bu yo‘nalishda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Ayni kunlarda 963 ta umumta’lim maktabida 53 mingdan ortiq o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda. Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida 17 ta umumta’lim maktabida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilib, buning uchun 157,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Shu bilan birgalikda, viloyat hokimligi tomonidan maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga muhim e’tibor qaratilmoqda. 

Albatta, bu ishlar yaxshi. Xo‘sh, bugungi kunda maktablardagi ta’lim-tarbiya ishlari qanday? Nega voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyat va huquqbuzarliklar soni kamaymayapti? 

Ma’lumotlarga qaraganda, viloyatda o‘tgan 8 oyda 467 ta jinoyat voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan. Bu raqamning o‘zi barchani jiddiy tashvishga solishi kerak. 

Joriy yilning 28 avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida yoshlar tarbiyasi masalasiga alohida e’tibor qaratilgani bejiz emas. Chunki tarbiya masalasi faqatgina o‘qituvchilarning vazifasi emas, unga keng jamoatchilik e’tibor qaratishi kerak. 

Maktabdek muqaddas dargohda ishlash, yosh avlodga bilim berish, ularni tarbiyalash – oddiy ish emas. Bu – millatga daxldor masala. Shuning uchun ham Prezidentimiz o‘qituvchining nufuzini ko‘tarishga katta ahamiyat bermoqda. Shunday bo‘lsa-da, ta’lim-tarbiyada kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar juda ko‘p.

Darhaqiqat, tarbiya insonning insonligini ta’minlaydigan buyuk ne’mat, xalqparvar o‘lmas qadriyatdir. Tarbiya bo‘lmas ekan, oila ham, jamiyat ham tanazzulga yuz tutadi. Aytish mumkinki, mamlakatning ertasi, xalq farovonligi bugungi yoshlarning tarbiyalanganlik darajasi bilan o‘lchanadi. Fan-texnika rivojlangan, axborot almashinuvi tezlashgan hozirgi zamonda bolalar tarbiyasi kun tartibidagi asosiy masalaga aylanishi bejiz emas.

– Kimlardir “Maktab ta’lim beradi, tarbiya oilada beriladi”, degan kelishib bo‘lmaydigan fikrni aytadi, – deydi Oltiariq tuman ixtisoslashtirilgan maktab direktori, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Hamidjon Rahimov. – Lekin maktabda ta’lim va tarbiyani bir-biridan ajratish mumkin emas. Kelajak robot sifat odamlarniki emas, har tomonlama yetuk tarbiya ko‘rgan, chuqur bilimga ega, diyonatli, iymon-e’tiqodli va, albatta, vatanparvar yoshlarnikidir.

Tasavvur qiling: bola suv, uni qanday idishga quysangiz, o‘sha shaklga kiradi. O‘qituvchi bolani chiroyli shaklga keltiruvchi idishdir. Tarbiya sohasida oila tarbiyasi ham muhim o‘rin tutadi. Chunki “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”. O‘qituvchi zimmasiga tushadigan qiyin vazifa o‘sha “uyalar”da kamol topayotgan polaponlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, chin insonlarni tayyorlashdir. Buning uchun esa ustozning o‘zi tarbiyalangan bo‘lishi lozim. O‘qituvchi bilim jihatidan juda kuchli bo‘lsa-yu, tarbiyalanganlik darajasi haminqadar bo‘lsa, bolalarni yaxshi o‘qitishi mumkin, biroq jamiyatga uqmagan shaxsni yetishtirib beradi. Bu esa ertaning tanazzulidir.

Oila tarbiya o‘chog‘i sifatida qadrlidir. Ayniqsa, o‘zbek xalqi bolajonligi bilan oilada farzandga alohida e’tibor ko‘rsatadi. Barchamiz ham farzandimizni yaxshi ko‘ramiz, unga barcha sharoitlarni yaratib beramiz. Afsuski, ba’zi ota-onalar oiladagi to‘kinlik, ta’minot a’lo darajada ekanligidan xotirjam yuradi. Bolamning usti but, qorni to‘q, deya bolaning ma’naviy tarbiyasiga befarq bo‘ladi. Dars tayyorlashini, maktabda o‘zini tutishini umuman nazorat qilmaydi. Bular esa farzandlarning tarbiyasidagi jiddiy xatolikdir. 

– Xalqimizda “Olim bo‘lish oson, odam bo‘lish qiyin” degan maqol bor. Bu ilm bilan odob-axloqni, ma’naviy tarbiyani birdek o‘zlashtirish zarurligi haqida aytilgan. Bunga to‘laqonli erishishda esa maktab va oila hamkorligi, o‘qituvchilar bilan ota-onalarning yaqin munosabati hal qiluvchi rol o‘ynaydi, – deydi Rishton tumanidagi 51-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Minoraxon Matisayeva. – O‘z tajribamdan bilamanki, farzandining o‘zlashtirishi, dars tayyorlashi, odob-axloqi bilan qiziqadigan ota-onalar bilan bir qatorda, o‘g‘il yoki qizining nechanchi sinfda o‘qishini bilmaydiganlari ham bor. Albatta, bu ikki turdagi oilalarning farzandlari o‘qishida ham, tarbiyasida ham yer bilan osmoncha farq bo‘ladi. 

Modomiki yoshlarimizning intellektual salohiyati, dunyoqarashi, ma’naviy olami boyligi yurt kelajagini belgilab berar ekan, mahalla ham yoshlar tarbiyasi uchun mas’uldir. Keyingi paytlarda maktab va mahalla o‘rtasidagi oltin halqa uzilgandek go‘yo. Xalqimizda “Bir bolaga yetti mahalla ota-ona” degan naql bejiz aytilmagan. Afsuski, keyingi paytlarda quyi bo‘g‘inda farzandlarimiz tarbiyasiga mas’ullikda oqsoqlikka yo‘l qo‘yilmoqda.

– Mahalla “beshligi”ning ko‘p ishlari maktab bilan bog‘liq aslida. Lekin bu bog‘liqlik faqat tadbirlarda, yig‘ilish-majlislardagina yuz ko‘rsatmasligi kerak. Mahalladagi oqsoqollar, nuroniylar, ibratli oilalar tajribasini ommalashtirish, to‘y-ma’rakalarda jamoatchilik e’tiborini yoshlar ta’lim-tarbiyasiga yo‘naltirish zaruratga aylanib boryapti. O‘zim ham haftada uch-to‘rt marta maktabga kirib, yoshlar ta’lim-tarbiyasi bilan qiziqaman. Mahallamizdagi har bir bolaning taqdiri uchun befarq emasmiz, – deydi So‘x tumanidagi “Sarikanda” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Bahodir Safoyev. 

O‘qituvchi yosh qalbning me’mori. Shu bois ham ta’limdagi zalvorli yukni uning zimmasiga tashlab qo‘ymaslik kerak. So‘zni muxtasar qilib, Singapur tarixidagi ilk bosh vazir Li Kuan Yuning bu boradagi fikrini keltirishni joiz topdik: “Muallimni eng quyi tabaqadan eng yuqori martabaga ko‘tardim. Men Singapurda mo‘’jiza yaratmadim. Davlatdagi “mo‘’jiza”larni qilgan insonlar – muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtar avlodni yetishtirib chiqardilar. Buning uchun ulardan minnatdormiz”.

Ma’rifatparvar alloma Abdulla Avloniy ham “Har bir muallimning saodati, davlatlarning tinchi va rohati yoshlarning yaxshi tarbiyasiga bog‘liqdir”, deya bejiz aytmagan. Shuning uchun ham barchamiz farzandlarimiz tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratishimiz zarurdir.

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA muxbiri.